Главная » 2021 » Сентябрь » 6 » Panjsherni “tiz cho‘ktirish”da xorij qo‘shinlari ham qatnashdi – Mas’ud qo‘zg‘olondan darak berdi
20:03

Panjsherni “tiz cho‘ktirish”da xorij qo‘shinlari ham qatnashdi – Mas’ud qo‘zg‘olondan darak berdi


Avvalroq, “Tolibon” vakili Zabuhullo Mujohid bo‘ysunmayotgan Panjsher viloyati to‘liq harakat nazorati ostiga o‘tgani hamda Afg‘onistonda urush butunlay yakunlanganini e’lon qilgandi.

Shundan so‘ng, Afg‘oniston shimolida joylashgan Panjsher viloyatidagi Milliy qarshilik fronti lideri Ahmad Mas’ud o‘zining Facebook sahifasida muhim murojaat bilan chiqdi.

Birinchi navbatda, u mamlakatning barcha aholisini “Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatishga chaqirgan.

“Butun Afg‘oniston xalqini, mamlakatning barcha burchaklaridagi birodar-u opa-singillarimizni zolimlarga qarshilik ko‘rsatishga chaqiraman. Bizning kurashimiz tugamadi, “Tolibon”ga qarshi janglar davom etmoqda”, deya Mas’ud ayni vaqtda “erkinlik, din va mustaqillik” nomi ila umummilliy qo‘zg‘alon ketayotganini qo‘shimcha qilgan.

Ikkinchi navbatda, Ahmad Mas’ud Panjsherni egallashda “Tolibon”ga chet el qo‘shinlari yordam berganini ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, toliblarning Panjsherga qilgan hujumi ushbu jarayonda “xorijiy kuchlar vakillari ham afg‘on xalqiga qarshi kurashayotganini yana bir bor aniq ko‘rsatgan”. Shu munosabat bilan, u o‘z murojaatida xalqaro hamjamiyatni toliblar va unga yordam berayotganlarning harakatlarini qoralashga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, Panjsher lideri avval ham Afg‘oniston xalqiga murojaat bilan chiqqan. O‘shanda Ahmad Mas’ud “Biz Alloh, erkinlik va adolat uchun kurashishdan hech qachon voz kechmaymiz”, deya barchani bardam bo‘lishga chaqirgandi.

Qayd etish kerakki, OAVda “Tolibon” Afg‘onistondagi eng yirik harbiy baza — Bagramni Xitoyga, bundan tashqari Qandahordagi aerodromni esa Pokistonga berishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Toliblar ushbu ikki davlat bilan ham juda yaqin aloqada. 

Shu o‘rinda, AQSH va NATO kuchlari Afg‘onistonni tark etganiga qadar, chet el qo‘shinlariga qarshi kurashish, ularni mamlakatdan chiqarib yuborish “Tolibon” harakatining asosiy maqasadi bo‘lganini eslab o‘tish kerak. Zero, ularning bugungi siyosati avvalgi gap-so‘zlariga unchalik ham to‘g‘ri kelmayapti.

Afg‘onistondagi vaziyat

AQSHning Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy operatsiyasi Prezident Jo Bayden davriga kelib yakunlandi. AQSH qo‘shinlari joriy yilning 31 avgust kuni mamlakatni tark etdi. Bunga qadar Yevropaning boshqa davlatlari, jumladan Britaniya va Germaniya ham mamlakatni tark etdi. Ushbu jarayon yakunlanmasidan “Tolibon” harakati poytaxt Qobulni egallab, joriy yilning 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatdi. 19 avgust kuniga kelib toliblar Afg‘oniston Islom Amirligi tuzulganini e’lon qildi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: Mas’ud, qo‘zg‘olondan, tiz cho‘ktirish, Panjsherni | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя