Главная » 2017 » Апрель » 4 » Shirin Mamatova davlat tomonidan berilgan uyda kim bilan yashaydi?
21:05

Shirin Mamatova davlat tomonidan berilgan uyda kim bilan yashaydi?


O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining tizim tashkilotlaridagi bir guruh xodimlari oilalariga yangi uylar topshirilgani haqida xabar bergan edik.

Ularning orasida “Nihol” mukofoti sohibasi Shirin Mamatova ham bor. Asli andijonlik bo‘lgan xonanda ayni damda Toshkent shahrida istiqomat qilmoqda. Biz u bilan suhbatlashishga qaror qildik.

– Madaniyat xodimlari oilalariga yangi uylar berildi. Ularning orasida siz ham bor ekansiz.

– Ochig‘ini aytsam, men uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Arzimas mehnatimiz uchun berilgan bunday rag‘bat biz kabi yoshlarning kuch va g‘ayratimizni oshiradi. Yana bir gapni aytishim kerak: bularning barchasi ota-onamning mehnatlari samarasi. Dadam kichkinaligimdan barcha ko‘rik-tanlovlarga o‘zi olib borar edi. Operachi bo‘lib yetishishimga ham u kishi sababchi. Shuning uchun men otamdan juda ham minnatdorman va ayta olamanki, bugunga qadar erishgan yutuqlarimning asl egasi bu ota-onam.

– Uyingiz necha xonadan iborat? Uni qanday jihozlashni istaysiz va bu uyda kim bilan yashamoqchisiz?

– Uy ikki xonali, bu yerga kirganimda o‘zbekligimni his qilishni istayman, shuning uchun uni klassik yo‘nalishda, milliyligimizni ifodalab turadigan, ayniqsa, Andijon viloyatini eslatib turadigan aksessuarlar bilan bezatishni xohlayman va albatta, ota-onam bilan yashayman.

– Oila qurish borasidagi rejalaringiz qanday? Kelajakda turmush o‘rtog‘ingiz va farzandlaringiz bilan ushbu uyda yashash niyatingiz bormi?

– To‘g‘risini aytsam, oldin bor edi. Ammo yangi yildan so‘ng rejalarim o‘zgardi. Chunki chet el sahnalarida o‘z iste’dodimni namoyon etishni maqsad qilganman. Ayni paytda oila qursam, ijodimda tanaffus kuzatiladi. Kelajakda bu uyda oilam bilan yashashga kelsak, aniq bir gap aytolmayman. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘imning bildirajak fikriga bog‘liq.

– Turmush o‘rtog‘ingiz qaysi soha egasi bo‘lishini xohlaysiz?


– San’at sohasiga umuman yaqin bo‘lmagan insonga turmushga chiqmoqchiman. Chunki yosh san’atkorlar ustoz darajasida tajribaga ega emas va menga ustozlik darajasida bo‘lmagan ijodkorning ustozlik qilishi yoqmaydi. Hamda ijodimizda ko‘tarilish pog‘anasi farq qilib qolsa, kelishmovchilik kelib chiqishi mumkin.

– Kelajakda kattaroq uy olish istagi tug‘ilsa, bu uyni sotishingiz yoki ijaraga berishingiz mumkinmi?

– Yo‘q. Bu Toshkent shahrida olingan ilk uyim va mashaqqatlarim evaziga erishilgan mukofot. Uni ko‘rganimda qilgan mehnatlarim ko‘z oldimdan o‘tadi.

Madina Muhammadiyeva


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Uyda, kim bilan yashaydi, berilgan, davlat tomonidan, Shirin Mamatova | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя