15:57 Pulini to‘ladi, otdi – Ekoqo‘mita kamyob ayiqning o‘ldirilgani bo‘yicha izoh berdi | |
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya fuqarosi tomonidan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida kamyob Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘i o‘ldirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. E’tiborli jihati, bunga O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Alisher Maqsudovning imzosi bilan ruxsat berilgani aytilgandi. Ekologiya qo‘mitasi holat yuzasidan bayonot berdi. Qo‘mita, avvalo, tarqatilgan xabar muallifini “amaldagi qonunchilikni yaxshi o‘rganmasdan jamoatchilikni chalg‘itish orqali qo‘mita rahbariyatini yomonotliq qilish maqsadida odamlarni junbushga keltiradigan xabar tarqatganlikda” ayblagan. Bayonotga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 8 iyulda qabul qilingan “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘RQ-627-sonli Qonunining maqsadi ov qilish va ovchilik xo‘jaligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Shu qonunning 15-moddasida yovvoyi hayvonlarni tutishga doir har yilgi kvota yovvoyi hayvonlarning ko‘p miqdorda tutiladigan turlariga, shuningdek, kamyob va oz sonli turlariga nisbatan belgilanishi ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini ovlashga ham ayni shu tartibda, ya’ni qonuniy talablarga to‘liq amalga qilgan holda ruxsat berilgan. 2020 yilning 25 noyabrida Fanlar akademiyasiga qonun talablariga asosan yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota loyihasini ko‘rib chiqib, xulosa berish uchun so‘rov yuborilgan. 2020 yilning 4 dekabr sanasida Fanlar akademiyasining Bioresurslar bo‘yicha Idoralararo komissiyasi 2021 yil uchun noyob va “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvonlarga ajratilgan kvotalar to‘g‘risidagi xulosasini qo‘mitaga taqdim etgan. Unda 2 dona Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini tutish ham ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, joriy yil 3 mart kuni Rossiya Federatsiya fuqarosi Shirokovu Ye.P.ga O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan 2 ta Tyanshan qo‘ng‘ir ayig‘ini otishga №400030-son ruxsatnoma berilgan. O‘z navbatida, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ushbu holatga “Qo‘mita rahbarining o‘zini ashaddiy bronkoner va bronkonerlikni qo‘llab quvvatlaydigan shaxs ko‘rinadi”, deya munosabat bildirgandi. Deputat bu masalada parlament nazorati kerakligini ta’kidlagandi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|