Главная » 2020 » Ноябрь » 14 » Putin Tog‘li Qorabog‘da 1,5 oy davom etgan urush qurbonlari sonini ochiqladi
11:54

Putin Tog‘li Qorabog‘da 1,5 oy davom etgan urush qurbonlari sonini ochiqladi


Tog‘li Qorabog‘da joriy yilning 27 sentyabridan 10 noyabrgacha davom etgan harbiy harakatlarda 4 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi, 8 mingdan ortig‘i jarohatlandi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mintaqadagi gumanitar masalalarni yechish bo‘yicha yig‘ilishda aytib o‘tdi.

“Harbiy harakatlar natijasida qurbonlar soni, jumladan tinch aholi orasida ham 4 ming nafardan oshib ketdi, jarohatlanganlar 8 mingdan ortiqroq, qochoqlar soni turli ma’lumotlarga ko‘ra, o‘ng minglab”, degan Putin ko‘plab madaniy ob’ektlar va fuqarolik infratuzilmalari vayron bo‘lganini ta’kidlab.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlar to‘liq to‘xtatilgan.

Qayd etilishicha, 9 noyabr kuni imzolangan uch tomonlama bayonnoma qonli urushni to‘xtatishga imkon bergan va vaziyat barqarorlashgan.

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi

Tog‘li Qorabog‘da Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi navbatdagi qurolli to‘qnashuv joriy yilning 27 sentyabr kuni boshlangandi. Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e'lon qildi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e'lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi. 

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma'lum bo'ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi. 

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo'shma bayonot e'lon qildilar.

Tomonlar uch marta sulh tuzdi. Ammo ularning hech biri muvaffaqiyatli bo‘lmadi.

Joriy yilning 8 noyabr kuni Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi muhim ahamiyatga ega Shusha shahrini ozod qilishi bilan harbiy harakatlarda tub burilish yasaldi. Endilikda Ozarbayjon harbiylari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining ma’muriy markazi Xonkandi (Stepanakert)ga hujum qilishi mumkin bo‘lib qoldi.

Oradan ko‘p o‘tmay esa tomonlar Rossiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha sulhga erishdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta tumanni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.

Shuningdek, Qorabog‘ga Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritiladi. Ular Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘lovchi yo‘lakka joylashtiriladi. Rasmiy Baku tez orada nazoratiga o‘tuvchi Lochin tumani hududida barpo qilinadigan yo‘lakdan har ikki tomon fuqarolari xavfsiz o‘tishini ta’minlashga va’da berdi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: sonini, Putin, ochiqladi, urush qurbonlari, Tog‘li Qorabog‘da | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя