Главная » 2018 » Март » 29 » Rajab oyi fazilatlari
20:30

Rajab oyi fazilatlari


Rajab oyi to‘rt ulug‘ oyning biri. Mana shu to‘rt – zulqa’da, zulhijja, muharram va rajab oylari ayrim ishlar harom qilingan oylardir. Qadimdan, ya’ni, Ibrohim alayhissalom shariatlaridan to islomgacha bo‘lgan davrlarda ham, bu oylarda urush qilish harom sanalgan. Arab xalqlari johiliyat davrida barcha samoviy dinlarning ahkomlarini buzib, o‘zgartirib yuborgan bo‘lsalar-da, mazkur to‘rtta oyning hurmatini saqlab qolganlar. Shahri haromda har qanday urushni, gunoh, zulm ishlarni, ov qilishni to‘xtatishar, hatto o‘z otasining qotilini ko‘rib qolsalar ham, undan o‘ch olishga shoshilmay, ushbu oylarning tugashini kutar edilar.

Alloh jalla jaloluhu oyati karimalarda: “Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – o‘n ikki oydir. Ulardan to‘rttasi (urush) harom qilingan oylardir…” deb, yuqorida nomi zikr etilgan oylarning shahri harom ekanligi va ularning hurmatini saqlamoq zarurligini ma’lum qiladi («Tavba» surasi, 36-oyat).

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam mazkur oyatni oxirgi hajlari – “Hajjatul vado”da o‘qib, musulmonlarga bu oylarning hurmati to‘g‘risida ko‘p ma’lumot berganlar.

Rajab oyida muhim tarixiy voqealar yuz bergan. Jumladan, To‘fon hodisasi yilida kemaga Nuh alayhissalom rajabning birinchi kunlari minganlar. Bu yil 20 iyulga to‘g‘ri keladigan 27 rajab kuni Janobimiz sallallohu alayhi vasallamning Isro va Me’roj kunlari sifatida nishonlanadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik vahiysi ham shu oyning oxirlarida nozil qilingani siyrati nabaviyya kitoblarida zikr qilinadi.

Rajab oyi barakali va ulug‘ oy bo‘lib, undagi ozgina yaxshi amal evaziga ko‘p ajru savoblar ato qilinishi va aksincha, ozgina ma’siyat-gunoh ishlarga kattaroq gunohlar yozilishi, barcha ibodatlar va duolar tezda ijobat bo‘lishi hamda bir qancha boshqa fazilatlari to‘g‘risida ko‘p hadisi shariflar vorid bo‘lgan.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning bir hadisi shariflari tarjimasi quyidagichadir: “Me’roj kechasida bir daryoni ko‘rdim. Uning suvi asaldan shirin, qordan sovuq, mushku anbardan xushbo‘y edi. Jabroil alayhissalomdan: “Bu daryo suvidan kimlar bahramand bo‘lur?” – deb so‘raganimda, “Kimki Sizga rajab oyida salavotu durudni ko‘proq aytgan bo‘lsa, bu daryo shularga nasib bo‘lgay”, dedilar”.

Shuning uchun Janobimiz sallallohu alayhi vasallam rajab oyida ko‘p istig‘for aytish, gunoh ishlardan imkoni boricha saqlanishga targ‘ib qiladilar. Bu oyda imkoniyati bo‘lgan kishilar nafl ro‘za va namozlarni ado etsalar, ularga ko‘p ajru savoblar berilishi va’da qilingan.

Imom Bayhaqiy rahmatullohi alayh “Shu’abul imon” kitoblarida rivoyat qiladilarki: “Alloh taborak va taoloning nazdida shaharlarning eng mahbubi – Makkai mukarrama, oylarning mahbubi – to‘rtta muharram oylar, bu oylarning ichida mahbubrog‘i haj oyi, ya’ni, zulhijja, zulhijjaning ichida mahbubi avvalgi 10 kuni. Kunlarning ichida eng mahbubi juma kunidir. Kechalarning mahbubi Laylatul Qadr kechasidir. Bir kecha-kunduzdagi soatlarning mahbubi besh vaqt namoz soatlaridir. Kalimalarning ichida mahbubrog‘i ushbu to‘rt kalimadir: “Allohu la ilaha illahu vallohu akbar va subhanallohi valhamdulillah”.

Bu kalimalarni esa siz bilan biz har kungi ibodatlarimizda necha martalab takror etamiz. Demak, mazkur fazilatli oyu-kunlarda imkoniyat boricha yaxshi amallar bilan mashg‘ul bo‘lsak, katta ajru savoblar ato qilinishi muqarrar ekan.

“Juma mav’izalari”dan.


Manba: "Irfon.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: Rajab oyi, fazilatlari | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя