Главная » 2016 » Ноябрь » 27 » Ozodbek Nazarbekov shogirdi Bahrom Nazarovga tanbeh berdi
20:29

Ozodbek Nazarbekov shogirdi Bahrom Nazarovga tanbeh berdi


Xonanda Bahrom Nazarov 26—27-noyabr kunlari Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida “Baxt uchun” nomli yakkaxon konsert dasturini taqdim etmoqda.

Konsertning birinchi kunida mehmon bo‘lgan jurnalist Feruz Muhammad Bahrom Nazarovning chiqishini zalning 15-qatoridan o‘tirib kuzatgan O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning dastur haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

Ma’lumot uchun, Ozodbek Nazarbekov xonanda Bahrom Nazarovning ustozi sanaladi.

— Bahrom Nazarovning avvalgi konsertida ham kuzatganman, bu yil ham aynan shunga guvoh bo‘ldim: shogirdingiz konsertini orqa qatorlarda o‘tirib kuzatasiz. Buning sababi nima?
— Shogirdlarning konsertlarini iloji boricha orqaroq qatorlarda o‘tirib kuzatishga harakat qilaman. Chunki shu yerdan xonandaning sahna bilan, tomoshabinlar bilan bog‘lanishini yaxshiroq tomosha qilish, jarayonga to‘g‘ri va aniq baho berish imkoni bor.

— Bahrom Nazarovning o‘tgan yilgi konserti muxlislar tomonidan yaxshi kutib olingan edi. O‘shanda ham konsert kunlari davomida shogirdingizga uning xato-kamchiliklarini aytib turgan edingiz. Xonandaning bu galgi konsertida qanday kamchiliklarni ilg‘adingiz?
— O‘ziga yarasha kamchiliklar bor. Eng katta kamchilik — jamoaning ham, Bahromning ham kayfiyati pastligi bo‘lsa kerak, menimcha. Bu Bahromning bor-yo‘g‘i ikkinchi konsert dasturi, shuning uchun unda hayajon hali ham kuchli bo‘lishi tabiiy. Xonanda sahnani o‘ziniki qilib olishi, unda erkin harakatlanishi uchun ko‘p yillik tajriba kerak. Qanchalik tanbeh berganimni o‘zingiz ham ko‘rdingiz, konsertning ikkinchi kunida ancha o‘zgarish bo‘lishiga aminman.

— Sizningcha, konsertda unga ortiqchalik qilgan, unga kerak bo‘lmagan birorta qo‘shiq, raqs, sahna ko‘rinishi bo‘ldimi?
— Konsert boshida boshlovchining sahnaga chiqib, “Konsert dasturimizni boshladik, hozir sahnaga Bahrom Nazarovni taklif qilamiz!”, degan gaplarni aytishiga hojat yo‘q edi. Chunki bu gala-konsert emas, odamlar kimning konsertiga kelganini yaxshi biladi. Parda ochilishi bilan xonanda sahnaga chiqib, muxlislar bilan salomlashib, qo‘shiq kuylashi kerak edi.

— Shogirdingiz Bahrom Nazarovning bu galgi konsertida yutuq tomonlari ham bormi?
— Repurtuar juda chiroyli! Ayniqsa, g‘azallar asosida kuylagan qo‘shiqlar, klassik adabiyotga murojaat qilgani juda yaxshi. Biri biridan go‘zal ijod namunalarini muxlislarga yetkazib bera olish — muhim ahamiyatga ega va zamonaviy xonandaning vazifalaridan biri. Konsertdagi yangi qo‘shiqlarni bir kuylashning o‘zidayoq muxlislarga yoqadigan darajada havola qilish juda qiyin. Sababi, qo‘shiq hali reklama qilinmagan, qo‘shiqqa nisbatan ko‘pchilikning fikri o‘rganilmagan bo‘ladi. Yangi qo‘shiqni muxlislar yaxshi qabul qilish uchun qo‘shiqqa bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish lozim, bu esa bevosita xonandaga bog‘liq bo‘lgan jarayondir. Yuki bor qo‘shiqlarni shunchaki kuylab, navbatdagi qo‘shiqqa o‘tib bo‘lmaydi.

— “Dizayn” jamoasining: “Jonli ijroda kuylay olasizmi?”, degan savoliga javoban Bahrom Nazarov sizning xit darajasiga chiqqan “Majnuntolning novdalari” qo‘shig‘ingizni kuylab berdi. Bu jonli ijroga munosabatingiz qanday? Har xolda, qo‘shiqning asl egasi sifatida ijrochining xato va kamchiliklarini boshqalarga nisbatan aniqroq ko‘rishingiz tabiiy.
— Bahrom ikki soatlik konsertni 100 foiz jonli ijroda bemalol o‘tkaza olishiga ko‘zim yetadi. U ko‘plab davralarda jonli ijroda kuylab yurgan, jonli ijroda suyagi qotgan shogirdlarimdan. Bugungi ijrosi ham yaxshi bo‘ldi. U bugun jonli ijroda kuylab yurgan Bahrom Nazarov uchun jonli ijroda kuylashning qo‘rqinchli tomoni yo‘qligini yana bir karra isbotladi. Shunchalik kuylay olar ekan, unda nega 100 foiz jonli konsent bermaydi, degan savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Savolning javobi — jonli ijroda konsert berishning boshqa texnik talablari bor, yosh xonandalarning o‘sha talablarga javob berishga kuchi yetmayapti. Bu ko‘proq moliyaga borib taqaladigan muammo — jonli ijroda bo‘ladigan ikki soatlik konsert uchun har bir sozanda kamida uch oy mehnat qilishi kerak. Dasturda 20 sozanda qatnashsa, ularni to‘plash, ovqatlantirish, maoshini to‘lash — barcha-barchasi xonandaning yelkasida bo‘ladi. Shunday jihatlari borligi sabab, bugun nafaqat Bahrom Nazarov, boshqa ko‘plab yosh, zabardast xonandalarimiz jonli ijroda konsert berishga jur’at qila olmayapti.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: ozodbek nazarbekov, Bahrom Nazarov, shogirdi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя