Главная » 2021 » Апрель » 11 » Saida Mirziyoyeva: “Yoshgina kelinning hayoti besh ming so‘mga baholanibdi”
16:32

Saida Mirziyoyeva: “Yoshgina kelinning hayoti besh ming so‘mga baholanibdi”


O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlik mavzusidagi yangiliklar keyingi kunlarda umidsizlik zanjiriga bog‘lanib ketyapti. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram’dagi kanalida aytib o‘tdi.

“Biri o‘g‘il farzand ko‘rolmagani uchun qizlari bilan o‘zini poyezd tagiga tashladi. Boshqasi kaltaklarga chidolmay, o‘zini osdi. Qo‘shnilaridan yo‘lkiraga besh ming olganiga do‘pposlashibdi. Norasida qizning nomusiga tekkan kimsa jazosiz qoldi, oilaning zo‘ravonga kuchi yetmadi. Bunday xabarlarni eshitib, odamning ko‘ngli buzilib ketyapti. Bu hali daragi bizgacha yetib kelganlari. Yana qanchasi bosti-bosti bo‘lib ketyapti ekan?”, — degan u.

Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, jazosizlik — sukut natijasi.

“Ayol kishi uyidagi gapni tashqariga chiqarishi, dardi, musibati haqida birovlarga gapirishi qanchalik qiyinligini tushunaman. Ko‘pchilik xotin-qizlar buni o‘zi uchun sharmandalik deb biladi. Ana shu o‘rinsiz uyatni yengib, zo‘ravonlik haqida ochiq so‘zlay olayotganlar tahsinga loyiq. Siz faqatgina o‘zingizga emas, balki kun sayin, yillab zulmga chidab kelayotgan, jabrdiyda bo‘la turib, ta’nalar tagida qolishdan qo‘rqqan, hatto eng yaqinlariga ham dardini ayta olmayotgan ayollarga yordam beryapsiz.

Birovga zulm qiluvchilar, mansabidan foydalanib, jinoyatchilarni qo‘llayotganlar, telefon orqali ish bitiradiganlar, odam tanlab, ayrimlarni boshqalardan ustun qo‘yadiganlar sharmanda bo‘lsin! Shular ta’naga qolsin! Yoshgina kelinning hayoti besh ming so‘mga baholanibdi. Bitta qo‘ng‘iroq navnihol qizning nomusiga tenglashtirilibdi. Bir og‘iz malomat ona va uning qizaloqlari hayot-mamotini hal qilibdi”, — degan Saida Mirziyoyeva.

Uning fikricha, jamiyat razolat va sukut uchun, “ayolning o‘zi aybdor” degan qarash uchun juda og‘ir badal to‘layapti.

“Qonunlar bor. Hamma qonun oldida birdek javob berishi kerak. Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni haqqoniy tergov qilish masalasi birlamchi vazifalar qatorida bo‘lishi shart. Jinoyatchilar jazo muqarrar ekanini bilsin!”, — deya so‘zlarini yakunlagan Saida Mirziyoyeva.

 


Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Saida Mirziyoyeva, kelinning, Yoshgina, baholanibdi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя