Главная » 2017 » Август » 10 » Sevgiga qaram qizlar: Aqldan begona bo‘lmang!
20:03

Sevgiga qaram qizlar: Aqldan begona bo‘lmang!


Kimnidir sevib qolgan qizni ko‘rsang, beixtiyor o‘zingning sevib-sevilib yurgan chog‘ing yodingga tushadi. Tuyg‘ularning eng asiliga asir bo‘lib yashash ham baxt, ham azob. Bugun men qizlar kundaligiga yozayotganim mavzu nihoyatda nozik va muhim gaplardan iborat. Sevgi bilan hazillashib bo‘lmaydi, uni sevmay turib tilga olish, o‘ylamay turib fikr bildirish ham mushkul..

Sevgi nima u?

Qizlarjon, «Bizni hech kim tushunmaydi, axir bir-birimizni sevamiz» deb boshqalarni inkor etishga shoshilmang. Hamma ham sizning yoshingizni bosib o‘tgan, siz o‘ylagan xayollarni boshidan, tuyg‘ularni ko‘nglidan o‘tkazgan. Bugun kundaligimni varaqlab, o‘n sakkiz yoshimda «Sevgi nima?» degan savolga qanday javob berganimni topdim: «Sevgi ham hurmat, ham qat’iy ishonch, ham tan harorati, ham dil otashi, ham ko‘zlar yolqini, ham tillar titrog‘i, ham yurak tepkisi, vujudni parchalovchi kuchli bir intilish, sadoqat-la tillashish, o‘zingni kimgadir ega va yana o‘sha kimgadir tobe kabi his qilish, asov otdek bo‘ysunmas «Men»ni nazokat-la tutqazish, undan hech narsa talab qilmay turib, o‘zingni qarzdor his qilish, uning xayoli, uning hayoti bilan yashamoq va bundan o‘zni har qachongidan baxtli his etmoq.... Rahmat, rahmat, sevishni o‘rgatganing uchun...» Bugun bu fikrlarning ba’zilariga qo‘shilaman, ba’zilariga esa yo‘q. Ammo o‘sha paytdagi hissiyotlarim o‘z davri uchun haqiqat ekanligini tan olaman. Yana eslaymanki, agar men sevgan odamimga turmushga chiqmasam ham butun umrga yetgulik ilhom va ijod manbaim — sevgim o‘zim bilan qolishini aniq tasavvur qilardim, bundan xotirjam tortardim. Men qizlar turmushga chiqmaguncha sevmasligi, birov bilan gaplashmasligi kerak, degan fikrga biroz qarshiman. Bu — hayot, unda ko‘zni, quloqni, ko‘ngilni berkitib yashab bo‘lmaydi. Oq-qorani ajratishni, kim bilan qanday muloqot qilish kerakligini ham qachondir o‘rganish lozim. O‘zi o‘ylab topgan sevgisini deb ota-onasini «Shunga tegmasam, o‘zimni o‘ldiraman, dori ichaman, qochib ketaman, tomir kesaman» taxlitda qo‘rqitib, turmushga chiqadigan qizlarning ikki oy o‘tmay ajrashib kelganini ko‘rsam, muhabbatning nomini sotib, narxini pasaytirdi, umrini esa vaqtinchalik hislariga xazon qildi, degim keladi.

Sevilish — baxt, ammo uning chindan sevilishmi yoki boshqa narsami aniqlay olish ham mahorat. Sevish — baxt, biroq uning davomli bo‘lishiga ko‘zing yetmasa, o‘z tuyg‘ularingni boshqarolmasang, ichingdagini ichingda asray olmasang, hali o‘zing ham ishonching komil bo‘lmagan ishqqa hammani ishontirishga urinsang va keyin qo‘ltig‘ingdan tarvuzing tushib, hammasi barham topsa, bu muvaqqat baxting senga faqat azob keltiradi.

Internetdagi kimsa uchun sirka ichgan qiz

Bugun sevishganlarga qarab, sevgi ham texnogen o‘zgarishlarga uchradimi, degan fikr keladi xayolga. Chatda tanishasan, telefonda bilishasan, ko‘rmay turib ham sevgi izhorini «sms»da yuborasan, ijtimoiy tarmoqda onlayn tarzda ahdi paymon qilasan, afsuski, sovchilarni ham virtual jo‘natishning imkoni yo‘q. Ish shu yerga yetganda ba’zilarning ko‘zi ochiladi, ba’zilar esa ekrandagi mubham sevgini deb ko‘z yoshini to‘kadi. Qizlarjon, sevib qolish va sevilish aslida internetdagichalik oson emas. Sizning hisob raqamingizga ikki marta pul tashlagani uning sizga qurbonlik qilishga qodir ekanligidan dalolat bermaydi. Yoki sizni hali ko‘rmasdan «Sevgimiz uchun kurashaylik, u bilan gaplashma, bu bilan uchrashma» deb taqiqlar qo‘ygani uchun undan «piri komil» yasab olishingiz to‘g‘ri emas.

«Shoshilinch tez yordam» shifoxonasiga sirka ichgan o‘n sakkiz yosh qizni keltirishdi. Qizginaning holiga qarab bo‘lmasdi. Ota-onasi esa nima bo‘lganiga hayron. Otasi sho‘rlik dod solib yig‘laydi: «Bir og‘iz gapim: telefoningni sindirib tashlayman, uyga kelganda ishlatma, deganim bo‘ldi. Shu gapga o‘zini o‘ldirmoqchi bo‘ladimi? Qizimni asrab qolinglar!» deb o‘zini har yoqqa ura boshladi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, ikki yildan beri internetda “sevishib” yurgan yigiti uylanib, o‘zining to‘y suratlarini unga jo‘natibdi. Qizning hayoti saqlab qolindi, ammo ichki a’zolariga shikast yetgan, ovoz paylarida o‘zgarish bo‘lgan, lablariga qadar shishib ketgan oppoqqina qizning yuragidan qachondir sevgi chandiqlari arisa ham, jismidagi o‘zgarishlar unga har vaqt o‘z ahmoqligini eslatib turadi...

Ruhshunos fikri: — Irodasi sust odamga internet xuddi tamaki, nos, alkogol, giyohvand moddalar kabi ta’sir o‘tkazishga, o‘ziga o‘rgatib qo‘yishga qodir. Agar internetga bog‘lab turgan obektlar yo‘qolib qolsa, kishining hayotidan mazmun yo‘qolgandek o‘zini qaerga qo‘yishni bilmaydi. To unga yetishguncha yoki o‘sha ob’ektning o‘rni boshqasi bilan to‘lgunicha turli noma’qulchiliklar qilib qo‘yishgacha borishi mumkin. Xumorning o‘rni bosilguncha bo‘lgan xurujni sevgining azobi deb o‘ylasangiz adashasiz.

Istirohat bog‘laridagi sevishganlarmi yoki uyatsizlar?

Tan olish kerak, sevib qolgan odamda otning kallasidek yurak bo‘ladi. Shuning uchun ham ko‘chada qo‘l ushlashib ketayotgan yigit-qizga qarab, «Uyidagilar ko‘rib qolishidan qo‘rqmasmikin?» degan fikr keladi. Bolangizni istirohat bog‘iga olib borsangiz, har bir daraxt ortida “pichirlashib” turgan “sevishganlar”ga xalaqit berganingizdan uyalib ketasiz. Tana maylini deb aql va ruh maylini, pokiza qizlik sha’nini o‘ldirishni sevgi deb o‘ylasangiz, hislaringiz uchun o‘z ixtiyoringizni yigitga topshirsangiz, butun umrga, qiyomatga tatigulik katta xato qilgan bo‘lasiz! Ko‘pincha yigiti tomonidan tashlab ketilgan qizlar o‘zining qiziqarlilik, sirliligini yo‘qotgan, uning hamma aytganlariga ko‘ngan bo‘ladilar. Erkak kishi necha yoshda bo‘lmasin, unda zabt etish, o‘zlashtirishga bo‘lgan moyillik bo‘ladi. O‘zidan bir qadam narida ushlab turish uchun qiz bolada aql uyg‘oq bo‘lishi shart, iymon dilida turishi shart!

Qarindoshimning to‘yiga atab istirohat bog‘ida «sevgi tarixi»ni suratga olyapmiz. Tasvirchi, kelin-kuyov, kuyov jo‘ra, yanga va yana boshqalar ham bor. Kutilmaganda bir yigit paydo bo‘lib, tasvirchi bilan urishib ketdi. Yigit tasvirchining qo‘lidagi kamerasini mahkam ushlab olgan, «Kassetangni ber», deydi. Tasvirchi esa: «Ro‘za kunlari parkda qilib o‘tirgan ishingni qara! Kameramdan qo‘lingni tort»» deb baqiradi. Ikkovini kuyov jo‘ralar zo‘rg‘a ajratib olishdi. Fokusni to‘g‘irlayotgan tasvirchi panada o‘tirgan «sevishganlar»ni suratga olayotgandek tutgan o‘zini. Yigit buni ko‘rib qolgach, o‘chirishni talab qilyapti. «Hech narsani suratga olmadik, hazillashdik», deb yigitni bir amallab jo‘natib yuborishdi. Biroq montaj jarayonida shu bema’ni kadrlarga baribir ko‘zim tushdi. Tasvirchining ishi tarbiyasizlik, yengiltaklikdan boshqa narsa emas, biroq kadrdagi kollej o‘quvchisi yoshidagi qizning o‘zidan ancha yosh katta yigit bilan qilayotgan qilg‘iligi ko‘nglingizni ag‘darib yuboradi. «Biz bir-birimizni sevamiz, unashtirilganmiz» deb yalang‘och holatini oqlashga urinayotgan o‘zbek qizi ishtirokida qanchadan qancha videotasvirlar qo‘l telefonlarida tarqalib ketgan. O‘sha holat pokiza sevgimi? Qiz va yigitni oqlab bo‘ladimi? Yodingizda bo‘lsin, sevgi tananing qutqusi emas!

Ruhshunos fikri: — E’tibor berganmisiz, turmush qurgandan keyin yosh kelin-kuyovlar, hatto bir-birlari bilan qo‘l ushlashga uyalib qoladilar. Bilingki, insonning yerdagi hislari osmoniy hislaridan ustun bo‘lolmaydi, chunki tananing intilishi bir necha daqiqa, qalbning intilishi esa butun umrlik bo‘lishi mumkin. Inson tana lazzati uchun qalb va ruh erkinligini boshqalarning qo‘liga tutqazib qo‘yishi hech gap emas. O‘z sevgan qizidan yaqinroq bo‘lishni talab qilayotgan yigitni kuzatsangiz, unda hamma hislar vaqtinchalik. Agar qiz tizginni topshirsa, yarim yil, bir yil uning etagiga ergashishga tayyor. Ammo davomiga imkon yo‘qligi bois, unda ob’ektni o‘zgartirish ehtimoli oshaveradi.

Biz sevgining turlari haqida ruhshunoslar tasnifini e’tiboringizga havola etamiz:

Eros — jismoniy qiziqish. Munosabatlar tezlik bilan keyingi bosqichga o‘taveradi. Bir-biriga qalban emas, jisman bog‘liqligi uchun ham bir-biridan qo‘rqadi, samimiy sevgini hech qachon his qilolmaydi.

Lyudus — bu sevgi ko‘proq o‘yinga o‘xshaydi. Sevishganlarning biri munosabatlarni jiddiy qabul qilmasligi natijasida kelib chiqadi. Sevishganlar bir-birini ko‘p hafa qiladi, keraksiz vaziyatlarda ham urishish uchun bahona topaveradi. Lyudus bir nechtasi bilan bir vaqtda sevishaveradiganlar uchun tashxis. Chuqur va davomli sevgi haqida gap bo‘lishi mumkin emas.

Storge — sokin qalbning sevgisi. Bunda ehtiros ham, sevgi ham asta-sekinlik bilan uyg‘onadi. Umumiy qiziqishlar asosida do‘stlik yuzaga keladi. Ular ko‘p jihatlar bo‘yicha o‘zaro mos kelishi kerak: tashqi ko‘rinish, ijtimoiy, moddiy mavqe, dunyoqarash va boshqalar. Bunda inson istalgan payt sevgani uni qo‘llab-quvvatlashini, yonida turishini aniq biladi.

Pragma — pragmatik sevgi, hayotiy va tabiiy munosabatlar. Odatda buni “hisobli muhabbat” deb atashadi. Pragmatik sevishganlar bir-birlaridan nimani istayotganliklarni yaxshi bilishadi va bildirishadi. Shart qo‘yib, bu shartlarga birma-bir amal qilish kerakligini qoidaga aylantirishadi. Ko‘pincha badavlat va kelishgan erkaklar yosh ayolning muhabbatini shu taxlit “sotib oladilar”. Ularning shiori “sizda ugina, bizdan bugina”!

Mania — o‘ta hissiyotli muhabbat, xuddi amerika tog‘i attraksioniga chiqishga o‘xshaydi. Baqirasan, qichqirasan, pastga tushganingda hech nima bo‘lgandek davom etasan. Biroq o‘ta ta’sirchan va tezda beriluvchan odamlar hamrohiga butkul bog‘lanib qoladilar, vaqti kelganda uni tinch qo‘yish kerakligini istamaydilar. “Men sensiz yasholmayman!” deydilar-u uning uchun hech narsa qilmaydilar.

Agape — lyudusning tamomila teskarisi. Bu qurbonlik muhabbati. Bunday sevishganlar o‘zlari haqida emas, sevgani haqida ko‘proq o‘ylab, g‘amxo‘rlik qiladilar. Agapeda ruhiy intilish jismoniy intilishdan ko‘ra kuchliroq. Munosabatlarda minnat yo‘q, manfaat bo‘lmaydi.

Bular bir insonning hayotida aralash-quralash holda ham uchrayveradi, zero sevgi kimyosi hammada o‘ziga xos usulda o‘zi tomonidan tayyorlanadi. Muhimi, muhabbatning ko‘zi ko‘r, deb aqldan begona bo‘lmay sevishni ham o‘rganish lozim.

Ruhshunos Umida Agzamova tavsiyalari asosida Aziza Qurbonova tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"

Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: Sevgi dunyosi | | Теги: sevgi, Aqldan, qaram qizlar, begona bo‘lmang | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя