Главная » 2017 » Март » 13 » Shubha-gumonlar domidagi ota o‘z farzandining qotiliga aylandi
14:24

Shubha-gumonlar domidagi ota o‘z farzandining qotiliga aylandi


Oila muqaddas maskan. Bu qo‘rg‘onning ustuni, tayanchi otadir. Shu sababdan bo‘lsa kerak, har bir farzand o‘z padariga nisbatan cheksiz hurmat-ehtirom ko‘rsatadi. Xalqimizda “Ota rozi — xudo rozi” degan naql ham bejizga aytilmagan. Ammo afsuski, bugungi kunda ota o‘z ma’suliyatini, farzand esa burchini unutib qo‘yish holatlari uchramoqda. Buning natijasida oilada noxush vaziyatlar kelib chiqmoqda. Hatto ota o‘z jigarbandining qotiliga aylanib qolish holatlari yuz bermoqda.

Sodiq Jaliev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) shunday shaxslardan hisoblanadi. U fermer xo‘jaligi tashkil etib, baliqchilik bilan shug‘ullana boshlaydi. Shu mehnati ortidan uch farzandni tarbiyalab, oilasi bilan baxtli hayot kechirardi. Lekin ularning turmushiga ko‘z tegdi.

TOG‘ANING IDDAOSI

U 2013 yil taxminan oktabr oylarida turmush o‘rtog‘ining tog‘asi bilan birga to‘yda o‘tirishadi. Ziyofat avjida. Suhbat qizigandan qizigan. Eng qaynoq nuqtada esa Sodiq ayolining tog‘asi bilan hamsuhbat bo‘ladi. Ularning suhbati orasida tog‘a aytgan gaplar Sodiqning xayolini alg‘ov-dalg‘ov qildi:

— Bilasanmi, farzandlaringning haqiqiy otasi menman.

Bu gapdan hushini yo‘qotgudek bo‘lgan Sodiq quloqlariga ishonmaydi, jahl otiga mindi:

— O‘ylab gapiryapsizmi?!

— Menga ishonmasang borib turmush o‘rtog‘ingdan so‘ra, haqiqatni aytadi.

Sodiq bu gapdan jahl otiga minib shaxt bilan to‘yxonani tark etadi:

— Agar gaplaring to‘g‘ri chiqsa, ikkalangni ham sog‘ qo‘ymayman, — deydi u ketayotib tog‘aga zarda bilan.

XOTINNING TAKLIFI

Sodiq to‘yxonadan otilib chiqqanicha zudlik bilan uyiga yetib boradi. Jahl otiga mingan Sodiq ayolini chaqiradi va eshitganlariga aniqlik kiritishga urinadi:

— Sen menga xiyonat qilibsan, bolalaringning otasi boshqa ekan.

Ayol erining vajohatidan qo‘rqsa-da, bunday ayblovni bo‘yniga olmadi.

— Nimalar deyabsiz? Bu gaplarni qaerdan topdingiz? — javob qaytardi tili bazo‘r aylanib. Sodiq bu gaplarning xotinining tog‘asidan eshitganini aytgach, ayol o‘zini oqlashga kirishdi va erining shubhalarining yagona yechimi bo‘lgan DNK tekshiruvi o‘tkazishni ta’kidladi.

— Bunday bo‘lmag‘ur gaplarni yig‘ishtiring, men sizga hech qachon xiyonat qilmaganman, agar menga ishonmasangiz o‘g‘limizni DNK tekshiruvida o‘tkazing, — ko‘zlarida yosh bilan so‘zladi ayol.

G‘IShT QOLIPDAN KO‘ChDI

Garchi DNK tekshiruvi natijasi ijobiy chiqqan bo‘lsa-da, Sodiqning ich-etini ayoli va farzandlariga nisbatan shubha-gumon tirnardi. Shu voqeadan keyin oilada tinch-totuvlik va xotirjamlik o‘rnini kelishmovchilik, notinchlik egalladi. Natijada Sodiq barcha alamini ichkilikdan ola boshladi. Uyga mast holatda kelib janjal ko‘taradigan, ba’zida esa xonadoniga kelishni istamay dala hovlisida tunab qoladigan odat chiqardi. O‘z jigargo‘shalariga nafrat ko‘zi bilan boqardi. Oiladagi tortishuvlar o‘zaro oilaviy janjallar tez-tez takrorlanishi odatga aylandi. Boshida farzandlar otasini bu qiliqlariga, haqoratlariga indamay jimgina turardi. Ammo pichoq suyakka qadalgudek tus olgan mojarolardan keyin sekin-asta farzandlarning ham bardoshi tugab padariga javob qaytaradigan bo‘ldi. Buning natijasida er-xotin, ota-farzand munosabatlariga darz ketdi. Bunday vaziyatning oxiri yaxshilikka olib kelmasligi aniq edi.

QASOSGA UNDAGAN NAFRAT

2015 sentabr oyi. Nonushta vaqti. O‘g‘il otadan iltimos qiladi:

— Dada, bugun “Malibu”ni berib turing.

— Nima qilasan?

— To‘y bor, shunga minib chiqmoqchiman.

— Olaver, faqat mashinaning ichida hujjat, ov miltig‘im, yana bir necha narsalar bor. O‘shalarni “Neksiya”ga olib qo‘y. Kech qolib ketma, ishlarga yordam berasan.

Bu nonushtadagi muloqotdan so‘ng farzand o‘z yo‘liga, ota o‘z ishiga yo‘l oldilar. Sodiq baliqchilik xo‘jaligiga borib, ishchilarni nazorat qilib, bugungi qilinadigan yumushlar yuzasidan topshiriqlar berdi. So‘ngra dala hovlisida tushlik qildi. Ovqatlanish davomida aroq ichishni ham unutmadi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, o‘g‘il mashinasida otasining oldiga keladi.

— Nega kech qolding, senga erta kel, degandim-ku, — shirakayf ota farzandini so‘roqqa tutdi.

— Kechiring, shunday bo‘lib qoldi.

Ammo otani farzandining bu uzr-ma’zuri qoniqtirmadi. Shundan so‘ng ota o‘g‘lini haqorat qila boshladi. Farzand dadasining spirtli ichimlik ichganini sezib tursa-da, haqoratlariga chidab turolmay javob qaytaradi. Qarasa, padariga hech narsani tushuntirib bo‘lmaydi. Shartta avtomobilini minib ortiga qaytib ketadi. Bundan jahli chiqqan Sodiq uning ortidan mashinasida quvib ketadi. O‘g‘il uyga kelib, sodir bo‘lgan voqea haqida onasiga so‘zlab turgan vaqtida darvozadan shiddat bilan ota kirib keladi.

— Hali meni hurmat qilmay qo‘ydingmi, — deya turli xil so‘zlar bilan haqoratladi. Bunga qanoat qilmay qo‘llarini ham ishga soldi. O‘z o‘rnida farzand ham bunga jim qarab turgani yo‘q.

— Seni otib tashlayman, — ota shunday deya ov miltig‘i tomon talpindi. Lekin o‘g‘il bir amallab otasining qurolni olishiga imkon bermaydi. Sodiq o‘g‘li va ayoliga kuchi yetmasligini sezib, yuz-ko‘zlari, kiyimlari qon holatda ortga qaytdi. Dastlab akasining uyiga kiradi.

— Senga nima bo‘ldi? Kim jarohat yetkazdi? — so‘radi Sodiqning og‘asi.

— Og‘a, meni bolalarim urib o‘ldirmoqchi, yuz-ko‘zimga qara, urib tashladilar, — deb javob qaytardi.

So‘ngra qo‘shnisining mashinasini olib dala hovlisi tomon jo‘naydi. U yerda tinch o‘tirolmaydi. Uni nafrat qasos o‘ti qiynay boshlaydi. O‘g‘lining bu qilmishiga qanday munosib javob qaytarish haqida o‘ylardi. “Jahl chiqqandan aql ketadi” deb bejiz aytilmagan. Oxiri uni o‘ldirishga qaror qiladi. Shu maqsadda qo‘liga pichoq olib uyi tomonga yo‘l oladi. Chetroqda bir muddat kutib turadi. Nihoyat, kutilgan og‘riqli daqiqalar yetdi. O‘g‘il darvozadan chiqdi. Darvozadan o‘g‘li chiqishi bilan ota uning oldiga bordi va... ayanchli maqsadini amalga oshirdi. Nafrat va qasos o‘ti bilan o‘g‘lini qonga belagan ota zudlik bilan voqea joyini tark etdi. Lekin u qonun himoyachilarining qarorlarini chetlab o‘tolmadi. Qotil ota qo‘liga kishan taqildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati Yangiariq tuman sudi spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda, insonparvarlik tamoyilini chetlab o‘tib, shaxsga qarshi qaratilgan jinoyatlar turkumiga kiruvchi qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir qilgani uchun sudlanuvchini O‘zbekiston Respublikasi JK 97-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi va shu huquqiy asos bilan 10 (o‘n) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

O‘.MAShARIFOV,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyati
Yangiariq tuman sudi sudyasi
Zuhriddin RAHMONOV, jurnalist


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Ota, farzandining qoti, qotil | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя