Главная » 2016 » Декабрь » 23 » Sevara Nazarxon 40 yoshni qarshiladi
19:29

Sevara Nazarxon 40 yoshni qarshiladi


Uning ovozi millionlab yuraklarni zabt etishga ulgurgan. Uning har bir qo‘shig‘i o‘z o‘rniga ega. Uning yurish-turishida ham, qo‘shiqlarida ham oddiylik, samimiylik, xalqqa yaqinlik sezilib turadi. Xalqaro sahnaga chiqqanda ham oddiyligini, o‘zbek qizi ekanini unutmagan xonandani ko‘rgan borki, ich-ichidan faxrlanadi, “O‘zimizning Sevara”, deydi. U ana shu oddiyligi bilan tilga tushdi. Qo‘shiqlaridagi baland pardalar emas, dilga yaqin nolalar, noodatiy qochirimlar qalbimiz torlarini cherta oldi. Kun kelib Andijondan bunday shirin nafasli xonanda chiqib, dunyoni o‘ziga qaratadi, deb kim o‘ylabdi deysiz.
 
Sevara Nazarxon sahnada kuylaganda, shunchaki tomosha qilishning imkoni yo‘q. U kuylayotgan qo‘shig‘i bilan eng samimiy hissiyotlarni bahsh etadi. Uni eshitib kulasiz, yig‘laysiz, raqsga tushasiz, xayol ummoniga g‘arq bo‘lasiz. “Ulug‘imsan, Vatanim” qo‘shig‘idan shu hislarni topmagan o‘zbekistonlik bormi?
 
Yaqinda yana bir bor onalik baxtiga muyassar bo‘lgan Sevara Nazarxon Rossiya shou-biznesida ham samarali mehnat qildi. Bir qator yirik loyihalarda ishirok etib, O‘zbekiston nomini dunyoga tanitishga o‘z hissasini qo‘shdi.
 
Sevara Nazarxon professional xonanda sifatidagi faoliyatini boshlashi o‘tgan asrning so‘nggi yillariga borib taqaladi. Uning ilk qo‘shiqlari “Tohir va Zuhra” filmida jarang sochgan edi. O‘shandan buyon katta sahnada mehnat qilib kelayotgan Nazarxon 2003 yil O‘zbekiston davlat konservatoriyasini tamomladi.
 
Sevara talabalik davrlaridayoq tilga tushib bo‘lgan edi. Ayniqsa, 2000 yil unga omadli kelgan. Xonanda o‘sha yili Piter Gabriel bilan tanishdi va Londondagi mashhur ovoz yozish studiyalaridan birida albom chiqarish baxtiga erishdi. Shu yilning o‘zida “Nihol” mukofoti bilan taqdirlandi. Bir necha bor Angliyada konsert berdi, o‘zbek etnik musiqasini dunyoga tanitdi.
 
Sevara Nazarxonning musiqa san’atida olib borgan faoliyati hukumatimiz tomonidan e’tiborga olinib, 2002 yilda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov farmoni bilan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni topshirildi.
 
Sevara ko‘p kuylamaydi, ya’ni har oyda qo‘shiq chiqarmaydi, to‘y uchun, raqsbop taronalar ortidan quvmaydi. U ko‘ngil qo‘shiqlarini yaratadi. Yurak uchun kuylaydi. O‘zi istaganini, yoqqanini va yetkazib bera olishiga ko‘zi yetganini ijro etadi. Milliy maqomlar bo‘ladimi yoki estrada qo‘shiqlari, xullas, Sevaraning ijrosida o‘zgacha ko‘rinish kasb etadi. Shu sabab uning muxlislari ham saralangan. U keng auditoriyaga emas, musiqani tushunadigan va hurmat qiladiganlar uchun ijod qiladi.
 
Katta iste’dod sohibasi Sevara Nazarxon bugun, 23 dekabr kuni 40 yoshni qarshiladi. U umrning eng gullagan, kuchga to‘lgan davrida turibdi. Muxlislari esa xonandadan yangi ijod namunalari kutadi.
 
Fursatdan foydalanib, tahririyatimiz nomidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxonni tavallud ayyomi bilan muborakbod etamiz.

Durdona Rasulova 


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Sevara Nazarxon | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя