Главная » 2018 » Январь » 24 » Tarixiy natija: O‘zbekiston U23 termasi Janubiy Koreyani yengib, Osiyo Chempionatining finaliga yo‘llanma oldi
23:07

Tarixiy natija: O‘zbekiston U23 termasi Janubiy Koreyani yengib, Osiyo Chempionatining finaliga yo‘llanma oldi


Xitoy mezbonlik qilayotgan 23 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Chempionatining finalida Vyetnam va O‘zbekiston termalari to‘p suradi.

Musobaqani Qatardan qabul qilib olingan mag‘lubiyat bilan boshlagan O‘zbekiston terma jamoasi, keyingi 4 ta bellashuvda zafar quchdi: Xitoy 1:0, Ummon 1:0, Yaponiya 4:0 va Janubiy Koreya 4:1. Qiziq tomoni, Vyetnam finalga O‘zbekistonni mag‘lub etgan Qatarni yengib, yo‘llanma oldi. O‘zbekiston esa turnirni Vyetnamni yutish bilan boshlagan Janubiy Koreyani taslim qilib, finalgacha yetib keldi.

Bellashuvda hisobni ochish o‘zbekistonlik futbolchilarga nasib qildi. “Qo‘qon-1912” Messisi sifatida ko‘riladigan Javohir Siddiqovning pasidan so‘ng, “Paxtakor” hujumchisi Zabihillo O‘rinboyev o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Biroq Ravshan Haydarov shogirdlari hisobdagi ustunlikni saqlab qola olmadi va 58-daqiqada o‘z postidan gol o‘tkazib yubordi.

Shunga qaramay, qolgan daqiqalar davomida o‘zbekistonlik futbolchilar o‘yinda to‘liq ustunlik qildi. Ayniqsa, koreyalik futbolchilar maydonda bir kishi kam bo‘lib qolgach, ular maydon markazidan chiqishga qiynalib qoldi. Biroq ketma-ket hujumlar golga aylanmadi va asosiy vaqt durang bilan yakunlandi.

Shu tariqa hakamlar 15 daqiqadan ikkita qo‘shimcha taym belgilashga majbur bo‘ldi. Uning 6-daqiqasida “Nasaf” a’zosi Aziz G‘aniyev o‘zining aniq zarbasi bilan o‘zbekistonlik futbolchilarni hisobda ikkinchi bor oldinga olib chiqdi. Keyinroq Hamdamovning aniq pasini Yaxshiboyev golga aylantirdi. Bu gollarga koreyaliklar javob qaytara olmadi va O‘zbekiston U23 termasi uchinchi bor o‘tkazilayotgan Osiyo Chempionatida ilk bor finalgacha yetib bordi.

O‘zbekiston terma jamoalariga yirik musobaqalar finalida o‘ynash to‘rt bor nasib qilgan. 1994-yil Rustam Akramov shogirdlari Osiyo O‘yinlarining finalida Xitoy ustidan 4:2 hisobida zafar quchgan bo‘lsa, 2012-yil Dilshod Nuraliyev boshqaruvidagi O‘zbekiston U16 termasi qit’a chempionatining finalida Yaponiyadan ustun kelgandi. 2008-yil Ahmad Ubaydullayev jamoasi yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining finalida BAAdan, 2010-yil Aleksey Yevstafeyev jamoasi o‘smirlar o‘rtasidagi qit’a chempionatining finalida KXDRdan yengilgan.

O‘zbekiston U23 termasi 27-yanvar kuni qit’a chempionligi uchun Vyetnamga qarshi saf tortadi.

Osiyo Chempionati U23

Yarim final

23-yanvar, seshanba

Janubiy Koreya — O‘zbekiston 1:4

Gollar: Zabihullo O‘rinboyev, 33 (0:1). Xvang Xyun Su, 58 (1:1). Aziz G‘aniyev, 96 (1:2). Jasur Yaxshiboyev, 109 (1:3). Akrom Komilov, 120 (1:4).

Chetlatish: Jang Yun Xo, 75 (K).

O‘zbekiston: Botirali Ergashev — Rustam Ashurmatov, Akrom Komilov, Abbos Otaxonov (Doniyor Narzullayev, 95), Azizjon G‘aniyev, Odil Hamrobekov, Jasurbek Yaxshiboyev, Zabihillo O‘rinboyev, Javohir Siddiqov (Bobur Abduxoliqov, 113), Doston Hamdamov, Doston Tursunov.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Sport olami | | Теги: Tarixiy natija, O‘zbekiston U23 | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя