Главная » 2017 » Август » 27 » “Pullarni biz o‘z xohishimiz bilan topshirganmiz”: “Ahmadboy ishi” bo‘yicha navbatdagi sud majlisidan reportaj
13:08

“Pullarni biz o‘z xohishimiz bilan topshirganmiz”: “Ahmadboy ishi” bo‘yicha navbatdagi sud majlisidan reportaj


24-avgust, payshanba kuni moliyaviy piramida asoschisi Ahmadjon Tursunboyev — “Ahmadboy ishi” bo‘yicha navbatdagi eshituv bo‘lib o‘tdi, deb yozadi UZ24. Jinoiy ishning birinchi qismi bo‘yicha 238 nafar jabrlanuvchining ko‘rsatmalari tinglanadi. Bugungi kungacha 7 ta majlis bo‘lib o‘tdi, ularning har birida 8—12 jabrlanuvchi ko‘rsatma berdi.

Navbatdagi eshituvga Toshkent viloyatidan to‘qqiz jabrlanuvchi taklif qilindi.

Chinoz tumanida yashovchi Rahima I. sudlanuvchilar o‘rindig‘idagi barcha ayblanuvchilarni tanidi. U sudda II guruh nogironi bo‘lgan qizini davolatmoqchi hamda turmushga uzatmoqchi bo‘lganini gapirib berdi. “Odamlar Ahmadboyga ishonish mumkin, deyishgandi”, — dedi u. Firma kassirlari Rahima I. ga 7000 dollar qaytarib berishni va’da qilishgan, ammo hech qanday foizlarni olishga u ulgurmagan.

Yangiyo‘llik 54 yoshli Saidahror U. Damas avtomobilini Ahmadboyning firmasiga 11 ming dollarga sotgan va kelajakda foyda olish uchun pulini bergan. To‘rt oy ichida firma unga 4000 dollar miqdorida foizlar to‘lagan. Jabrlanuvchi, shuningdek, firmaga Gentra avtomobilini ham sotgan. Mashinalardan tashqari, u kassaga qo‘shimcha 5000 dollar bergan.

Yangiyo‘llik 60 yoshli Zulfiya X. 2016-yil 27-aprelda Ahmadboyning firmasiga 1800 dollar bergan. Mayda ilk foizlarni olgan (350 dollar). So‘ng u firmaga yana 3 million so‘m kiritgan. Aytishicha, ayolning 2 ming dollarlik qarzi bo‘lgan va jamg‘armasini ikki karra ko‘paytirib, uni to‘lashni istagan.

1957-yilda tug‘ilgan Yangiyo‘l fuqarosi Tolib A. xotini uyni sotishdan tushgan pulni undan so‘ramasdan Ahmadboyga olib borib berganini aytdi, aslida esa ular boshqa uy olmoqchi bo‘lgan. Mablag‘ taxminan 4600 dollar bo‘lgan. Hozir uning xotini Rossiyada, o‘zi esa qizinikida yashashga majbur qolgan.

Yangiyo‘llik Liliya L. 17-may kuni jamg‘armalarini kassaga olib borgan. 4500 dollar puldan firma xodimlari unga har oyda 930 dollardan to‘lab turishni va’da qilgan.

Chinozlik 40 yoshli Olesya V. Ahmadboyning firmasiga 2016-yil dekabrdayoq o‘z pullarini bergan (aniq summasini ayta olmadi), mayda foiz sifatida 2000 dollar olgan. O‘sha payt nogiron onasi bilan qo‘shimcha 5000 dollar kiritgan.

Jabrlanuvchi ayolning ukasi, 24 yoshli Aleksandr V. Ahmadboyning firmasiga 5000 dollar kiritgan. “Odamlar ishonganini ko‘rib, biz ham ishonardik. Bizni hech kim bunga undagani yo‘q. Pullarni biz o‘z xohishimiz bilan topshirganmiz”, — dedi u. O‘n oy ichida Aleksandr, firma xodimlari so‘zlariga ko‘ra, 12 500 dollar olishi kerak bo‘lgan. Advokatlardan birining pullarni nima uchun bankka qo‘ymagani haqidagi savoliga u “bank bunday foizlar bermaydi”, deya javob qildi.

Toshkentning Mirobod tumanida yashovchi Ahmadjon R. Tursunboyevning firmasiga 3000 dollar kiritgan. O‘n oydan keyin unga pulini ikki baravar qilib qaytarishni va’da qilishgan.

Chinozlik yakka tadbirkor U. 13-iyunda firmaga 3000 dollar va milliy valyutada yana taxminan 600 dollar bergan. U, shuningdek, Tursunboyevning korxonasiga mashinasini sotgan.

Navbatdagi sud majlisi 4-sentabrga belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, Ahmadboyga qarshi Jinoyat kodeksining to‘rt moddasi bo‘yicha ayblovlar ilgari surildi: 177-moddaning (valyuta qimmatliklarining noqonuniy xarid qilinishi yoki sotilishi) “a”, “b” bandlari, 188-modda (Davlat ro‘yxatidan o‘tmay tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib, o‘ta yirik miqdorda nazoratsiz daromad olish), 189-modda (Savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish), 190-moddaning (Litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanish) “a”, “v” bandlari.

 


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: navbatdagi, “Pullarni, topshirganmiz”: “Ahmadboy ishi” bo‘, o‘z xohishimiz bilan, Biz, reportaj, sud, majlisidan | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя