Главная » 2021 » Август » 29 » SSV xorazmlik ayolning vaksinadan ahvoli og‘irlashganini inkor qildi
15:32

SSV xorazmlik ayolning vaksinadan ahvoli og‘irlashganini inkor qildi


Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatida yashovchi ayolning vaksina olgandan keyin ahvoli og‘irlashgani aytilgan video tarqalgandi.
SSV hodisa yuzasidan bayonot berib, holat nazoratga olinganini aytgan. 
Bugun esa vazirlik hodisa yuzasidan batafsil tekshiruv xulosasini e’lon qildi. 
Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, videolavhada tilga olingan fuqaro S.Yo. 30 yoshda bo‘lib, ilgari meningit belgilari bilan muolaja olgan, gepatit “S” va ikkala ko‘z miopiya yengil darajasi tashxisi bilan dispanser nazoratida turgan.
Fuqaro S.Yo. 2021 yil 27 avgust kuni shifokor ko‘rigidan o‘tkazilib, vaksina olishga qarshi ko‘rsatma bo‘lmaganligi sababli koronavirusga qarshi emlangan va oilaviy shifokor kuzatuvida bo‘lgan. Vaksina olgandan keyin hech qanday nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmagach, akasi S.O.ning uyiga ketgan.
Shu kuni tungi soat chamasi 21:17larda S.Yoda umumiy holsizlik, qo‘l-oyoq tortishishi, nafas qisishi kabi belgilar kuzatilgan va shundan so‘ng fuqaroning yaqinlari tez tibbiy yordamga murojaat qilgan. Tibbiy brigada tomonidan S.Yoga “Vegetotomir distoniyasi” dastlabki tashxisi qo‘yilib, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
So‘ng S.Yo. tekshiruv va davolash uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Xorazm filialiga olib borilgan. U davolash muassasasi qabul bo‘limida nevropatolog shifokor tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, belgilangan standartlar asosida zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan va kuzatuvda bo‘lishi tushuntirilgan. Biroq, fuqaro shifoxonada yotishdan bosh tortgan.
Videomurojaatda ko‘zi ko‘rmay qolganligi qayd etilgan S.Yo. mazkur davolash muassasasi qabulxonasiga tez yordam mashinasidan mustaqil tushib, shifokor qabuliga o‘zi yurib kirganligi va yurib chiqib ketganligi videolavhada aytilgan so‘zlar haqiqatga mos kelmasligini ko‘rsatadi, deyiladi bayonotda.
Bundan tashqari, bugun Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori G‘ayrat Qoriyev boshchiligidagi neyroxirurg, infeksionist, nevropatolog, oftalmolog va immunolog kabi qator mutaxassislar S.Yo.ni yana bir bor tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan. Ko‘rik davomida S.Yo.ning ahvoli qoniqarli, nafas olishi va yurak urishi me’yoridaligi ma’lum bo‘lgan. Qolaversa, uning ko‘z tubida patologik o‘zgarishlar aniqlanmagan. Ayni paytda S.Yo. o‘zini yaxshi his qilmoqda.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan bosh mutaxassislarning yakuniy xulosalariga ko‘ra, fuqaro S.Yo.ning bir kun avvalgi sog‘lig‘idagi o‘zgarishlar emlash bilan bog‘liq emasligi oydinlashgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, bugungi kunda mamlakatimizga olib kelinayotgan va butun dunyoda qo‘llanilayotgan koronavirusga qarshi vaksinalar bo‘yicha ma’lum qarshi ko‘rsatmalar bo‘lib, eng asosiy mone’liklardan biri bu - anafilaktik shok hisoblanadi. Ushbu holat avval boshqa dorilar yoki vaksinaga nisbatan qandaydir reaksiyalar va anafilaktik shok yuz bergan bemorlardagina kuzatilishi mumkin. Boshqa hech bir insonda bunday noxush holat ro‘y bermaydi.
Buning isboti sifatida ayni paytgacha dunyoda 5 milliardga yaqin odam, mamlakatimizda esa 14 millionga yaqin vaksina dozasi qo‘llanilgan bo‘lsa, tibbiy kuzatuvlar natijasida birorta insonda anafilaktik shok kuzatilmagan. Emlashdan keyingi yuz beruvchi holatlarning barchasi yengil va o‘rta darajadagi o‘zgarishlar bo‘lgan. Bular - xolsizlik, mushaklar va suyaklarda og‘riqlar, isitmaning biroz ko‘tarilishi hamda ineksiya qilingan joyda og‘riq paydo bo‘lishidir. Ushbu o‘zgarishlar ham qisqa vaqtda o‘tib ketadigan holatlar hisoblanadi.
Qolaversa, yuqorida ta’kidlanganidek, vaksina qilishga eng asosiy mon’yeliklardan biri hisoblangan anafilaktik shok holati vaksina qilingandan keyin 30 daqiqa ichida ro‘y berishi mumkin. Xorazmlik S.Yo. esa emlashdan avval hamda vaksina olgandan so‘ng tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va hech qanday salbiy ta’sirlar kuzatilmagandan so‘nggina uyiga ruxsat berilgan.
Agar S.Yo.ning sog‘ligidagi salbiy o‘zgarishlar chindan ham vaksina bilan bog‘liq bo‘lganida, unda 30 daqiqa ichida anafilaktik shok yoki bir nuqtaga qarab, qotib qolish holati kuzatilgan bo‘lardi. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhada ko‘rish mumkinki, S.Yo.ning es-xushi joyida, yon-atrofidagi gap-so‘zlarni eshitib, tushunib turibdi, hech qanday sudurgi holatlari yo‘q.
Yana shuni aytish lozimki, vaksinalarning o‘zi hech qachon va hech qanday kasallikni chaqirmaydi. Shuningdek, vaksinatsiyadan keyingi salbiy holatlar hech qachon bir marta yoki bir odamdagina kuzatilmaydi, aksincha bir nechta odamda va jamoaviy ro‘yxatga olinadi. Shu ma’noda olib aytsak, fuqaro S.Yo.ning sog‘ligidagi o‘zgarishlar emlash bilan bog‘liq emas, deyiladi SSV xulosasida.

 


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: inkor, ahvoli og‘irlashganini, vaksinadan, Xorazmlik, SSV | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя