Главная » 2020 » Февраль » 4 » Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabi ma’lumoti
23:54

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabi ma’lumoti


O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 2020-yilning 4-fevral kuni olingan rasmiy ma’lumotlarni taqdim qildi. 

Unga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasida jami 20 471 nafardan ortiq fuqarolar kasallanib, kunlik o‘sish 18,8 foizni (3233 nafar) tashkil etmoqda. 425 nafar fuqaro ushbu kasallikdan vafot etgan.

Joriy yilning 3-fevral kuni Agentlikning virusologiya laboratoriyasiga 60 nafar fuqarodan koronavirus infeksiyasi laboratoriya tahlili uchun namunalar keltirildi. Yanvar oyidan boshlab koronavirus infeksiyasiga 215 nafar fuqarolardan namunalar kelgan. Ushbu namunalarda koronavirus infeksiyasi topilmagan.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabi joriy yilning 4-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida koronavirus kasalligi umuman qayd etilmagan.
O‘zbekistondan Xitoyga va Xitoydan O‘zbekistonga aviaparvozlar vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Agentlikning markazi shtabi mutaxassislari tomonidan 71-276-49-66, 71-276-46-65 ishonch telefonlari orqali murojaat qilganlarga tushuntirishlar, aniq ma’lumotlar va zarur tavsiyalar berib borilmoqda. Shu kungacha jami 1642 ta murojaatlarga javob berilgan.
I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 3-fevral kuni xorijiy davlatlardan 33 ta samolyot qabul qilingan, 4 441 nafar fuqarolar sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan.

Temir yo‘llari AJ markaziy Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6 ta sanitariya-karantin punktidan 3 ta poyezdda jami 497 nafar fuqarolar o‘tishgan, shulardan 62 nafarini xorij fuqarolari tashkil etadi. Tana harorati ko‘tarilgan fuqarolar aniqlanmagan. 
Davlat chegara kesishish punktlaridagi sanitariya-karantin punktlar orqali 1 626 ta avtotransportlar, 23 468 nafar fuqarolar o‘tkazilgan, shulardan 11 971 nafari chet el fuqarolari hisoblanadi. Tana harorati ko‘tarilgan fuqarolar aniqlanmagan.

Mamalakatimiz aholisi o‘rtasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan barcha profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan xalqaro tibbiy sanitariya qoidalar talablari asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlarda mutasaddi vazirliklar, idoralar va keng jamoatchilik faol ishtirok etmoqda.

XXRdan charter reyslar orqali olib kelinadigan fuqarolar to‘g‘risida ma’lumot

2020-yilning 4–5-fevral kunlari O‘zbekistonga Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahridan 2 ta hamda Uxan pravinsiyasidan 1 ta charter reyslar amalga oshiriladi. 
Dastlabki reys Pekin shahridan amalga oshirildi hamda unda 250 nafar fuqarolarimiz olib kelindi. Birlamchi tekshiruvlarda ularning hech birida koronavirus alomatlari aniqlanmadi.

Xitoydan olib kelingan vatandoshlarimiz koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, xavfsiz sanitariya-epidemiologik holatni ta’minlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasasiga joylashtiriladi.

Maxsus tayyorlangan muassasalarda barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, o‘rin-joylar, oziq-ovqatlar, zarur dori-darmonlar, diagnostika, dezinfeksiya va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlangan.

Fuqarolarning barchasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra 14 kun davomida (kasallikning yashirin davri davomida) laboratoriya va tibbiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Mazkur tadbirlarga Sog‘liqni saqlash vazirligidan sohaning yetkachi mutaxassislari jalb etilgan, ular tegishli tartibda kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan.
Fuqarolar yaqinlari bilan telefon orqali audio-video muloqot olib borish imkoniyatiga ega bo'lishadi.


Manba: "xabardor.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя