Главная » 2017 » Апрель » 5 » Sardor Mamadaliev Oxunjon Madalievning qo‘shig‘i so‘zlarini buzib kuylaganlikda ayblandi
21:16

Sardor Mamadaliev Oxunjon Madalievning qo‘shig‘i so‘zlarini buzib kuylaganlikda ayblandi


“Darakchi” gazetasi tahririyatiga elektron pochta orqali Farg‘ona politexnika instituti Ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i, shoir Ravshan Madumarov (Nursux)dan e’tiroz xati keldi. Maktubda yozilishicha, xonanda Sardor ­Mamadaliev shoirning she’rini o‘zgartirib kuylagan ekan. Masalaga oydinlik kiritish maqsadida shoir bilan bog‘landik...

— Xatingizda “Yaqinda qo‘shiqchi Sardor Mamadaliev tomonidan yana bir yangi “sovg‘a” bo‘ldi, ya’ni Oxunjon Madaliev­ning “madhiya”siga aylangan, mening qalamimga mansub, “Unutmoq osonmas bizlarni” qo‘shig‘i so‘zlari buzib kuylandi. Bu kabi qiliqlar uning uchun o‘zini tanitishning yo‘li. Lekin bu yo‘lning noto‘g‘riligini o‘zi qancha erta anglab yetsa, shuncha yaxshi bo‘lar edi”, — deb yozgan ekansiz. She’rning aynan qaerini o‘zgartirgan?

— Ustoz san’atkorlar kuylagan juda ko‘p qo‘shiqlarni buzib, ya’ni boshqa kuyga solib o‘z talqinida kuylayapti. Bunga uning haqqi yo‘q. Aynan “Unutmoq osonmas bizlarni” she’rimni ham butunlay o‘zgartirib, musiqasinigina saqlab qolgan holda kuyladi. Asabim buzilgani uchun Sardor kuylagan qo‘shiqni eshitmadim.

— Unda o‘zgartirganini qaerdan bildingiz?!

— Eshitdim, faqat so‘zlari yodimda qolmadi.

— Uning talqinidagi qo‘shiqni eshitgach, Sardor bilan bog‘lanib masalaga oydinlik kiritishga harakat qildingizmi?

— Yo‘q, bog‘lanmadim. Yosh bola bilan masalaga oydinlik kiritib o‘tirishni o‘zimga ep ko‘rmadim. Hatto sizlarga xat yozishdan avval ham rosa o‘yladim... Ustoz san’atkorlar kuylagan, xalqning dilidan joy olgan qo‘shiqlarni buzib, o‘z talqinida kuylayverish bu — xato. Masalan, Rossiya­da Alla Pugachyova, Filipp Kirkorovning qo‘shig‘ini birov buzib kuylab ko‘rsin-chi, nima bo‘larkin? Nega endi bizning yosh xonandalar bunga jur’at qilishi kerak? O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘raevning bir qo‘shig‘ida shunday jumlalar bor: “Birovning qo‘shig‘i bilan obro‘ topguncha, botqoqda qurbaqa bo‘lib sayragan ma’qul”. Ushbu misraning naqadar to‘g‘riligiga bugun yanada amin bo‘ldim. Nahotki bunday buzg‘unchilarga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmasa?

Ikkinchi tomonning ham fikrini bilish uchun xonanda Sardor Mamadalievning fikri bilan qiziqdik.

— Sardor aka, “Unutmoq osonmas bizlarni” she’r muallifi ustingizdan shikoyat qilib, tahririyatimizga murojaat qildi. Shoirning aytishicha, she’rining so‘zlarini o‘zgartirib kuylabsiz?

— “Unutmoq osonmas sizlarni” she’rini ikki yil avval andijonlik shoir Omadbek Vafo yuborgandi. Mavridi bo‘lgani uchun o‘tganlarni xotirlash maqsadida shu she’rni qo‘shiq qildim. Bilishimcha, Omad Vafo ustoz san’atkorimiz kuylagan qo‘shiqdan ilhomlanib, muxammas yozgan. Nazarimda, bu she’rni buzishmas, shoirga bo‘lgan hurmat-ku?! Mavjud she’rdan yana bir she’r “tug‘ilgani”, o‘tganlarni xotirlash uchun yana bir yangi qo‘shiq yozilgani quvonarli hol-ku. Ijodkorlarga bir-birining ortidan bunday shikoyat, norozilik bildirib yurish yarashmaydi. Yaxshilikni targ‘ibot qiladigan soha vakillaridan birimiz. Aksincha, shoirimiz Ravshan Nursux biz bilan hamkorlik qilsinlar, hamkorlikda yangi qo‘shiqlar yozaylik.

Oxunjon Madaliev ijrosida kuylangan shoir Ravshan Nursuxning 1992 yilda yozilgan she’ri:

“UNUTMOQ OSONMAS BIZLARNI”

Soyaman ortingdan ergashgan,

Yostiqman tunlari dardlashgan,

Tushingman o‘ngingga almashgan,

Unutmoq osonmas bizlarni.

Yurakka o‘q sanchgan kamonman,

Yuzingga rang sochgan somonman,

Yomonman, men o‘sha yomonman,

Unutmoq osonmas bizlarni.

Afsusman egilgan boshlarda,

Tim qaro, uyulgan qoshlarda,

Armonman ko‘zdagi yoshlarda,

Unutmoq osonmas bizlarni.

Qalbingni tark etsa vafolar,

O‘rnini egallar jafolar,

Bu dardga yo‘q erur davolar,

Unutmoq osonmas bizlarni.

Soyaman ortingdan ergashgan...

Sardor Mamadaliev ijro etgan variant:

 

“UNUTMOQ OSONMAS SIZLARNI”

Soyasiz bulutga ergashgan,

Sizlarga yaxshilik ergashgan,

Soyasiz bulutga tirmashgan,

Sizlarga yaxshilik ergashgan.

Yodingiz dillarga joylashgan,

Unutmoq osonmas sizlarni.

Siz yo‘qsiz qalbimda yarolar,

Ayting bu dardni kim davolar.

Shukr bor siz aytgan navolar,

Unutmoq osonmas sizlarni.

Afsusdan egildi boshlar ham,

Sog‘inib uyuldi qoshlar ham,

Firoqdan dengizdir yoshlar ham,

Unutmoq osonmas sizlarni.

Bu dunyo o‘tkinchi bevafo,

Siz shoir, siz hofiz, siz daho

Ushbu dam qalbimda bir vido,

Unutmoq osonmas sizlarni.

Shu o‘rinda shoir yigit Omad Vafo bilan ham bog‘lanishni lozim topdik.

— 2014 yil ustoz san’atkor Oxunjon Madalievning “Unutmoq osonmas bizlarni” qo‘shig‘idan ilhomlanib, qolaversa, o‘tganlarni xotirlash maqsadida “Unutmoq osonmas sizlarni” nomli muxammas yozgandim. Xonanda Sardor Mamadalievni ijodiga befarq bo‘lmaganim va u Oxunjon Madalievning qo‘shiqlarini ham kuylagani uchun she’rimga bee’tibor bo‘lmasa kerak, degan o‘yda xonandaga bergandim.

— “Unutmoq osonmas bizlarni” qo‘shig‘i she’r muallifini bu haqda ogoh­lan­tir­ganmidingiz?

— Rosti, shoirimizning ism-familiyasini bilmayman, qo‘shiqni eshitib, yaxshi niyatda yozgandim, havaskor shoirman. Ranjishi mumkinligi xayolimga ham kelmagandi. U kishi bilan bog‘lanib, shaxsan o‘zim uzr so‘rab qo‘yaman.

Eslatib o‘tamiz, muxammas so‘zi arab tilidan tarjima qilinganda, beshlik yoki har bandi besh misradan iborat she’riy asar degani. Masalan, Ogahiy Navoiy g‘azallariga ko‘plab muxammaslar bog‘lagan. Mazkur ikki she’rga nisbatan g‘azal va muxammas atamalarini qo‘llash noo‘rin. Balki nazira deyilsa to‘g‘riroq bo‘lar?

Keyingi vaqtlarda shu kabi e’tirozlar ko‘paysa ko‘payaptiki, kamaygani yo‘q. Harqalay ijodkorlar she’r va musiqa mualliflariga e’tiborliroq bo‘lsalar yaxshi bo‘lardi. Albatta, “nazira” yozilgani yaxshi, lekin ijod namunasini muxlislarga taqdim etayotganda asl muallif ham ko‘rsatilsa — olam guliston.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Oxunjon Madaliev, Sardor Mamadaliev | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя