Главная » 2017 » Август » 19 » Oyoq tomirining tortishishi: Hammasiga dorilar aybdor?!
12:38

Oyoq tomirining tortishishi: Hammasiga dorilar aybdor?!


Kutilmaganda, keskin, og‘riqli, yoqimsiz va xavfli! Oyoq tomirining tortishishini aynan shunday izohlash mumkin. Bezovtalik kunduzi va ko‘p hollarda tunda yuz berib, ichki kasalliklar hamda tashqi omillar sabab kelib chiquvchi psixologik o‘zgarishlar asorati hisoblanadi. Tomir tortishishi, hatto, kichik yoshdagi bolalar orasida uchrashi ham mumkin. Garchi kam foizni tashkil etsa-da, muammoni inkor etolmaymiz. Biroq bugun bolalardagi tomir tortishishi haqida so‘zlamoqchi emasmiz, diqqat markazimizda kattalardagi ko‘rinishi!

Mutaxassis — Nodira HAMROYEVA, oliy toifali shifokor-terapevt.

Darmondorilar yetishmayotganidan darak emasmi?

Yaqindagina tibbiy tekshiruvlardan o‘tgan bo‘lishingizga qaramay, tomir torshishi sizga ham xavf solishi mumkin. Muammoning bu tariqa yuzaga kelishi mushaklar zo‘riqishi sababdir. Shuningdek, organizmda mineral moddalar, kaliy, kalsiy, magniy, Ye, D, A va V guruhi vitaminlari tanqisligi mavjudligi bois ham oyoq tomirlarida spazm paydo bo‘ladi.

Tomir tortishishi bir yoki bir qancha mushaklar zo‘riqishi bilan kechadi. Shunisi qiziqki, bezovtalik nafaqat oyoqning boldir sohasida, balki qorin va qo‘l mushaklarida ham uchrashi mumkin. Mutaxassislar, tomir tortishishini asab zo‘riqishi, kamharakatlilik, muntazam o‘tirib ishlash, uzoq muddat tik oyoqda turish yoki suvda suzish, organizmning suvsizlanishi va turli xil kasalliklar bilan bog‘lashadi.

Infeksiyalarning ham ta’siri bor!

Tomir tortishishining ikki xil ko‘rinishi farqlanadi. Birinchisi, keskin va qisqa fursat davom etib, tibbiyotda klonik tomir tortishishi deyiladi. Ikkinchisi esa buning aksi, bezovtalik dabdurustdan boshlansa-da, spazm bir necha daqiqalarga cho‘zilishi mumkin. Shifokorlar bu holatni tomir tortishishining tonik turi, deya tasniflaydilar.

Har ikkala holatning kelib chiqishi, infeksion kasalliklar, mahsulotlar (dori vositalari)dan zaharlanish, bosh miya jarohatlari, nevroz, moddalar almashinuvining buzilishi, yurak va qon xastaliklariga bog‘liq. Agar bezovtalik tez-tez qaytalansa va oyoq mushaklariga asorat bersa, albatta, shifokorga murojaat eting.

Issiq mavsumda ter ajralishining ortishi tufayli organizm suvsizlanadi. Quvvatsizlik umumiy charchoqni paydo qilsa, tana og‘irligi oyoq mushaklariga yuk bo‘lishi mumkin. Anglaganingizdek, bu tomirlarda spazmni keltirib chiqaradi. Gipertoniya muolajasida qo‘llaniladigan peshob ajralishini faollashtiruvchi preparatlar esa muhim mikroelementlarning organizmdan chiqib ketishiga olib keladi. Natijada tomir qisqarishi va nerv impulsi maromi buziladi. «Tomir tortishadimi keyin» dersiz? Ha, xuddi shunday bo‘ladi.

Isitmangiz yo‘qmi?

Ahamiyat bergan bo‘lsangiz, tana harorati ko‘tarilganida oyoq-qo‘llarda yengil titroq yuzaga keladi. Termometr ko‘rsatkichlari +39...+40S darajaga yetganida esa oyoq va qo‘l tomirlarida tortishish kelib chiqishi mumkin. Bunga kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblarning «qo‘li baland» kelgani sabab hisoblanadi. Negaki, isitma tushiruvchi preparat qabul qilingach, mushaklar asta bo‘shashadi.

Asabiylashmang, zarari bor-a...

Biror voqea-hodisadan qattiq ta’sirlandingiz, mayliga u hayratlanish, quvonish yoxud vahima bo‘lsin, qonda adrenalin miqdorining ortishi nafas olish maromining tezlashishiga olib keladi. Organizmga kislorod kelib tushishi o‘zgargach, karbonat angidrid darajasi ham pasayadi va oyoq tomirida spazm kelib chiqadi.

Maymoqlik ham sabab

Oyoq kafti deformatsiyasi boldir va tovon suyagini birlashtirib turuvchi bo‘g‘inda qiyshiqlikni paydo qiladi. Shunga mos tarzda poyabzal shakli ham o‘zgaradi. Kun davomida ana shu holatda bo‘lish boldir mushaklariga zo‘riqish berishi mumkin. Tibbiyotda mazkur hodisa maymoqlik asoratida kelib chiquvchi tomir tortishishi deb yuritilsa-da, muammoning chorasi bor! Har zamon oyoqqa dam berib, ortopedik poyabzaldan foydalanish zarur. Qon tomirlar mustahkamligi uchun mo‘ljallangan gimnastika ham foydadan holi emas.

Bavosildan ehtiyot bo‘ling!

Agar sizni qabziyat, yo‘g‘on ichakda tashqi va ichki yoriqlar, bavosil tugunlari bezovta qilsa, darhol chorasini ko‘ring. Nega deganda aynan ichaklar bilan bog‘liq muammolar oyoq tomirlariga asorat beradi. Ich qotishi kelib chiqqanida yo‘g‘on ichakni bo‘shatish uchun kuchanasiz. Qorinning pastki sohasiga bosim berilsa-da, uning ma’lum qismi oyoq qon tomirlarini shikastlaydi. Tomir tortishishi, qabziyat, tana qismlarida ko‘karish alomatlari bilan kuzatilsa, taomnomada qovoq urug‘i, yong‘oqlar, soya, yasmiq doni, pomidor, bulg‘or qalampiri, limon, qorag‘at, mol jigari, ko‘katlar, karam, barra meva–sabzavotlar bo‘lishiga ahamiyat bering.

Barcha mushaklar baravariga zo‘riqsa...

Nihoyatda xavfli holat! Bunda tanadagi barcha mushaklar bir vaqtning o‘zida tortishib, hushidan ketish holatini keltirib chiqaradi. O‘z vaqtida birinchi yordam ko‘rsatilmasa, oqibati fojeali yakun topishi ham hech gap emas.

Tuningiz osuda o‘tishi uchun...

Uyqu mahal oyoq tomirining tortishishi jiddiy bezovtalikni keltirib chiqarishi rost. Hatto bir marotaba ushbu holat bilan ro‘baro‘ kelgan bo‘lsangiz-da, uxlashga yotishdan oldin quyidagi maslahatlarni yodga oling:

boldir mushaklarini bo‘shashtirish uchun oyoqlaringizni kichik kursi ustiga qo‘yib, 10–15 daqiqa tin oling;

tik turgan holatda oyoqlaringizni birlashtiring. Qo‘llar belda. Avval har ikkala oyoq uchi va tovon qismini yuqoriga ko‘tarib-tushiring. So‘ng mashq har bir oyoqda alohida tartibda bajariladi.

Oyoqqa qizdiruvchi ta’sirga ega surtma surtib, uqalang;

tomir ustiga asta igna sanchib qo‘ying;

To‘g‘ri taomlaning. Meva-sabzavotlar, dengiz mahsulotlari, sariyog‘ni kanda qilmang;

zararli odatlardan voz keching. Tamaki chekish qon tomirlarni qaritadi!

jismoniy mashqlarni kanda qilmang. Har kuni ertalab yengil badantarbiya bilan shug‘ullanish qon aylanishini yaxshilaydi, bilasiz-a?

uzoq davom etgan ish kunidan so‘ng oyoqlaringizni dengiz tuzi qo‘shilgan vanna bilan siylang;

qulay poyabzaldan foydalaning;

varikoz bilan xastalangan bo‘lsangiz, maxsus paypoqlar yoki elastik bint yordamida oyoqlarga dam berishni unutmang.

Birinchi yordam!

Ba’zilar oyoq tomirida spazm yuzaga kelayotganini oldindan his eta bilishadi. Siz ham ular safida bo‘lsangiz, og‘riq qo‘zg‘alayotganini sezgan zahotingiz oyoq mushaklarini bo‘shashtiring. Shunda ham tomir torshishi kelib chiqsa, o‘tirgan holatda oyoq uchini o‘zingizga qaratib, 2–3 daqiqa ushlab turing. Bezovtalik o‘tib ketmadimi? O‘rningizdan turing-da, asta harakatlaning. Iloji bo‘lsa oyoqyalang, pol ustida yuring. Hali ham og‘riyaptimi? U holda keskin choralarga o‘tamiz!

Bezovtalik o‘tib ketgach, 5–8 daqiqa oyoqlarni yuqoriga ko‘tarib yoting. Bu oyoqda qon aylanishini yaxshilaydi va takroriy spazm kelib chiqish xavfining oldi olinadi.

Muolaja qilinadimi?

Avvaliga terapevt shifokor ko‘rigidan o‘ting. Shikoyatlaringizdan kelib chiqib, endokrinolog, kardiolog, nefrolog va nevrolog mutaxassislar ko‘rigi tavsiya etiladi. Bezovtalik sababi somatik patologiyalar bilan bog‘liq bo‘lsa, to‘g‘ri tanlangan davo choralari tez fursatda muammodan forig‘ etadi. Mabodo tomir tortishishi jiddiy xastaliklar belgisi sifatida aniqlansa, tashxisdan kelib chiqqan holda muolaja qilinadi. Har qanday holatda ham:

Samira ULUG‘BEKOVA tayyorladi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Salomatlik | | Теги: aybdor, tortishish, dorilar, Hammasiga, Oyoq tomiri | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя