Главная » 2017 » Июнь » 10 » Ramazonda narx-navo nega oshadi?
12:03

Ramazonda narx-navo nega oshadi?


Odatda, ko‘p joylarda Ramazon kirib kelishi bilan musulmonlarga qulaylik yaratish maqsadida narx-navolar tushiriladi yoki kamida oshirilmay turadi. Mana bu Ramazonga, umuman, musulmonlarga bo‘lgan hurmat, Allohning diniga nisbatan munosabatning go‘zalligidandir. Alloh mana shunday savdogarlarga, tijorat qiluvchilarga baraka beradi. Afsuski, ba’zi savdogarlar Ramazondan “foydalanib”, bu oyda ko‘proq foyda qilib qolish maqsadida narx-navoni keskin sur’atda oshirib yuboradilar. Sababi, bu oyda oziq-ovqatga bo‘lgan talab ko‘payar ekan. To‘g‘ri, musulmonlar saharlik va iftorlikda dasturxonini chiroyli qilish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlarini sotib oladilar. Yozning issiq kunlarida meva-sabzavotlarga bo‘lgan talab kuchayadi. Ammo qutlug‘ damlarda narxlar asossiz oshirilaversa, Ramazonning, musulmonlarning hurmati qaerda qoladi? Inson faqat tashqi jihatga qarab ish ko‘raversa, uzoqqa bormasligi, o‘sib-unmasligi aniq. Ramazonda narxlarni oshirib, cho‘ntakni qappaytirish payida bo‘lgan tojir uning kasbidan baraka olib qo‘yilishi mumkinligini bilmaydi yoki bu haqida o‘ylab ko‘rmaydi. U hamma narsaga moddiyat ko‘zoynagi bilan nazar soladi. Aslida-chi, aslida bu muborak oyda odamlarga biroz yordam bo‘lsin, ularga xursandchilik bo‘lsin, degan maqsadda narx-navolar tijoratchining o‘ziga ham zarar bo‘lmaydigan tarzda xolisan lilloh arzonlashtirilsa, juda bo‘lmasa, oshirmay turilsa, tijoratda shunday baraka bo‘ladiki, buni boshqa vaqtlarda topish qiyin. Biz sonini emas, sifatini yaxshilash payida bo‘laylik. Biz pulning ko‘pligini emas, uning barakasini so‘raylik.

Boshqa tarafdan olib qaraganda, aynan Ramazon oyida narxlarning oshib ketishiga odamlarning, ya’ni iste’molchilarning o‘zi ham sabab bo‘lmoqda. Nega desangiz, ba’zilar odatiy kunlarda yemaydigan ovqatlarni Ramazonda bosib iste’mol qiladi. Yana boshqalar iftorlik marosimi o‘tkazish maqsadida isrofga yo‘l qo‘yib, dasturxonni “to‘kin-sochin” qilish payida bo‘ladi. Bundan hech birimiz ko‘z yuma olmaymiz.

Demak, bu muammoning zamirida nafaqat savdogarlar balki, ikki tomonning ham “hissasi” bor. Ramazonda narxlarning sun’iy oshirilishining oldini olish uchun nima qilish kerak? Buning uchun, avvalo, tijoratchilar insofli, diyonatli bo‘lib, ulug‘ ayyom kunlarida odamlarga yengillik yaratish, ularga quvonch bag‘ishlash maqsadida narxlarni arzonlashtirsalar, o‘zlari uchun ham, o‘zgalar uchun ham birdek foydali bo‘ladi. Ikkinchidan, iste’molchilar oziq-ovqatlarni isrof qilmay, me’yorida ishlatsalar, iftorliklarda dabdabalarga chek qo‘yilsa, hammasi o‘z o‘rniga tushadi.

Unutmaylik, inson bu dunyoga faqat yeb-ichish, kayf-safo qilish uchun kelmagan. Muborak Ramazon g‘animat. Shu sabab bu oyda bir-birimizga mehr-oqibatli bo‘lsak, ro‘zalarni sabr-toqat bilan tutib, tarovehlarda xulusi niyat bilan qoim bo‘lsak, Allohning roziligini topamiz, inshaalloh!

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi


Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Ramazon, Narx-navo, NEGA, oshadi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя