Главная » 2020 » Май » 5 » Shavkat Mirziyoyev: «Epidemiologik vaziyat yaxshilanganidan foydalanib, karantin rejimini asta-sekin yumshatmasak bo‘lmaydi»
20:07

Shavkat Mirziyoyev: «Epidemiologik vaziyat yaxshilanganidan foydalanib, karantin rejimini asta-sekin yumshatmasak bo‘lmaydi»


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 may kuni videoselektor yig‘ilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tdi.
«Butun insoniyat koronavirus bilan birga, iqtisodiy inqirozga ham qarshi kurashayotganini hammamiz ko‘rib, kuzatib turibmiz.
Jahonda murakkab vaziyatdan chiqish uchun karantin choralarini asta-sekin yumshatayotgan davlatlar soni ko‘payib bormoqda.
Yaratganga shukur, bugun O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat tobora barqarorlashib boryapti. Kundan kunga kasallikka chalinganlarga nisbatan sog‘aygan bemorlar soni ko‘paymoqda. Karantinga yangi olinganlarga nisbatan ancha ko‘p odam undan chiqarilmoqda.
Natijada bugungi kunda koronavirus yuqtirgan 2 ming 204 nafar bemordan 1 ming 454 nafari yoki 66 foizi to‘la sog‘aydi.
Karantindagi aholining 83 foizi o‘z uyiga qaytdi. Ya'ni, ijobiy dinamika kuchayib bormoqda. Shifoxonalarda qolayotgan 740 nafar bemorni davolash, salomatligini tiklab, oilasi bag‘riga qaytarish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Bu ishlar osonlikcha bo‘layotgani yo‘q. Hozirga qadar bunga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan 2 trillion 250 milliard so‘m sarfladik va 500 million dollar xalqaro moliya institutlaridan jalb qildik.
Bugungi kunda butun dunyoda hech kim pandemiya yana qancha davom etishini bilmayapti. Shu sababli, qanchalik qiyin bo‘lmasin, xalqimiz bilan birga pandemiya sharoitida, barcha talablarga amal qilgan holda, ishlash va yashashga o‘rganishimiz kerak.
Epidemiologik vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarganidan foydalanib, biz iqtisodiyotimizda karantin rejimini asta-sekin yumshatmasak bo‘lmaydi. Chunki bu tartib iqtisodiyotimiz rivojiga va aholimiz hayotiga juda katta salbiy ta'sir qilmoqda.
Bu borada xalqimizga, ayniqsa, fermer va tadbirkorlarga qulaylik yaratish uchun karantin talablarini yumshatish bo‘yicha dastlabki qadamlarni qo‘ydik», – dedi Shavkat Mirziyoyev.


Manba: "kun.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Epidemiologik vaziyat, Shavkat Mirziyoyev, karantin rejimini | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя