Главная » 2018 » Февраль » 25 » Prezident Navro‘zni nishonlash bo‘yicha qaror imzoladi
19:16

Prezident Navro‘zni nishonlash bo‘yicha qaror imzoladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun, 23 fevral kuni «2018 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA saytida keltirilgan.

Unga ko‘ra, Navro‘z bayrami poytaxt Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida yuqori darajada o‘tkazishga qaratilgan, «Aziz vatandoshlar, har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!» degan g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturi bo‘yicha o‘tkaziladi.

Mazkur dasturni tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratiladi:

Navro‘z munosabati bilan inson o‘zini tabiat farzandi, uning ajralmas bir qismi deb his etishini ifoda etadigan, atrof-muhitni, ona zaminni asrab-avaylashga, bugungi tinch, erkin va farovon hayotni qadrlab, uni himoya qilib yashashga chorlaydigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil qilish;

barcha shahar va qishloqlarda Navro‘zning tarixi, mazmuni va falsafasini, ushbu bayramni o‘tkazish bilan bog‘liq urf-odatlar, qadriyat va an’analarning mohiyati va ahamiyatini o‘zida mujassam etgan ommaviy sayillar o‘tkazish;

Navro‘z kunlarida yordamga muhtoj insonlar, keksalar, nogironlar va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, ularga beg‘araz ko‘mak berish, jamiyatda o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlikni kuchaytirishga qaratilgan savob ishlar, xayriya tadbirlari va ommaviy hasharlarni amalga oshirish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan sayillarga folklor-etnografik guruhlari va ansambllarni, taniqli san’atkorlar, havaskor xonanda va sozandalar, baxshilar, askiyachi va qiziqchilar, dorbozlarni, yosh ijrochilarni keng jalb etish;

xalq sayillari dasturlarini tayyorlashda xalqona o‘yinlar, folklor san’atining eng yaxshi namunalariga keng o‘rin berish, hunarmandlik ko‘rgazmalarini tashkil etish, ibratli oila, ibratli mahalla, ibratli maktab, mohir baxshi, mohir laparchi yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rik-tanlovlar o‘tkazish, adabiy-badiiy uchrashuvlar, kitob bayramlarini tashkil etish.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Navro‘z bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma’rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, ijodiy kechalar o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san’atkorlardan iborat ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot guruhlari tashkil etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etiladi.

Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklatildi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: qaror, prezident, Navro‘z | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя