Главная » 2021 » Сентябрь » 17 » Rossiyaning birinchi raqamli dushmani ochiqlandi. U AQSh ham, Yevroittifoq ham emas
19:59

Rossiyaning birinchi raqamli dushmani ochiqlandi. U AQSh ham, Yevroittifoq ham emas


AQSh nazdida Rossiya global qudratga ega davlat emas. Rasmiy Vashington Vladimir Putin boshchiligidagi o‘lkani ichki muammolari bilan andarmon bo‘lib qolgan, mintaqaviy qudratga ega davlat deb hisoblaydi. Bu haqda tahlilchi Devid Klarkning «EU Observer» nashrida chop etilgan maqolasida so‘z boradi.

Qo‘shma Shtatlar o‘sib borayotgan Xitoyni eng asosiy tahdid deb biladi. Iqtisodiy, harbiy va ilmiy jabhada shiddat bilan ilgarilayotgan Chin o‘lkasi oldida Rossiya xatari u qadar jiddiy emas. Prezident Jo Bayden Rossiya «yadro quroliga hamda neft konlarigagina ega» mamlakat deganida ham shu jihatni nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas.

Bu ta’rif Kremlning g‘azabini qo‘zg‘agani aniq. Ammo tahlilchi Devid Klark AQSh prezidenti fikrlarini Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat bilan isbotlashga harakat qiladi.

Vladimir Putin 2007 yili, ikkinchi prezidentlik muddatida mamlakatning iqtisodiy taraqqiyot strategiyasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Rossiya 2020 yilda dunyoning iqtisodi taraqqiy etgan besh yirik davlatidan biri bo‘lishi kerak edi. Ammo mamlakat o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erisha olmadi. U hozirda iqtisodiy taraqqiyot bo‘yicha reytingda 11-o‘rinni egallab turibdi. Innovatsion rivojlanish ko‘rsatkichi ham ko‘ngildagidek emas. Global innovatsiyalar reytingida 47-o‘ringa ko‘tarila oldi, xolos. Iqtisodiy taraqqiyot ko‘rsatkichi 1 foizni tashkil etmoqda, aholi yashash darajasi esa pasayib bormoqda.

Iqtisodiy depsinishning asosiy sabablaridan biri mamlakat budjeti energiya manbalari eksportiga bog‘lanib qolganidir. Neft va gaz sotuvidan tushgan mablag‘ federal g‘aznaning 40 foizini tashkil  etadi. Dunyo muqobil energiya manbalariga o‘tayotgan va an’anaviy energiya manbalari narxi tushib borayotgan paytda bu xavotirli ko‘rsatkichdir.

To‘rt yil avval Rossiya sobiq moliya vaziri Aleksey Kudrin iqtisodiyotni liberallashtirish hamda texnologik yangiliklarni joriy etish hayot-mamot masalasi ekanini ta’kidlagan edi. Ammo moliya idorasi rahbarining bu da’vati e’tiborsiz qoldirildi. Tahlilchi D.Klarkka ko‘ra, Aleksey Navalniyga berilgan qattiq jazo va milliy xavfsizlik strategiyasining agressiv tus olishi ishboshilar uchun o‘z hukmronligini saqlab qolish muhimroq ekanini ko‘rsatmoqda.

2010 yili Moskva yaqinida «Skolkovo» innovatsiya markazi ochilgan bo‘lib, mazkur markaz AQShning Kremniy vodiysi kabi ilm-fan va yangiliklar beshigiga aylanmog‘i lozim edi. Lekin bu jabhada ham xohish-istak hamda imkoniyatlar o‘zaro mutanosib kelmadi.

Mustaqil sud tizimining yo‘qligi esa iqtisodiyotdagi turg‘unlik tegirmoniga suv quymoqda. Boz ustiga, reyderlik faoliyati – to‘qima ayblov va soxta jinoiy ishlar vositasida yuzlab tadbirkorlarning mol-mulki hamda biznesi tortib olinayotgani vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Jorj Meyson nomidagi universitet qoshidagi Terrorizm, transmilliy jinoyatlar hamda korrupsiyani tadqiq etish markazi hisobotiga ko‘ra, mamlakatda 2019 yilda noqonuniy reydlar 135 foizga o‘sgan.

Bularning bari iqtisod-moliya bo‘g‘iniga kuchli zarba bermoqda. Birgina o‘tgan yilda mamlakatdan 47,8 milliard dollar mablag‘ chiqib ketgan.

Harbiy soha, mudofaa jabhasiga qanchalik e’tibor qaratilmasin, mamlakat iqtisodiy to‘kinliksiz global maydonda kuch-qudrat sohibi bo‘la olmaydi. Boz ustiga, mudofaa jabhasi ham ulkan mablag‘ talab etadi. Shularga ko‘ra, maqola muallifi Rossiyaning asosiy g‘animi uning o‘z iqtisodiyoti degan xulosani bot-bot ta’kidlaydi.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: Rossiyaning, dushmani, AQSH, Yevroittifoq | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя