Главная » 2017 » Июль » 24 » Telekanallarimizda yoshga nisbatdan cheklov qo'yish: 18+ Masalasi
21:44

Telekanallarimizda yoshga nisbatdan cheklov qo'yish: 18+ Masalasi


Yaqinda Axborot va ommaviy kommunikatsiya sohasida ekspert komissiyasi tomonidan O‘zbekistonga olib kirish, nusxa ko‘chirish va tarqatish tavsiya etilmaydigan xorijiy filmlar ro‘yxati tasdiqlangan edi. 225 ta film o‘rin olgan ro‘yxatda syujetida zo‘ravonlik, shafqatsizlik, vahshiylik, behayolik, narkotik va psixotrop moddalar, alkogol va tamaki mahsulotlari iste’molini, shuningdek ahloqiy buzuqlik, yengiltabiatlik, shahvoniy nafsga erk berish, besoqolbozlik, svingerlikni targ‘ib qiluvchi sahnalar mavjud kinokartinalar nomi keltirib o‘tilgan.

Tabiiyki, bu filmlar milliy va mahalliy telekanallarda namoyish etilmaydi. Ammo yana bir masala borki, alohida e’tibor qaratish vaqti keldi (balki allaqachon o‘tib ketgan). U ham bo‘lsa telekanallarda efirga uzatilayotgan barcha lavhalar, kino va multfilmlar, reklama roliklari va boshqalarga yosh chegarasini belgilash. Bu amaliyot allaqachon xorij davlatlarida mavjud. Biror reklama, ko‘rsatuv yoki kino boshlanishidan avval ekranda + belgisi va tavsiya etilgan yosh chegarasi namoyish etiladi: +0, +6, +18 vahokazo.

Bu nima uchun kerak? Keling, ushbu masalaga oddiy multfilmlar misolida e’tibor qarataylik. Odatda biz multfilmlar bolalar uchun mo‘ljallangan, deb qabul qilamiz va bolalarga har qanday mazmundagi multfilmlarni tomosha qilishga ruxsat beramiz. Ammo shunday mutfilmlar borki, kattalarning hazm qilishi qiyin. Ularda o‘ziga xos tajovuzkorlik, behayolik, atrofdagilarga salbiy munosabatda bo‘lish g‘oyalari oshkora yoki yashirin tarzda singdirilgan. Oddiy misol: ayrim bolalar ota-onasi aytganini qilmasa yoki urushsa “Sizni yomon ko‘raman”, deb arazlab qoladi. Bu holatni ko‘plab multfilm yoki kinolarda uchratishimiz mumkin.

Behayolikka undovchi sahnalarku, son-sanoqsiz. Xorij multfilmlaridagi qiz bola yoki ayol epizodlarning aksariyati ochiq-sochiq kiyinadi, ayniqsa sonlari va ko‘kraklarining yaqqol ko‘zga tashlanib turishiga alohida urg‘u qaratiladi, biror sahnada sevgi izhor qilinsa, albatta ortidan o‘pishish sahnasi beriladi.

Qo‘rqinchli, tushkunlikka tushiruvchi, kichik yoshdagi bolalarning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan multfilmlar ham yetarlicha topiladi.

Shuningdek, kliplar, kinolarda sevgi-muhabbat, kashandalik va ichkilikbozlikni targ‘ib qiluvchi sahnalar, zo‘ravonlik, agressiyaga yashirin targ‘ib holatlari juda ko‘p uchraydi. Hatto milliy mediamahsulotlarda ham bu kabi vaziyatlarni ko‘plab uchratish mumkin.

To‘g‘ri, ba’zida film boshlanishidan avval unda tamaki yoki alkogol mahsulotlari iste’mol qilingani ehtimoli, ularning organizmga zarari haqida ogohlantirish beriladi. Ammo hamma ota-ona ham televizorda berilayotgan sahnalarning farzandiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida bilim, tushuncha va tasavvurga ega emas. Shu bois ular boshlanishidan avval yosh chegaralarining ko‘rsatilishi o‘z vaqtida bolalarining xulqi, tarbiyasi va odobiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi audiovizual axborotlardan himoyalash choralarini ko‘rishlariga zamin yaratadi.

Sanjar Said.


Manba: "fayzbog.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: +18, yoshga nisbatdan cheklov, Telekanallar, qo'yish, masalasi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя