Главная » 2021 » Август » 1 » Qashqadaryoda “uchastkoviy”lar uyidan olib ketgan fuqaroning jasadi qaytarildi. Viloyat IIB holatga izoh berdi
21:39

Qashqadaryoda “uchastkoviy”lar uyidan olib ketgan fuqaroning jasadi qaytarildi. Viloyat IIB holatga izoh berdi


Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida mahalla profilaktika inspektori boshqa bir hudud “uchastkoviy”i bilan hududidagi fuqaroni uyidan Narkologik dispanserga olib ketgani, ertasi kuni esa tekshiruvga olib ketilgan erkakning jasadi qaytarilgani haqida xabarlar tarqaldi. Qashqadaryo viloyat IIB Matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Nishon tumani “Kaptarli” MFYda yashovchi fuqaro M.M.ning turmush o‘rtog‘i fuqaro J.S. 2021 yilning 25 iyul kuni soat taxminan 19:30 larda Nishon tumani IIB HPB TP profilaktika katta inspektori kapitan I.Xolmatovning xizmat uyiga kelib, Toshkentdagi “Abu sahiy” bozorida ishlovchi turmush o‘rtog‘i, u yerdan 25 iyul kuni soat taxminan 18:00 larda uyiga mast holatda yetib kelganini, birozdan so‘ng, o‘ziga kelib, qo‘lida pichoq bilan janjal qilishni boshlaganini, agarda unga chora ko‘rilmasa, boshqa salbiy oqibatlar kelib chiqishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Kapitan I.Xolmatov, fuqaro J.S.ning yashash xonadoniga borgan vaqtida marhum M.M. spirtli ichimlikdan mast holda turmush o‘rtog‘ini og‘izga olib bo‘lmas so‘zlar bilan haqorat qilib, qonuniy talabiga bo‘ysunmagan. Mahalla inspektori “Kaptarli” MFYga qo‘shni bo‘lgan “Shirinobod” MFY profilaktika inspektori katta leytenant X.Po‘latovni chaqirgan. Katta leytenant X.Po‘latov bilan birgalikda “Shirinobod” MFYda yashovchi jamoatchilik vakili fuqaro G.A. ham kelgan. 

Kapitan I.Xolmatov kelgusida oila turmush doirasidagi jinoyatlar sodir bo‘lishini oldini olish maqsadida fuqaro J.S.ga turmush o‘rtog‘ini Narkologiya dispanseriga majburiy tartibda yotqizish bo‘yicha ariza yozib berishi lozimligini tushuntirgan. Biroq, fuqaro J.S. tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza yozib berishdan bosh tortgani sababli, bo‘lib o‘tgan ushbu holatni tegishli tartibda hujjatlashtirish maqsadida marhum fuqaro M.M. MFY binosiga olib borilib, mahalla raisining 2021 yil 25 iyul kunidagi 2-sonli bildirish xatiga asosan, fuqaro shu kuni soat 23:20 da viloyat Narkologiya dispanserida ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Ko‘rikdan o‘tkazish davomida, marhum M.M.ga “mastlikni o‘rta og‘ir darajasi” tashxisi qo‘yilib, tanasida jarohatlar bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritish bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ushbu tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, kasallik tarixi ochilgan. Majburiy tartibda davolanish to‘g‘risidagi yo‘llanma asosida marhum M.M. Qarshi tumani “Mirmiron” MFY hududida joylashgan viloyat Narkologiya dispanseriga topshirilgan.

Qarshi tuman IIBga 2021 yil 26 iyul kuni tushgan xabarga ko‘ra, shu kuni soat 20:45 larda, fuqaro M.M. to‘satdan viloyat Narkologiya dispanserida vafot etgan.

Shuningdek, marhum M.M.ning oilasi “Kaptarli” MFYda notinch oila sifatida ro‘yxatga qo‘yilganligi aniqlangan.

Sud-tibbiy ekspertizasining 26 iyuldagi ma’lumotnomasida marhum M.M. “surunkali alkogolizm” natijasida vafot etgani ko‘rsatilgan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari hamda profilaktika inspektorlari I.Xolmatov va X.Po‘latovga nisbatan Qashqadaryo viloyati IIB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 iyul kuni Surxondaryoning Denov tumanida yashovchi fuqaro mahalla profilaktika inspektori va uning yordamchilari tomonidan olib ketilib, ayovsiz kaltaklanishi oqibatida ertasi kuni shifoxonada vafot etgandi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104 (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) va 206-moddalari (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: izoh, jasadi, Qashqadaryoda, IIB, fuqaroning, uchastkoviy | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя