Главная » 2021 » Апрель » 19 » Saida Mirziyoyeva: «2013-yil oilamiz uchun og‘ir keldi…»
09:23

Saida Mirziyoyeva: «2013-yil oilamiz uchun og‘ir keldi…»


2013-yil oilamiz uchun og‘ir keldi, kutilmaganda yaqin bir insonimiz olamdan o‘tib qoldi. Bu musibat meni hayotga boshqacha qarashga majbur etdi. Aslida, Alloh panohidan boshqa himoyamiz yo‘qligini va O‘ziga mustahkam imongina bizni qutqara olishini tushundim.

O‘sha kunlari qalbimda bir Chaqiriqni his qildim. Buni so‘z bilan tushuntirish qiyin. Oldinlari bunday kuchli tuyg‘uni sezmagan ekanman. Ka’bani tavof qilish, Haj ibodatini ado etish istagi butun borlig‘imni qamrab oldi.

Balki kimdir: «Siz uchun bu muammo emas-ku?!» – deyishi mumkin hozir. Ammo unda vaziyat boshqacha edi.

Tashkiliy muammolar yetarlicha, yana o‘sha yili bedavo kasallik – Ebola virusi tarqalgani ham ortiqcha bo‘ldi. Lekin mening ko‘zimga u paytda hech qanday to‘siqlar ko‘rinmadi.

Biz kvota bo‘yicha navbat kutib, o‘zbekistonlik ziyoratchilar guruhida joy qidirdik. Bir yil deganda yo‘limiz ochildi va Saudiya Arabistoniga yo‘l oldik.

Haj ziyorati qoidasiga ko‘ra samolyotimiz Madina shahriga qo‘ndi. Havo 45 daraja issiq. Boshqa ziyoratchilar bilan birga 6-8 kishilik xonalarga joylashdik.

Ibodatni qattiq ushlaydigan buvijonim boshchiligida ammajonim, xolam, singlim va men – jami 5 ayolmiz.

Samolyotdan tushiboq, buvijonim hammamizni masjidga olib bordilar. Qorin och, tunu kun tayinli ovqat yemaganmiz. Ehson qilib xurmo bilan qora non tarqatib yurgan odamga duch kelganimizda singlim ikkimizning xursand bo‘lib ketganimizni ko‘rganingizda edi! Umrimda bunaqa mazali non yemaganman! O‘sha kundan xurmoga ham mehrim tushib qoldi. Doim o‘zim bilan (buvijonimning bir dunyo qurtlariga qo‘shib), bir juft xurmo olib yuradigan bo‘ldim.

Ertasiga avtobusda Makkaga yo‘l oldik. Yo‘l bo‘yi talbiya aytib ketdik. Shu narsa xotiramda muhrlanib qoldi.

Makkaga yo‘limiz ancha mashaqqatlar bilan kechdi. Safar boshidanoq kimsasiz joyda avtobus buzilib qoldi. Haydovchi arabchada allanimalarni tushuntirdiyu bizni yaqin oradagi bekatga tushurib ketdi. Cho‘lning qoq o‘rtasi. Telefonda aloqaga chiqib bo‘lmaydi. Nima qilishni bilmay, bekatda o‘tiribmiz, changga botib. Orqamizdan so‘rab keladigan odam yo‘q. Bir soatdan keyin qandaydir avtobus ko‘rindi. Oynalari siniq. Ichi to‘la arab erkaklari. Ular ham Makkaga ketishayotgan ekan. Bir amallab avtobusga chiqib, joylashib oldik. Lekin bu bilan sarguzashtimiz tugagani yo‘q. 2 soatlik yo‘ldan keyin bu haydovchi ham bizni qandaydir blok-postda tashlab ketdi.

4 marta mashina almashtirib, 3 soatlik yo‘lni 8 soatda bosib o‘tdik. Ehromlarimiz ko‘rinishdan  uch kun sahroda piyoda yurgan sayyohlarning libosiga o‘xshab qolgandi.

Nihoyat manzilga yetdik, orzuimizdagi maskan – Masjidul-Haromga, muqaddas Ka’baga keldik.

Barcha mashaqqatlar ayni paytda yoqimli ham edi. Men atrofdagilar bilan birligimni his etib turardim. Allohga yaqin bo‘lish yo‘lidagi bu qiyinchiliklar men uchun quvonchga aylanib ketdi.

Biz Hajga borgan 2014 yili Arafa kuni jumaga to‘g‘ri keldi. Buni Hajjul-akbar, deyishar ekan. Bu biz uchun haqiqiy omad, baxtimiz bo‘ldi. Aytishlaricha, Makkaga o‘sha yildagichalik ko‘p odam kelmagan emish.

Ka’bani aylanar ekanmiz, odamlar oqimi bizni shunchalik o‘zi bilan tez tortib ketardiki, necha marta aylanganimizni sanashga zo‘rg‘a ulgurardik...

Men ko‘p davlatlarda bo‘lganman. Lekin bunday muhitni, bunchalik dunyodan uzilish hissini boshqa hech qayerda his qilmaganman.

Bu hisni tuyish barchaga nasib etsin. U muqaddas zaminga har bir dindoshimizning oyog‘i yetsin.  Yana bir bor Ramazon ro‘zasini go‘zal tarzda o‘tkazishni tilayman. Ibodatlaringiz qabul bo‘lsin, azizlar.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: og‘ir, oilamiz, Saida Mirziyoyeva, keldi | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя