Главная » 2020 » Сентябрь » 29 » Prezident yangi qarorni imzoladi
09:57

Prezident yangi qarorni imzoladi


2020-yil 28-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Lazgi» xalqaro raqs festivalini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Uning matni O‘zAda e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, mamlakatimizning boy raqs san’ati tarixida alohida o‘rin egallagan «Xorazm lazgi raqsi» o‘ziga xos ijro uslubi va jozibasi bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki chet davlatlarda ham mashhurdir. YuNESKO tomonidan «Xorazm lazgi raqsi» insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilganligi ham uning betakror san’at ekanligidan dalolat beradi.

«Xorazm lazgi raqsi» san’atining asriy an’analarini saqlash va rivojlantirish, raqs san’ati orqali xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalarini mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik ko‘lamini va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi va Xorazm viloyati hokimligining 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba 25-30-aprel kunlari Xiva shahrida «Lazgi» xalqaro raqs festivalini hamda uning doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

Xorazm viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha mas’ul organlar etib belgilandi.

Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi va Xorazm viloyati hokimligi 2021-yil 1-dekabrga qadar tajribali rejissyor, taniqli san’atkor, prodyuser, kompozitor, shoir va sohaning malakali mutaxassislarini jalb etgan holda Festivalning ochilish va yopilish marosimlari ssenariy va badiiy dasturlarini tayyorlaydi;

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-fevralga qadar Festival va uning doirasida o‘tkaziladigan «O‘zbek milliy raqsining jahon raqs san’atidagi o‘rni» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada xorijiy mamlakatlardan ishtirok etadigan raqs san’ati ustalari, musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlar, yetuk mutaxassislar va faxriy mehmonlar ro‘yxatini shakllantiradi.

Tashqi ishlar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Xorazm viloyati hokimligi Festivalni YuNESKO shafeligi ostida o‘tkazish choralarini ko‘radi.

Madaniyat vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, «O‘zbekkino» milliy agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, «Hunarmand» uyushmasi va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi bilan birgalikda:

Festival doirasida Xiva shahridagi «Ichan-qal’a» majmuasi hududida raqs san’atiga oid ko‘rgazmalar, milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi hamda ularning savdosi tashkil etilishini;

Festival dasturini ishlab chiqish va uning Festivaldan uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etilishi, Internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishini ta’minlaydi.

Belgilanishicha, Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda qoplanadi:

70 foizi — O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan Madaniyat vazirligiga madaniy tadbirlar uchun har yilgi ajratiladigan mablag‘lar hisobiga;

30 foizi — Xorazm viloyatining mahalliy budjeti, homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga.

Mazkur qarorning ijrosi quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

Bosh vazir o‘rinbosari, Tashkiliy qo‘mita raisi B.Musayev — Festival va uning doirasida o‘tkaziladigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani yuqori badiiy va ilmiy saviyada tashkil etilishini ta’minlaydi;

Bosh vazirning o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi A.Abduhakimov — Festivalni turizm kalendar rejasiga kiritish, unga xorijiy sayyohlarni jalb qilish hamda Festival qatnashchilari va mehmonlar uchun mehmonxonalardan joylarni oldindan band qilish choralarini ko‘radi;

Madaniyat vaziri O.Nazarbekov — musiqashunos va san’atshunos olimlar, taniqli san’atkorlarni jalb qilgan holda Festivalning ochilish va yopilish marosimlari ssenariy hamda badiiy dasturlarini yuqori saviyada ishlab chiqadi;

Xorazm viloyati hokimi F.Ermanov — Xiva shahrida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishini, Festival o‘tkaziladigan sahna maydonlari va zallarning talab darajasida tayyorlanishini hamda «Ichan-qal’a» majmuasi hududida raqs san’atiga oid ko‘rgazmalar tashkil etilishini ta’minlaydi;

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, «Dunyo» axborot agentligi — Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib boradi.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklatildi.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: prezident, imzoladi, qarorni | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя