Главная » 2018 » Май » 7 » Panjara ortidagi tun
20:38

Panjara ortidagi tun


Jamila juda ham oyga yaqin turgandi. Deyarli yetay-etay deb qolgandi. Ammo… oymoma unga yuzini teskari burib oldi. Yuzining yarmi qorayib, sekin-asta tun bag‘riga singib ketdi.

«Ana, hattoki oy ham mendan yuzini olib qochyapti. Hech kimga kerak emasman. Undan ko‘ra… Yo‘q, yo‘q!..

«Men hattoki o‘lishga ham haqli emasman! Yashashim, yashashim kerak. Ammo qanday qilib?»

Bu savol ayolning yuragiga og‘riq berdi. Burab-burab, sekin-asta bor kuchini olib, keyin ozodsan, degandek qo‘yib yubordi. Deraza pardasini sekin surib, ovsini Hilolaning xonasi tomon mo‘ralab qo‘ydi.

— Ana, divanda qornini do‘ppaytirib yotibdi, xonim afandim, — dedi o‘ziga-o‘zi zaharxandalik bilan. — Qizg‘anadi-da, homilasi necha oylik bo‘lganini so‘rasam, «Bilmadim», deb javob berdi, ilohim, niyatingga yetmagur!

Jamila tuni bilan ovsinini parda ortidan kuzatib chiqadi. U necha marta chap yonboshiga, necha marta o‘ng yonboshiga ag‘darilib olishigacha biladi. Kechasi turib termizdagi choydan bir qultum ichib, so‘ng ortidan qurt shimib olishini, tongga yaqin oshxonada kuymalanib, non izlashini ham biladi. Ilgari ovsinining bu odatlariga havas bilan qarardi. Sekin-asta ayolning yuragini hasad kemira boshladi. Bunga qaynonasini sababchi biladi.

— Hilolaxon, o‘zingizni ehtiyot qiling, og‘ir narsa ko‘tarmang… Ertalab kechroq tursangiz ham mayli, yumushlarni Jamila opangiz bajarib qo‘yadi…

Qaynonasining bunday mehribonchiliklari Jamilaning alamini keltirdi. «Menga ham shunday hurmat-ehtirom ko‘rsatishganida, avaylashganida balki homilamdan ayrilmasmidim…»

Jamilani ancha erta turmushga uzatishdi. Yoshgina kelinni egib olish Zamira opaga ham qiyin bo‘lmadi. Jamila kelin bo‘lib tushgan yil mart oyining boshlarida Zamira opa qo‘ni-qo‘shnilarga sumalak qilib berdi.

— Jamila, anavi uyning orqasida katta g‘o‘lalar bor, o‘shalardan bir-ikkitasini olib kelib, qozon tagiga qo‘ying, qaynab turadi. Sumalak biqillab qaynamasa, rangi oppoq bo‘lib qoladi, — dedi qaynonasi.

Katta-katta g‘o‘lalarni o‘tinlar orasidan sug‘urib olgunicha Jamilaning ona suti og‘ziga keldi. Qozongacha sudrab boray desa, naqshinkor kafellarni xunuk qilib qo‘yishi mumkin. Qaynonasidan dakki eshitishni istamagan kelin g‘o‘lalarni bitta-bittalab ko‘tarib olib borib, o‘choqqa qaladi. Olov kuchayib, sumalak qaynay boshladi. Betondagi suvni chelaklarga quyib, uni ham tez-tez qozonga soldi. Kechga borib, beli atrofida og‘riq boshlandi. Xonasiga kirib yotay desa, qo‘shni ayollardan uyaladi. Ertaga gap-so‘z qilishdan ham toyishmaydi. Bir amallab tonggacha chidab bersa, mahallaning imtihonidan o‘tadi.

Tunda yana ayollar biri yosh bolasi borligini, biri erining jahli chiqishini bahona qilib, uy-uylariga kirib ketishdi. Qozon atrofida qaynona-kelin qoldi.

— Oyi, belim qattiq og‘riyapti. Ba’zida kuchayib, chidab bo‘lmay qolyapti, — dedi Jamila qaynonasiga uyingizga kirib dam olavering, dermikan, degan umid bilan boqib.

— Muzlatkichning ustidagi dori qutida og‘riq qoldiradigan dori bor. O‘shandan ichib oling, taqqa to‘xtaydi.

Shu-shu Jamila oriq qoldiradigan dorining hadisini olib, ozgina og‘riq bo‘lsa ham ikki-uchtalab ichib oladigan bo‘ldi. Sumalak pishib, hammaga tarqatildi, qo‘shni ayollar Jamilani duo qilishdi.

Bir haftadan so‘ng Jamilaning tobi qochib, to‘shakdan turolmay qoldi. Qornida bir narsa chirt uzilib, tashqariga chiqib ketolmayotgandek to‘lg‘ona boshladi. Xo‘jayini «Tez yordam» chaqirdi, kelinchakni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishdi. Bir yarim oylik homila bilan naychaning bittasini ham olib tashlashga to‘g‘ri keldi.

— Endi kelinim boshqa farzand ko‘ra olmaydimi? — Zamira ayaning shifokorga bergan savolini Jamila aniq eshitib turardi.

— Nega unday deysiz, bundan fojia yasamang. Bitta naychada ham bola bo‘ladi. Faqat sal kechroq, — deya javob berdi shifokor ayol. — Ha, aytgancha, keliningizga og‘ir yuk ko‘tarish mumkin emas.

Bu xonadonda Jamila hammaning ko‘ziga yomon ko‘rinib qoldi. Ayniqsa, qaynonasi va ikki qaynsingil kun bermay qo‘yishdi.

— Nabiram bo‘lganida hozir ko‘chalarda aylantirib yurgan bo‘larmidim…

— Hamma qo‘shnilarning jiyanlari bor. Bizniki tug‘ilmasdanoq o‘ldi…

— Katta kelindan og‘zim kuydi, endi kenjasini avaylamasam bo‘lmaydi, — dedi qaynonasi mehmonga kelgan opasiga. — Tag‘in, bolasi tushib qolmasin, deb ko‘z qorachig‘idek asrayapman…

Bu gaplarni eshitgan Jamilaning yuragida hasad urug‘i nish urdi. Kundan-kunga gurkirab o‘sib, bo‘y ko‘rsata boshladi. Har tong ovsinining oynasidan mo‘ralab, «Shu bolani tug‘masa, yaxshi bo‘lardi», degan o‘yni xayolidan o‘tkazadi. Qaynonasi va qaynsingillari Jamilani xo‘rlab, Hilolani avaylagani sayin yuragiga o‘rnashib olgan cho‘g‘ alangalana boshladi. Ovsinining nafrat bilan qarashlarini sezgan Hilola hamma yumushlarni uning zimmasiga tashlab qo‘ydi. Ertalab turib hovli supurish, sigirlarni sog‘ib, qatiq uvitish, tushlikka ovqat tayyorlash, idish-tovoq yuvish degandek. Kechki ovqat tayyorlanib, dasturxonga tortilgach, malikai muhtarama xonasidan belini ushlab, bitta-bitta qadam bosib, chiqib keladi. Hamma uning atrofida parvona. Jamila bilan hech kimning ishi yo‘q. Qaynonasining kechagi qilig‘i hammasidan oshib tushdi. Jamilaning oldida turgan yumshoq nonni Hilolaning yoniga surib qo‘ydi. O‘zining idishidagi go‘shtni ham kenja kelinning kosasiga solib, ovsiningga kam go‘sht solibsan, degandek yer ostidan Jamilaga o‘qrayib qaraganini hamma sezdi. Bu nigohlar ortidagi iddaoni sezgan Jamilaning barmoqlari musht bo‘lib tugilib, qotib qoldi.

Onasi bilan shifokorga borgach, yana umidsizlanib qaytdi.

Jamila kino ko‘rayotganida ham, yumush bajarayotganida ham butun xayolida ovsinidan o‘ch olish bo‘lib qoldi. Go‘yoki uning baxtsizligida shu qiz aybdordek. «O‘ch olaman, albatta, o‘ch! Nega u baxtli yashashi kerak? Menda yo‘q narsa, unda ham bo‘lmaydi!..»

Qaynonasi qizlarini ergashtirib to‘yga ketgan kun Hiloladan o‘ch olish niyati yanada oydinlashdi. Jamila odatdagidek uy yumushlarini bajarib, kechki ovqatga palov damladi. Ovsinini ikki-uch marta ovqatga chaqirdi. Chiqmagach, xonasiga kirdi,

— Mazam bo‘lmay turibdi, xonamga olib kelib beraqoling, — dedi ovsini buyruq ohangida.

— Nima, hali men senlarga malay bo‘lib qoldimmi? Homilador bo‘lmagan ayol odam emas-mi? Hali bolang dunyoga kelmay turib, menga shuncha xo‘rlik? Bola tug‘ilsa, bo‘g‘zimga pichoq qadaysanlarmi?

Jamila ovsinining qorniga ayamay tepa boshladi. To‘lg‘oq azobida jon talashib dodlab yig‘layotgan Hilolaning ovozi quloqlariga kirmas, ayol quyushqondan chiqib ketgandi. Gilam usti qonga belangach, Jamila o‘ziga keldi. «Tez yordam»ni ham kutib o‘tirmay, qo‘shnilarnikiga yugurdi. Ovsinini o‘zi shifoxonaga olib bordi. Afsus, kech qolishdi. Bolaning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi.

* * *

— Tabriklayman, yaqinda ona bo‘lasiz, homilangiz ikki oylik bo‘libdi!

Jamila qornini changallab, yig‘lab yubordi. U endi kechalari panjara ortidan iltijo qilib, ovsiniga omonlik tilaydi…

Nigora
RAHMONOVA


Manba: "hordiq.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: Panjara ortida, Tun | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя