Главная » 2020 » Октябрь » 8 » Saraton, qandli diabet, nevralgiya: O‘g‘ir kasalliklar bilan kurashayotgan Bollivud yulduzlari (foto)
23:01

Saraton, qandli diabet, nevralgiya: O‘g‘ir kasalliklar bilan kurashayotgan Bollivud yulduzlari (foto)


Ommaviy axborot vositalarida kino yulduzlarining tez-tez ko‘rinib turishi, albatta, ularning muvaffaqiyat ko‘rsatkichining yuqoriligidan darak beradi. Afsuski, ba’zida ular haqida taqdim etilgan yangiliklar achinarli bo‘lishi ham mumkin. Og‘ir kasalliklar inson tanlab o‘tirmaganidek, mashhur yulduzlarning ayrimlari ular bilan kurash olib bormoqda. Aksariyati esa kurashda allaqachon g‘olib chiqqan.

Manisha Koyrala

Ko‘plab mashhur kinolarda rol ijro etgan go‘zal aktrisa Manisha Koyrala 2012-yilda tuxumdon saratoni kasalligi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ushbu dahshatli tashxis qo‘yilganda aktrisa 42 yoshda edi. Nyu-Yorkda davolangan Manisha har tomonlama kuchli va bardoshli bo‘lishga harakat qildi. Mana endi u butunlay sog‘lom va baquvvat ayolga aylandi.

Mumtaz

Afsonaviy aktrisa Mumtaz ko‘krak bezi saratoni bilan kurashgan. Ushbu tashxis 2002-yil Mumtaz 54 yoshga to‘lganda qo‘yildi. So‘ngra aktrisa 6 ta kimyoviy terapiya va 35 marta nurlanish amaliyotini o‘tkazdi. U chindan ham qiyinchiliklarga bardosh berib: “Men osonlikcha taslim bo‘lmayman. Hatto o‘lim ham menga qarshi kurashishi kerak”, − dedi. U yana avvalgidek hayotga qaytishi uchun qattiq rejimga amal qildi. Aktrisa ayni damda 72 yoshda va o‘zini juda yaxshi his qilmoqda.

Sonali Bendre

2018-yil iyul oyi oxirida Bollivudda yana bir dahshatli xabar tarqaldi. Unga ko‘ra, yosh, chiroyli va mahoratli aktrisa Sonali Bendre saraton kasalligiga uchragan edi. Afsuski, aktrisaning kasalligi oxirgi bosqichda aniqlangan. Ammo aktrisa vaqtni o‘tkazmay Nyu-Yorkka davolangani uchib ketdi. Uni hamkasblari, do‘st va yaqinlari doimo qo‘llab-quvvatlab turdi.

Birozdan so‘ng Sonali Instagram sahifasida o‘zining fotosuratini joylashtirdi. Suratda ikki dugonasi Suzanna Xan va Gayatri Joshi, shuningdek, aktrisaning o‘zi sochlari olingan holatda edi.

Eng achinarlisi, aktrisa suratda shunday ta’sirchan jumlalarni ilova qilgan edi: “Bu menman. Va hozirgi paytda juda ham baxtliman. Hozir bu gaplarim uchun odamlar menga hayrat ko‘zi bilan boqayotgandir, lekin bu haqiqat. Albatta, buning sababini aytaman. Endi har bir daqiqaga e’tiborli bo‘laman, quvonch va quyosh nurlarida isinish uchun har qanday imkonni izlab topaman. Og‘riqli va quvvatsiz lahzalar ham bor, lekin men o‘zim xohlagan ishni qilaman, sevgan insonlarim bilan vaqt o‘tkazaman, shundagina o‘zimni sevimli va baxtli his qilaman. Do‘stlarimdan cheksiz minnatdorman. Bir zumda yonimda yonimda paydo bo‘lib, menga kuch beradigan, o‘zlarining tig‘iz vaqtiga qaramay, tashrif buyurgan, qo‘ng‘iroq qilgan va xabar yuborishga vaqt topgan…Bunday vaziyatda o‘zimni yolg‘iz his etmasligim uchun ular sira ham tark etmadi. Haqiqiy do‘stlik qanday bo‘lishini ko‘rsatganingiz uchun tashakkur”.

P.S. “Ayni damda sochlarim uchun ko‘p vaqt sarflamayman, chunki endi ular meni bezovta qilmaydi”.

Sonam Kapur

Bollivud aktrisasi hamda modelyeri Sonam Kapur uzoq vaqtdan buyon qand kasali bilan kurashayotganini juda kam inson biladi. Endi u parhez yordamida kasallikni nazorat qilishi mumkin. Ushbu jozibali nozik qizga qarab, ayrim odamlar uning bir vaqtlar 86 kilogramm og‘irlikda bo‘lganini esga oladi, qat’iy rejimdagi parhez tufayli u tez vaqt ichida 35 kilogramm vazn yo‘qotdi.

Salmon Xon

Yulduz Salmon Xonga uch shoxli nerv kasalligi tashxisi qo‘yilgan. Aktyor hali hamon ushbu kasallik bilan kurashmoqda. Bu nevropatik kasallik bo‘lib, yuzning jag‘, yanoq qismlarida og‘riqlar kuzatiladi. Shuningdek, uning AQShda bir muddat davolanib kelishi aktyorning sog‘lig‘ini biroz yengillashtirdi.

Ritik Roshan

Mashhur aktyor va raqqos Ritik Roshan surunkali subdural gematomadan aziyat chekadi. Ushbu kasallik miya shikastlanishi bilan bog‘liq. Kasallik tufayli aktyorning boshi qattiq og‘riydi va muntazam ravishda davolash ishlari olib boriladi.

Shohrux Xon

Bollivud qiroli Shohrux Xon oz emas, naqd 8 ta − yelka, qovurg‘a, to‘piq, tizza, bo‘yin hamda ko‘z sohasida jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Shuningdek, u uzoq vaqtdan buyon qo‘l va bel og‘rig‘idan azoblanmoqda. Shuning uchun aktyor kerak bo‘lganda darhol murojaat qilishi uchun suratga olish maydonchasida doimo shifokor ham bo‘ladi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Qandli diabet, Bollivud yulduzlari, kurashayotgan, saraton, nevralgiya, (Foto) | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя