Главная » 2021 » Март » 13 » Pensiya tayinlashda o‘zgarishlar bo‘ladi
11:38

Pensiya tayinlashda o‘zgarishlar bo‘ladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolarga davlat pensiyasini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni fuqarolarga yetkazish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori loyihasi e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda pensiyalarni tayinlashda 30 turdagi hujjatlar talab etiladi hamda mazkur ma’lumotlarni taqdim etishga mas’ul 14 dan ortiq vazirlik va tashkilotlarda idoraviy axborot tizimlari, elektron resurs va ma’lumotlar bazalari mavjud emasligi qog‘oz shaklida ish yuritishdan voz kechish va hujjatlarni yig‘ish jarayonini elektron shaklga o‘tkazishga to‘sqinlik qilib kelmoqda.

Qarorga binoan:

2022-yil 1-apreldan boshlab pensiyalarni hisoblash fuqarolarning «Yagona mehnat milliy tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (keyingi o‘rinlarda – YaMMT IDAK)ga kiritilgan mehnat staji, oliy o‘quv yurtlaridagi kunduzgi ta’lim va harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlari asosida amalga oshiriladi.

Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, jumladan pensiyalarni tayinlash uchun faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi bilan murojaat qilish kifoya bo‘ladigan tizimni joriy etish bo‘yicha Yo‘l xaritasi (keyingi o‘rinlarda – Yo‘l xaritasi) tasdiqlanadi.

2022-yil 1-yanvardan boshlab:

  • O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Pensiya jamg‘armasi) tomonidan moliyalashtiriladigan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni (keyingi o‘rinlarda pensiya va nafaqalar) to‘lash har uch yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki tomonidan amalga oshiriladi;
  • pensiya va nafaqalar yetkazilganligi uchun xizmat haqini to‘lash uchun fuqarolarning har oylik pensiya va nafaqa miqdoriga qo‘shimcha 1 foiz ustama joriy qilinadi hamda to‘lovlarni naqd pulsiz shaklda olish yoki arzonroq xizmatdan foydalanish hisobiga iqtisod qilingan mablag‘ pensiya va nafaqa oluvchining ihtiyorida qoldiriladi;
  • pensiya va nafaqa oluvchilarga O‘zbekiston Respublikasi hududida shaxsini tasdiqlaydigan, egasining shaxsiy biografik ma’lumotlari qayd etilgan, elektron tashuvchi qurilmaga (chipga) ega bo‘lgan bank kartasi sifatida foydalanish imkoniyati mavjud maxsus pensiya kartasi joriy etiladi.

Davlat pensiya ta’minoti borasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablariga muvofiqlashtirish maqsadida Pensiya jamg‘armasining tashkiliy tuzilmasi qaytadan tanqidiy ko‘rib chiqiladi.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: pensiya, o‘zgarishlar, tayinlashda | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя