Главная » 2020 » Август » 28 » Rasman: O‘zbekistonda maktablar ochilishi aniq bo‘ldi
20:53

Rasman: O‘zbekistonda maktablar ochilishi aniq bo‘ldi


Bugun, 28 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Butun dunyoga yoyilgan koronavirus pandemiyasi ta’lim sohasi oldiga ham yangi muammo va talablarni qo‘ymoqda. Mamlakatda koronavirus infeksiyasi aniqlanganidan so‘ng, 16 martdan boshlab, an’anaviy ta’lim jarayonlari vaqtinchalik to‘xtatilgan edi. Bolalar uy sharoitida onlayn tahsil oldi.

Yangi o‘quv yili yaqinlashgani sari barcha ota-onalarni o‘qish qachon va qay tarzda boshlanishi qiziqtirmoqda. Bugungi kunda maktab o‘quvchilari soni olti million ikki yuz mingdan ziyodligi inobatga olinsa, mamlakatda bu masalaga befarq oila yo‘qligini aytish mumkin.

Shu bois davlat rahbari hukumatga bu borada xalq fikrini bilish, ota-onalar va muallimlar bilan maslahatlashgan holda, har tomonlama chuqur o‘ylangan qaror qabul qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. 

Shu maqsadda, Xalq ta’limi vazirligi tomonidan alohida so‘rovnoma tuzilib, har bir ota-onaning fikri batafsil o‘rganildi. Bu tadbirda 5 million 500 ming nafar ota-ona ishtirok etdi. Ularning 76 foizi ta’lim jarayonini maktabga qatnagan holda, ya’ni an’anaviy shaklda olib borish tarafdori bo‘lgan. 24 foizi esa masofaviy shaklda – teledarslar orqali davom ettirishni ma’qul ko‘rishgan.

"Bundan tashqari, mazkur masala yuzasidan dunyodagi vaziyat ham o‘rganildi. Kuni kecha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus dunyoda koronavirus kasalligi yana ikki yilgacha davom etishi mumkinligini bildirdi. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish pandemiya sababli ko‘p davlatlarda to‘xtab qolgan ta’lim jarayoni oqibatlari kelgusida dunyo hamjamiyati uchun o‘ta og‘ir bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu degani barchamiz pandemiya sharoitida koronavirus bilan yashash, ishlash va farzandlarimizni o‘qitishga tayyor bo‘lishimiz kerak", deyiladi Prezident Matbuot xizmati xabarida.

O‘qituvchilar bilan o‘tkazilgan muloqotlarda ham aksariyat pedagoglar bolajonlarning ko‘zi va qalblarini sog‘inganini, ta’lim va tarbiya berishga tayyor ekanini, maktablar ochilishini orziqib kutayotganini bildirishgan.

Shu xulosalardan kelib chiqib, maktablarda ta’lim jarayonini bir vaqtning o‘zida ikki xil shaklda tashkil etishga qaror qilindi. Ya’ni, aksariyat ota-onalar talabiga ko‘ra an’anaviy, shu bilan birga masofaviy shaklda yo‘lga qo‘yiladi.

"Mendan bugungi kun qahramonlari kim deb so‘rashsa, bu sog‘liqni saqlash xodimlari bilan bir qatorda hurmatli ustozlarimiz, deb aytgan bo‘lar edim", dedi Prezident yig‘ilishda.

Davlat rahbari jamiyatda o‘qituvchi va ustozlarning obro‘yini ko‘tarishga e’tibor talab darajasida emasligini ta’kidladi.

"Bu yerda gap faqat moddiy rag‘bat haqida emas. Biz o‘zini yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlagan har bir fidoyi muallimga nisbatan yuksak hurmat-ehtirom muhitini shakllantirishimiz kerak. Bitta bolani 11-sinfgacha tarbiyalab, voyaga yetkazish qancha mashaqqat?! Ayniqsa, sinf rahbarlariga ko‘p narsa bog‘liq, biz ularni eshitishimiz, qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Maktabda o‘zgarish bo‘lmas ekan, hech qaysi sohada o‘zgarish bo‘lmaydi", dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘qituvchi va shifokorlarning fidoyi mehnati, yuksak hulq-atvori namunasini namoyon etish maqsadida to‘liq metrajli film va seriallar, ularning faoliyati haqida ko‘rsatuvlar tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Videoselektor yig‘ilishida pandemiya sharoitida ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha dolzarb chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlariga maktablarni sanitar talablarga muvofiq, birlamchi vositalar bilan to‘liq ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Sanitariya xizmati markazlari 5 sentyabrga qadar o‘z hududidagi maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorlik holatini o‘rganib, jamoaga qo‘shimcha o‘quv-treninglar o‘tadi. Bundan maqsad – maktablarga amaliy yordam ko‘rsatib, ota-onalarning ko‘nglini xotirjam qilishdir.

Mahalliy xalq deputatlari kengashlari o‘z tumanidagi epidemiologik sharoitdan kelib chiqib, maktablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli qaror qabul qiladi.

Xalq ta’limi vazirligiga ota-onalar hamda mahalliy kengashlar takliflaridan kelib chiqib, yangi o‘quv yilini 14 sentyabrdan boshlash, maktablarda harakatlar sxemasini ishlab chiqib, tajribadan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bu tajriba asosida o‘quvchilarni maktabda kim kutib olishi, qaysi sinf qaysi eshikdan kirishi, sinfxonalarning havosi qachon almashtirilishi kabi har bir qadam aniq belgilab olinadi. Bu salkam 6 oydan buyon o‘quv dargohini sog‘ingan bolalarning tezroq moslashishi hamda xavfsizligida muhim o‘rin tutadi.

Hozirgi sinovli davrda maktab direktori, sinf rahbari va ota-ona o‘rtasidagi muloqotni har qachongidan ham kuchaytirish, uydan ta’lim oladigan o‘quvchilarning o‘zlashtirishini kundalik monitoring qilish lozimligi ta’kidlandi. Bu o‘quvchilarning yaxshi bilim olishi, shu bilan birga sog‘-salomat bo‘lishini ta’minlaydi.

Videodarslarni sifatli tayyorlash, bu jarayonga davlat va nodavlat telekanallarini faol jalb etish, 3 ta telekanalda doimiy efirga uzatib borish zarurligi qayd etildi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga joylarda raqamli televideniye signali va internet tezligini ta’minlash, chekka hududlardagi kommunikatsiya tizimlarini to‘liq testdan o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. O‘quvchilar uchun internetdan foydalanishda imtiyozli “Maktab” tarif rejasi joriy etilishi aytildi.    

Ta’lim muassasalaridagi tozalik va ozodalikni saqlash, sinfxonalar va atrofni dezinfeksiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, har bir maktabga ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari biriktirilib, tartibni saqlash va karantin talablariga rioya etilishini nazorat qiladi. O‘quvchilar sog‘ligidan doimiy xabardor bo‘lish maqsadida hududiy poliklinika yoki vrachlik punktlaridan kamida bir nafardan tibbiyot xodimi jalb etiladi.

Tadqiqotlar yosh bolalarda virus yengil kechishini ko‘rsatmoqda. Biroq o‘quvchilar infeksiyaning tashuvchisiga aylanib qolishlari mumkin. Ular o‘zlari bilmagan holda ustozlari yoki oila a’zolariga, ayniqsa yoshi ulug‘ kishilarga yuqtirishi xavfini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Prezidentning shu yil 26 avgustdagi “Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, pedagoglar 1 oktyabrga qadar grippga qarshi bepul emlanadi. Shu bilan birga, o‘qituvchilarning mehnatini munosib rag‘batlantirishga ko‘rsatma berildi.

O‘quv dargohlari faoliyatida xavfsizlik choralarini ko‘rish, shuningdek, mahallalarda koronavirusga chalingan xonadonlarni o‘z vaqtida aniqlab, maktab ma’muriyatini tezkor ogohlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Mutasaddi vazirliklarga maktablar uchun pirometr va dozatorlar xarid qilish hamda hududlarga yetkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Viloyat hokimlari maktablarni dezinfeksiya qilish, antiseptik vositalar, tibbiy niqoblar bilan ta’minlashga mas’ul etib belgilandi.

"Har bir rahbar o‘z vazifasini chuqur his qilib, ishga sadoqat va mas’uliyat bilan yondashsa, ham tizim ishlaydi, ham xalqimizning talabini bajargan bo‘lamiz", dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda vazirlar va viloyat hokimlari kun tartibi yuzasidan axborot berdi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: ochilishi, rasman, maktablar, O‘zbekistonda, aniq bo‘ldi | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2020 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя