Главная » 2020 » Сентябрь » 18 » Prezident uch toifa odamlarni emlashni tezlatish kerakligini ta’kidladi
21:49

Prezident uch toifa odamlarni emlashni tezlatish kerakligini ta’kidladi


Bugun, 18 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilish avvalida davlat rahbari koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib o‘tdi. Kasallik hamon butun dunyo bo‘ylab keng tarqalayotgani, so‘nggi kunlarda mamlakatda ham bemorlar soni ko‘paygani afsus bilan qayd etildi. Temir intizom va tartibni ta’minlab, barcha joylarda sanitariya talablariga qat’iy amal qilish kerakligi yana bir bor ta’kidlandi.

Kuz mavsumida shamollash ko‘payishi, koronavirusga qo‘shimcha boshqa kasalliklarning ortishini inobatga olib, bemorlar uchun yaratilgan zaxira o‘rinlarini ko‘paytirish, zarur tibbiy jihozlar va dori-darmonlar bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Birinchi navbatda tibbiyot xodimlari va maktab o‘qituvchilarini, 65 yoshdan oshgan keksalarni grippga qarshi emlash zarurligiga e’tibor qaratildi.

Kommunal tarmoqlarning barqaror faoliyati aholi turmush sifatini ta’minlaydigan eng muhim omillardan. Shu bois davlat tomonidan bu masalaga doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Joriy yil 17 iyul kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida sohadagi muammolar muhokama qilinib, ishni yangicha tartibda tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi.

Shunga muvofiq, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimidagi loyihalarni tayyorlash, amalga oshirish va monitoring qilish, shuningdek, tariflarni belgilashni mahalliy kengashlar bilan kelishish tartibi joriy qilinmoqda.

Misol uchun, Olmaliqdagi ichimlik suvi ta’minoti korxonasiga qarashli 52 ta nasos yangilanishi natijasida korxonaning umumiy xarajati 22 foizga, elektr energiyasi sarfi 2 baravarga qisqargan. Shahar aholisi sifatli ichimlik suvi bilan uzluksiz ta’minlanmoqda. Xuddi shuningdek, so‘nggi 3 yilda amalga oshirilgan loyihalar natijasida Guliston shahrining ichimlik suvi ta’minoti masalasi ham to‘la hal bo‘ldi.

Yig‘ilishda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga ushbu tajriba asosida kelgusi yil uchun mo‘ljallangan 28 ta yangi loyihani mahalliy kengashlar bilan kelishish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, joriy yilda yakuniga yetkaziladigan 360 ta loyihani qabul qilib olish bo‘yicha topshiriq berildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, qariyb 2 mingta aholi punktiga markazlashgan suv yetkazib berish texnik jihatdan ham, iqtisodiy jihatdan ham maqsadga muvofiq emas. Shu bois bunday hududlarni xususiy sektor orqali suv bilan ta’minlash ma’qul kelmoqda.  

Misol uchun, O‘zbekiston tumanida ijtimoiy sheriklik asosida quduq ishga tushirilib, 6 ta uzoq qishloqdagi 11 ming aholi ichimlik suvi bilan ta’minlangan edi. Bunga ketgan xarajatlar 2 yilda o‘zini qopladi. Shuningdek, Amudaryo tumanida 8 ta suv tozalash shoxobchasi qurilib, 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan 7 ta mahalla toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Loyiha 3 yilda o‘zini oqlaydi.

Bu tizimning qulayligi shundaki, ichimlik suvi ob’ektlari qurish va uskunalar xarid qilish uchun xususiy sektorga kredit berilib, uning 14 foizidan yuqori qismiga davlat tomonidan subsidiya ajratiladi. Bugungi kunda ko‘plab tadbirkorlar shunday loyihalarda ishtirok etish istagini bildirmoqda.

Yig‘ilishda mamlakat bo‘ylab 27 ta tumanda ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlari tanqid qilindi. Mavjud 70 ming kilometr suv quvurlarining 32 foizi eskirgan. Oqibatda ulardagi yo‘qotishlar darajasi 40-50 foizni tashkil etmoqda. Bu yiliga qariyb 500 million kub metr suv yoki o‘rtacha 300 milliard so‘m degani. Bundan tashqari, joylardagi nasos uskunalari va maxsus texnikalar ham ta’mirtalab bo‘lib qolgan.

Shu bois kelgusi yildan investitsiya dasturlarida sohaga ajratilayotgan mablag‘ning 10 foizini suv ob’ektlariga energiya tejovchi uskunalar o‘rnatish hamda maxsus texnikalar xarid qilish uchun yo‘naltirish zarurligi ta’kidlandi.

Videoselektor yig‘ilishida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalasi ham muhokama qilindi. 

Bu yil qish sovuq kelib, havo harorati oldingi yillarga nisbatan 2-5 daraja past bo‘lishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan  Vazirlar Mahkamasiga tuman va shaharlardagi haqiqiy holatdan kelib chiqib, kuz-qishga tayyorgarlik yuzasidan Toshkent shahrining 12 ta tumani, Qoraqalpog‘iston va har bir viloyat bo‘yicha alohida-alohida qaror qabul qilish topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Toshkent shahri tumanlariga, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari viloyatlarga shu masalalar bo‘yicha mas’ul etib biriktirildi. Tayyorgarlik ishlarini, eng avvalo, bu borada ahvol og‘ir bo‘lgan 56 ta tuman va shahardan boshlash kerakligi ta’kidlandi.

1 noyabrga qadar 3 mingdan ziyod ta’mirga muhtoj ko‘p qavatli uyni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, 131 ta ijtimoiy soha ob’ektini mukammal va 3 mingtasini joriy ta’mirlash vazifasi qo‘yildi. Tibbiyot va ta’lim muassasalarining tayyorgarlik holati ko‘rib chiqildi.

Bu yil kuz-qish mavsumi uchun 6 million tonna ko‘mir mahsulotlari zarurligi qayd etilib, ularni g‘amlash va yetkazib berish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Ko‘mir arzon bo‘lishi uchun uni import qiluvchi tadbirkorlarga temir yo‘lda tashish bo‘yicha chegirma berish muhimligi ta’kidlandi.

Bosh prokuraturaga ko‘mir narxini asossiz oshirib yuborish, tamagirlik va talon-toroj holatlarining oldini olish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

“Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatiga tabiiy gaz tanqis hududlarga 385 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish vazifasi qo‘yildi.

Joriy mavsumda elektr energiyasiga talab o‘tgan yilgiga nisbatan 7,5 foiz ko‘p bo‘lishi kutilmoqda. Bu soha barqaror ishlashi uchun issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz va mazut bilan ta’minlash, elektr tarmoqlari, podstansiya va transformatorlarni ta’mirlash muhimligi ta’kidlandi.

Videoselektor yig‘ilishida hukumat a’zolari, tegishli tarmoq va hududlar rahbarlari axborot berdi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: emlashni, tezlatish, ta’kidladi, odamlarni, uch toifa, Prezident | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя