Главная » 2016 » Октябрь » 24 » Tishlar uchun «tez yordam»
13:25

Tishlar uchun «tez yordam»


Agar tishlaringiz bezovta qilsa-yu, stomatolog qabuliga borish uchun hafta oxirini kutishga to‘g‘ri kelsa, ungacha ahvolingizni yaxshilaydigan, og‘riqni qoldiradigan oddiy reseptlarni bilib qo‘yganingiz zarar qilmaydi. Og‘iz bo‘shlig‘ining birmuncha ko‘p uchraydigan kasalliklari haqida stomatolog-shifokor Erkin RASULOV ma’lumot beradi.

Karies

Karies tishlarni yaxshi tozalamaslik, tarkibida shakarli moddalar bo‘lgan yeguliklar iste’moli tufayli yuzaga keladi. Afsuski, shirinliklardan voz kechish oson emas, tishlarni mustaqil tozalash ham 100 foizlik samara bermaydi. Shu bois karies paydo bo‘lishining oldini olish uchun ham hech bo‘lmaganda yiliga ikki marta stomatolog ko‘rigidan o‘tib turish o‘rinli. Bu sizni shifokor qabuliga birmuncha jiddiy muammolar bilan borishdan asraydi.

Karies yuzaga kelganda imkon qadar tezroq shifokorga murojaat qiling. Ungacha uy sharoitida og‘riq qoldirish uchun quyidagilarni tavsiya etish mumkin:

  • bir stakan suvga bir choy qoshiq ichimlik sodasi solib, kun davomida vaqti-vaqti bilan og‘izni chayqab turish kerak.
  • Qora nonning yumshoq qismini sarimsoq piyoz sharbatiga aralashtiring. Hosil bo‘lgan massani og‘riyotgan tishga qo‘ying.
  • Zirani kukun bo‘lguncha maydalab, og‘riyotgan tishga qo‘yish mumkin.

Tish emali ta’sirchan bo‘lib qolsa…

Buning sabablari turlicha. Masalan:

• Noto‘g‘ri ovqatlanish natijasida organizm emalning normal holati uchun kerakli moddalar bilan ta’minlanmaydi. Shirinliklar, shirin, gazlangan ichimliklar va nordon mahsulotlar tish himoya qavatining kimyoviy buzilishiga olib keladi.

• Tish nervi yallig‘langanda, shuningdek, gigiena qoidalariga amal qilmaslik oqibatida ham tishlar issiq-sovuqqa ta’sirchan bo‘lib qoladi...

Uy sharoitida qo‘llaniladigan quyidagi muolajalar tish emalini mustahkamlashda yordam beradi:

  • 1 stakan yog‘siz tvorogga 1 choy qoshiq zaytun yog‘i aralashtiring. Hosil bo‘lgan massani tishlaringizga 5-10 daqiqaga qo‘ying. Keyin og‘zingizni iliq suv bilan chaying. Muolajani 7-10 kunda bir marta qo‘llang.
  • Og‘zingizni kuniga 1-2 marta iliq ko‘k choy bilan chayqang.
  • Elakdan o‘tkazilgan bug‘doy uniga 1 choy qoshiq asal qo‘shing. Yaxshilab aralashtiring, hosil bo‘lgan «xamir»ni tishlaringizga qo‘shing. 10 daqiqadan so‘ng avval qaynatilgan suv, keyin biroz isitilgan sut bilan chaying. Muolajani bir haftada 1-2 marta qo‘llash mumkin.

Milklar qonasa…

Milklar yallig‘lanishi, asosan gingivit belgisi hisoblanadi. Agar gingivit davolanmasa, birmuncha jiddiy muammo — paradontitga sabab bo‘lishi mumkin.

Homiladorlik davrida ham milklar qonashi kuzatilishi mumkin. Bu organizmdagi gormonal jarayonlar bilan bog‘liq. Shuningdek, chekish, stress va noto‘g‘ri parhez, qandli diabet kasalligi, organizmda S vitamini yetishmasligi ham milklar qonashini keltirib chiqaradi.

Agar milklaringiz qizarib, og‘risa, uy sharoitida qo‘llaniladigan quyidagi reseptlar ayni sizbop:

  • Teng miqdordagi eman po‘stlog‘i va moychechak qaynatmasini aralashtirib, kuniga 2-3 marta og‘zingizni chayqang. Bu milklar shishini, qonashini kamaytiradi.
  • Kuniga 2-3 marta zupturum (podorojnik) qaynatmasi bilan og‘zingizni chayqasangiz, bu milklar yallig‘lanishiga qarshi ta’sir ko‘rsatadi.
  • Teng miqdordagi bo‘yimodaron (tisyachiletnik) va qichitqio‘t (krapiva) qaynatmasi bilan og‘zingizni ertalab va kechqurun ovqatlangandan keyin chaying. Bu milklarni mustahkamlaydi, ularning shishishi va yallig‘lanishini bartaraf etadi.

Agar milklarga issiq ovqat yoki qattiq yegulik bilan ziyon yetkazib qo‘ysangizu ular shishib, og‘risa, marmarak (shalfey) qaynatmasini og‘zingizga biroz vaqt solib turing. Muolajani kun davomida bir necha marta takrorlang.


Категория: Salomatlik | | Теги: tishlar, tez yordam | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя