Главная » 2021 » Апрель » 1 » Shavkat Mirziyoyev: Hech qayerni yopmaymiz, lekin tartib-intizomni kuchaytiramiz
22:27

Shavkat Mirziyoyev: Hech qayerni yopmaymiz, lekin tartib-intizomni kuchaytiramiz


Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi salomatligini saqlash va koronavirusga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar bergandik.

Yig‘ilishda Davlat rahbari koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga alohida to‘xtaldi, deb yozadi prezident matbuot xizmati.

«Joriy yil boshida kuniga o‘rtacha 30-40 nafar bemor aniqlangan bo‘lsa, mart oyi o‘rtalaridan bu ko‘rsatkich 160-180 nafarni tashkil etmoqda. Kasallikning o‘ta og‘ir kechishi, hattoki o‘lim holatlari ham qayd etilmoqda. Buning sababi – ko‘pchilik fuqarolar xotirjamlikka berilib, tibbiy niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi karantin talablariga befarq bo‘lib qoldi», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bosh vazirga koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy shtablar faoliyatini kuchaytirish, tunu kun ishlaydigan «koll-markaz»lar va mobil brigadalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi. Dori-darmon va himoya vositalarining kamida 3 oylik zaxirasini shakllantirish, hududlarda 60 ta kislorod stansiyasini ishga tushirib, reanimatsiya va intensiv davolash bo‘limlarini kislorod bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.

«Afsuski, bu baloning oxiri ko‘rinmayapti. Yevropa davlatlari yana lokdaunga kiryapti. Qo‘shnilarimizda ham ahvol yaxshi emas. Xavf yonimizda yuribdi. Shuning uchun ogoh bo‘lishimiz kerak. Oldin qanday ishlagan bo‘lsak, shu tartibni tiklaymiz. Xudo ko‘rsatmasin, shuncha qilgan harakatimiz bekorga ketishi mumkin. Iqtisodiyot nuqtai nazaridan juda katta marralar qo‘yganmiz. Agar yopilib qolsak, bu natijalarga erisholmaymiz. Hech qayerni yopmaymiz, lekin tartib-intizomni kuchaytiramiz. Kasallanganlarni ham tez-tez davolash choralarini ko‘rish kerak», – dedi Prezident.

Aprel-iyun oylarida xavf guruhiga mansub 4 milliondan ortiq aholini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan. Hozirda 660 ming doza vaksina olib kelingan. Hukumat komissiyasiga Xitoydan yana 3,5 million doza va Rossiyadan 1 million doza vaksina sotib olish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Fuqarolarni yashash manzili bo‘yicha emlash kuni va joyi haqida xabardor qilib borish muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha vazirlar, hokimlar va tibbiyot muassasalari rahbarlari axborot berdi.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: kuchaytiramiz, tartib-intizomni, Shavkat Mirziyoyev | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя