Главная » 2017 » Апрель » 25 » Peterburgda yuz bergan teraktda gumon qilinganlar ro‘yxati
08:20

Peterburgda yuz bergan teraktda gumon qilinganlar ro‘yxati


3 aprel kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri metrosida portlash sodir bo‘ldi. Xudkush-terrorchining o‘zini-o‘zi portlatishi oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 16 nafarga yetdi. 21 aprel kuni shifoxonada bo‘lgan 56 yoshli ayolning joni uzildi. Yana 24 nafar jabrlanuvchi shifoxonada qolishgan. Federal xavfsizlik xizmati vakillari teraktga aloqador bir necha kishilarni qo‘lga olgani haqida ma’lum qilgandi. Rossiya OAVlarida ular haqida to‘liq ma’lumotlar chop etildi.

Teraktni 22 yoshli qirg‘izistonlik Akbarjon Jalilov amalga oshirgani haqida xabar bergan edik. DNK tahlili ham bu ma’lumotni tasdiqladi.

Unga terakt uyushtirishda yordam bergan gumonlanuvchi shaxslarning birinchisi 6 aprelga o‘tar kechasi qo‘lga olindi. Tovarisheskiy prospektidagi 22-uyda o‘tkazilgan tezkor operatsiya jarayonida 6 kishi hibsga olindi. Uydan esa 3 aprel kuni metroda portlagan bombaga o‘xshash portlovchi vositaning elementlari topilgan.

Qo‘lga olingan 6 kishining barchasi Markaziy Osiyo fuqarolari bo‘lishgan. Ayrim manbalarda qayd etilishicha, ularning 2 nafari uyushtirilishi rejalashtirilgan teraktda o‘zini-o‘zi portlatishi lozim edi. Ular 2 iyunga qadar hibsda saqlanadi.

Bir vaqtning o‘zida Akbar Jalilovning sherigi deb gumon qilingan yana 2 kishi ham qo‘lga olindi va 3 iyunga qadar hibsda ushlab turiladi. Ular yashaydigan uydan pistolet va granata topilgan.

17 aprel kuni teraktni tashkillashtirishda gumon qilingan shaxs – Abror Azimov qo‘lga olindi. Xabarlarga ko‘ra, u xudkush-terrorchini shaxsan o‘zi tayyorlagan. Uning akasi Akrom Azimov ham bir kun o‘tib, qo‘lga olingan. U moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlagan.

Hibsdagi shaxslar:
Shohista Karimova, 45 yosh

Shohista Karimova sud jarayonida O‘zbekiston fuqarosi ekanligini, ajrashgan, 3 bolaning onasi ekanligini aytgan. Rus tilida gapirishga qiynalgan, unga tarjimon yordam bergan. Moskvadagi “Lesnoe” kafesida ishlagan. Ayol qo‘lga olinganida, uning sumkasidan F-1 granatasi, 2 ta sanoat detonatori, mikrosxema topilgan. Uning advokati Muso Abduvahobov qurollarni uning sumkasiga qasddan solib qo‘yishgan, deya bayonot berdi. “Unga qarang, u mutlaqo beayb kishi. 25 yil O‘zbekistonda yashagan. Moskvaga esa o‘tgan yilning sentabr oyida kelgan va hech qachon Sankt-Peterburgda bo‘lmagan. Akbar Jalilov bilan ham tanish emas”, deydi Shohista Karimovaning advokati. Ammo sud uni hibsdan ozod etmadi.

Sodiq Ortiqov, 39 yosh
Sodiq Ortiqov Tojikistonda tug‘ilgan. So‘nggi 15 yil davomida Rossiyada ishlagan. Sudda u “Lesnoe” kafesida ishlaganini ma’lum qildi. U qo‘lga olinganida, yonidan Makarova pistoleti topilgan. Aniqlanishicha, Akbar Jalilov terakt sodir etishidan avval “noma’lum kimsa”ga telefon qilgan, bu inson esa Sodiq Ortiqov bilan bog‘langan. Bundan tashqari, Jalilov oxirgi marta mart oyida O‘sh shahriga borib kelganidan so‘ng, darhol Sankt-Peterburgga ketmagan. Bir muddat Moskvada qolgan. U Moskvada Sodiq Ortiqov bilan birga yashagan bo‘lishi mumkin. Ammo Ortiqov sudda teraktga aloqador emasligini ta’kidlagan.

Ibrohim Ermatov, 23 yosh
Qirg‘izistonlik Ermatov akasi bilan uy ta’mirlash bilan shug‘ullangan. U sudda Akbar Jalilov bilan tanish bo‘lganligini, u bilan 2015 yilda “Sushi Wok” kafesida ishlaganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, u yashaydigan uyda bomba saqlanganini bilmagan. U IShID kabi terrorchilik guruhlarga aloqador emasligini ta’kidlab o‘tgan.

A’zamjon Mahmudov, 23 yosh
Mahmudov O‘zbekistonning Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 3 yildan buyon Peterburgda yashaydi, rasmiy ravishda hech qaerda ishlamaydi va ro‘yxatdan o‘tmagan. U sudda o‘zini himoya qilish uchun hech nima demagan. Rus tilida gapirishga qiynalgan va tarjimon orqali barchasini sud hukmiga havola qilgan.

Dilmurod Mo‘ydinov, 20 yosh
Mo‘ydinov Qirg‘izistonning O‘sh shahridan. 9-sinfni tamomlagach, Peterburgga kelgan. Ermatov va Jalilov bilan birga sushi-barda ishlagan. Sudda u o‘z aybini tan olmagan, surunkali bronxit bilan xastalanganini ma’lum qilgan.

Sayfulla Hakimov, 39 yosh
Asli o‘zbekistonlik, lekin Qirg‘iziston fuqarosi Sayfulla Hakimov oilali, 3 farzandning otasi. Peterburgda 2017 yil dekabrgacha ro‘yxatdan o‘tgan. Norasmiy ravishda qurilishda ishlagan. Tarjimon orqali sudda ishtirok etgan Hakimov infarktni boshidan kechirgan va yurak xastaligi tufayli 2-guruh nogironligi bor.

Bahrom Ergashev, 39 yosh
Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan Bahrom Ergashev Peterburgda qurilish ishlarida ishlagan. Uni qo‘lga olishganida qaerda bo‘lganini aniq ayta olmagan. Oilali, 3 farzandi bor.

Muhammadyusuf Mirzolimov, 21 yosh
Mirzolimov Qirg‘izistonning O‘sh shahridan. U Rossiya fuqaroligini olgan. U ham Jalilov, Ermatov va Mo‘ydinov kabi “Sushi Wok” kafesida ishlagan.

Durdona Rasulova


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: gumon qilingan, Peterburg, ro‘yxati, terakt, yuz bergan | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя