Главная » 2017 » Январь » 10 » Otasiz o‘tgan dabdabali to‘y
13:00

Otasiz o‘tgan dabdabali to‘y


Xurshida yangi, hali bo‘yoq hidi ham ketmagan uyining ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turgan pardalarni tomosha qilib, jilmayib qo‘ydi. Keyin o‘ng oyog‘ida turgan og‘riqdan og‘rinib, yumshoqqina mebelga o‘tirdi. Oyog‘ini silarkan, xayol qildi. «Shuncha yil bekorga ishlamabman. Savil oyog‘im pand bermagan-da, o‘g‘lim mashinali ham bo‘lib qolardi», deb o‘yladi. Shu jiringlagan telefon ekranidagi yetti bilan boshlanuvchi uzundan-uzun raqamni ko‘rib, eri qo‘ng‘iroq qilayotganini tushundi-da, tez javob berdi.

— Assalomu alaykum! Dadasi, yaxshimisiz?

— Yaxshiman, — shoshib uydagi hol-ahvolni so‘ragan Akrom asosiy gapga ko‘chdi. — O‘g‘lingga qiz topildimi?

— Ha! Kecha opangiz bilan sovchilikka borib keldik. Ko‘nishdi, — dedi Xurshida. Erining aytajak savollarini chamalab, o‘zi javob berishga tushdi. Axir shuncha joydan qo‘ng‘iroq qilishning daqiqasi falon pul turadi. — Tanisangiz kerak Maqsud akani. Huv, shifoxonaning ko‘chasida uyi. O‘zi shifoxonada hisobchi bo‘lib ishlaydi. Xotini hamshira. Qizi ham onasining izidan borgan ekan. O‘tgan yili o‘qishni tugatibdi.

— Eslolmadim. Mayli, qachonga belgiladinglar to‘yni? — shoshib so‘radi Akrom.

— Bilmadim. Qiz uzatishga tayyorgarligimiz yo‘q, deb o‘tirishibdi. Men tez o‘tkazib olishimiz kerak, deya tayinladim. Shu oyning oxiriga to‘yxonani ham gaplashib qo‘ydim, — deya Xurshida hisobot berishda davom etayotgandi, eri gapini shartta bo‘ldi.

— Bugun o‘g‘lingning nomiga besh yuz jo‘natdim. Olinglar.

— Xo‘p, dadasi, xo‘p, — dedi pulning daragini eshitgan Xurshida uni nimaga ishlatishini xayol qilib.

— Bo‘pti, yaxshi o‘tiringlar, hammaga salom ayt, — deya turmush o‘rtog‘i ham go‘shakni qo‘ydi.

Xurshida oyog‘ida og‘riq biroz bosilgandek bo‘lgach, oshxonaga chiqdi. Qizi kuymalanib nimadirlar pishirayapti. Xurshida doim Sevaraga qarab hayron qoladi, qo‘li biram shirin, biram pazandaki. Mana, hozir ham rogalik shaklida tugilgan somsalar pishirayapti. Bittasini qo‘liga olib yeb ko‘rdi-da, mazasidan oh-oh deb yubordi.

— Muncha mazali bo‘lmasa!

Qizi rahmat deb qo‘ya qoldi. Xurshidaning xayoliga yillab chet elda yurganiyu Sevara pishir-kuydirni qo‘shni kelinchakdan o‘rgangani kelmadi. O‘g‘lini uylantirgach, qizini ham uzatishni o‘yladi faqat.

— Dadang salom aytdi, — dedi oshxonaning chiroyini ochgan mebellarga ko‘z yugurtirib.

— Salomat bo‘lsinlar, — deya ko‘zlari porlab ketdi Sevaraning.

— To‘y qachon deb so‘rab yotipti dadang ham.

— Kelishga chipta olib qo‘yishi kerak-da, dadam, —  dedi qizi tugilgan somsalar yuziga tuxum sarig‘ini surtarkan.

— Dadang to‘yga kelmaydi, — Xurshidaning tiliga bu so‘z shunchalar oson ko‘chdiki, xuddi otaning o‘z o‘g‘lining to‘yiga kelish-kelmasligi hech qanday ahamiyat kasb etmaydigandek. Sevaraning ko‘zlarida quvonch hayratga aylandi:

— Nega? Akam uylanayapti-ku!

— Dadang uylanayotgani yo‘q-ku, — deb onasi qo‘poldan-qo‘pol hazil qilib, kulib yubordi. Soniyalar ichida qizining ko‘zlaridan yosh dumalayotganini ko‘rib, uni yupatish niyatidami yoki o‘zini oqlash maqsadami, gapida davom etdi. — Dadang ishidan bir kun ham javob so‘ray olmaydi. Mehnat ta’tili berilmasa bunaqa ishlarda. To‘yga kelib-ketishga bir hafta vaqt ketadi. Yetti kun ishga chiqmadi degani, yog‘lik joydan quruq qoldi degani. Buning ustiga, o‘sha kelib-ketadigan yo‘lkira puliyu bir haftalik ish haqiga dong‘i ketgan artistni to‘yga chaqirishimizni otangning o‘zi aytdi, — deb sapchib o‘rnidan turdi. Sevara onasining voy-voylab shoshib uyga kirib ketayotganiga ahamiyat ham bermadi, qo‘lida somsalar tugilgan patnisni ko‘tarib, gaz pechining ochiq eshigiga tikilib qoldi.

Sevara esini tanigandan buyon qaysi quvonchli kunda, bayramda, tug‘ilgan kunida butun oila jamuljam bo‘lganini eslay olmadi. Avvaliga onasi xorijda ishladi. Yilda bir marta kelardi, xolos. Mana, ikki yildirki, oyog‘idagi og‘riq sabab uyda o‘tiribdi. Hali ko‘chib kelishganini ikki yil bo‘lmagan uy ham onasining uydan uzoqda o‘tgan kunlarining hosilasi. Endi dadasi xorijda ishlashni boshladi. To‘y bahona dadamga uyga keladi deb yurgan Sevara hali ham akasining to‘yi otasisiz o‘tishini tasavvur ham qilolmayotgandi.

«Nahotki, dadam yakkayu yolg‘iz o‘g‘lining baxt to‘yiga kelmasa? Axir to‘y-tomoshalarni yaxshi ko‘rardi-ku juda. Shuncha ter to‘kib, to‘yga-to‘yga deb pul ishlab topib jo‘natayapti. Uyning ta’miridan ko‘ngli to‘lmagan onasi yana qaytadan «remont» qildirdi. Shunga ketgan pulga kelib ketsa ham bo‘lardi-ku! Akasiga otasi oq fotihani kim beradi?» Shu xayollar ichida o‘tirgan Sevaraning hushini onasining shang‘illagan ovozi uchirdi.

— Bo‘lmaydi u artist! Ovsinimning o‘g‘li uylanganida ham o‘sha kelgan. Mening to‘yim unikidan zo‘r bo‘lishi shart. Puli qimmat bo‘lsa, biz aytganni gaplash. Vaqti yo‘q, deysanmi, unda qo‘shaman ustiga deb ko‘r-chi, — derdi Xurshida qo‘l telefonini qulog‘iga tutib asabiylashgan holda.

Ovsinining o‘g‘linining to‘yini videoda qosh chimirib ko‘rgan Xurshida «Asrorning to‘yini bundan ham dabdabali qilaman!» deya yana xorijga ketish jadaliga mingandi. Oyoqdagi dard oyog‘iga bolta bo‘lmaganda ketardi ham. Hech ilojini topolmagach, o‘g‘lining o‘qishi borligi sabab tuppa-tuzuk ishda ishlaydigan erini jo‘natib yubordi. Mana endi, orzusi ushalayapti.

Sevara avvaliga kichkina ammasiga yig‘ladi. «Dadamga ayting, to‘yga kelsin», deb. Ammasi kelinoyisiga shu mavzuda gap ochib, baloga qoldi. Shu bilan to‘ygacha arazlab ketdi.

Akasiga «marosimlarlarni kamxarjroq o‘tkazib, dadamni to‘yga olib kelaylik», deganni ham foyda bermadi, Asrorning poytaxtdan kursdoshlari kelarmish, uyatga qolmasligi uchun kuyov navkarda eng so‘nggi rusmdagi bir xil mashinalar bo‘lishi shart ekan.

To‘ydan bir kun oldin dadasi uyga qo‘ng‘iroq qilganida go‘shakni ko‘targan Sevara «Salom», deyishi bilan yig‘lab yubordi. Dadasi ham nima deyishni bilmay lol qoldi. Oxiri «Qizim, sening to‘yingga, albatta, boraman!», deb go‘shakni qo‘ydi.

Mana, to‘y ham boshlandi. Xurshida orzu qilgandek dabdabali. Ayniqsa, kelin-kuyov o‘tiradigan shohsupaning bezagi hammaning hushini o‘g‘irladi. Dasturxondagi ne’matlardan mehmonlar shoshib qolishdi. Sahnaga zamonamizning mashhur xonandasi taklif qilinganda esa qiyqiriylaru qarsaklardan to‘yxona larzaga keldi. Yaltiroq ko‘ylaklarni kiyib, kalta sochiga uzun soch ulatgan Xurshida tilla uzuk to‘la qo‘li ko‘ksiga qo‘yib, to‘yxonani mehmonlarning «Zo‘r to‘y bo‘layapti! Gap yo‘q», degan maqtovlaridan sarxush aylandi. Asror ham gerdayib kelinning yonida o‘tiribdi. Bitta Sevara bilan kichik ammasining ko‘zlari qizargan. Pana-panalarda yig‘lab yurishibdi. To‘yning oxirigacha davra raqsga tushayotgan mehmonlardan bo‘shamadi. Kelin va kuyovning ota-onalari davraga taklif qilinganida esa Xurshida opa to‘lib-toshib gapirdi. Keyin telefonni mikrofonga tutdi. Mikrofondan «O‘g‘lim baxtli bo‘l! Qo‘sha qaringlar», degan ovoz eshitildi. Akrom boshqa hech narsa deyolmadi. Bir daqiqalar telefonning shig‘ir-shig‘ir tovushi eshitilib turdi. Oxiri Xurshida qizil tugmani bosdi-da, otaning o‘rniga to‘yga kelgan san’atkorga navbat berdi...

Sevara yig‘lab to‘yxonadan chiqib,  yugurib ketdi. U bir paytlari yashagan uylarining oldidagi dadasi akasi ikkalasini o‘ynatib o‘tiradigan yong‘oq daraxtining yoniga tezroq borishni istardi...

To‘yxonada esa Akromning ikki oyda topadigan puliga kelgan xonanda pinagini ham buzmasdan «qo‘shiq kuylardi...»

Shoira VAFOYEVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: o‘tgan, Otasiz, dabdabali to‘y | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя