Главная » 2018 » Июнь » 22 » To‘rdan chiqqan o‘rgimchak yoxud tanangiz ijod uchun ob’ektmi?
17:59

To‘rdan chiqqan o‘rgimchak yoxud tanangiz ijod uchun ob’ektmi?


Metroda kela turib bir voqeaning guvohi bo‘ldim. Yonimda o‘tirgan ikki talaba yigit ro‘paramizdagi qizlarni nigohi bilan bir-biriga ko‘rsatib kulishardi.

Men ham beixtiyor ular tomonga nigoh tashladim. Buni qarangki, qizlardan birining bilagiga dumini gajak qilib turgan chayon tasviri tushirilgan ekan. Shu payt bekat e’lon qilinib, dugonalar o‘rnidan turishdi. E’tiborimizni tortgan qizning dugonasi kulganicha vagonning tepa tutqichidan ushlash uchun qo‘lini ko‘targan edi, belini salgina yopib turgan koftasi ko‘tarilib, shimining kamar qismidan “to‘riga yopishgan o‘rgimchak” ko‘rindi. Buni ko‘rgan haligi yigitlar esa ochiqchasiga kulishdi.

– Qara, rasmning zo‘ri bu yoqda ekan.

– Topgan joyini qara.

Qizlar gap o‘zlari haqida ketayotganini bilib, lablarini burdi-da, yelka osha yigitlarga qarab g‘udrangancha vagondan tushib ketdi. Bu voqeani kuzatib turganlarning ba’zi birlari ularga yovqarash qilib qaragan bo‘lsa, yana boshqasi achinish bilan tikildi. Facebook sahifalarida aylangan ushbu voqea menda qiziqish uyg‘otdi.

Atrofdagi kuzatishlarim shuni ko‘rsatdiki, afsuski, bugungi kunda yoshlarimiz orasida urf bo‘layotgan bodi-art (ingliz tilidan body art — “tana san’ati”) ning tarafdorlari ko‘payib bormoqda. Qizlarimiz, kelinchaklarimizning “qosh-ko‘zini popukdek, labini g‘unchadek” qilib qo‘yishga chaqiruvchi tatuaj salonlari ham yomg‘irdan so‘ng potirlab chiqqan qo‘ziqorindek ko‘paymoqda. Ularda nafaqat qosh va lab, balki tananing istalgan joyiga naqsh ham solinadi. Bu xizmatni cho‘ntak ko‘tarsa bas. Shu o‘rinda tilimizga kirib kelgan bodi-art tushunchasi haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Mazkur tushuncha ingliz tilidan kirib kelgan bo‘lib, “ommaviy madaniyat”ning bir turi hisoblanadi va ijod uchun ob’ekt sifatida inson tanasi tanlab olinadi. Ko‘p holatlarda tananing ochiq joylariga igna orqali tanaga rang kirgizib, surat chiziladi (tatuirovka). Bodi-art o‘z mazmuniga ko‘ra nudizm, sadomazoxizm, naturizm, pank va xippi madaniyatiga juda ham yaqin. Umuminsoniy madaniyatga o‘ziga xos qarama-qarshi yo‘nalishda kelib chiqqan mazkur madaniyat turlarining har birida bodi-art elementlarini topish mumkin.

Bugungi kunda bodi-artning feys-art (yuzga rasm solish), neyl-art (tirnoqlarni bo‘yash), mendi-art (tanaga xina yordamida rasm solish), tatuirovka, pirsing (tananing ma’lum bir qismini teshib, taqinchoq taqish), skays (tishni bo‘yash), ko‘z implantlari (ko‘zning oqiga rasm solish), skarifikatsiya yoki breding (chuqur yaralar orqali tanaga biror bir naqshni chizish, tamg‘a bosish) kabi turlari mavjud. Albatta, bodi-art tarafdorlari avvalo omma ichidan ajralib turish, o‘z tanalarini ko‘z-ko‘z qilish, o‘zgalar e’tiborini tortishni maqsad qilishadi va bu yo‘lda hech narsadan qaytmaydi. Afsuski, o‘smirlar, yoshlar bodi-art tarafdorlariga ko‘r-ko‘rona ergashadilar va tanalariga chizdirayotgan rasmlarning tub mohiyatida ma’lum bir ma’no-mazmun borligi haqida o‘ylab ham ko‘rishmaydi.

Jahon xalqlari tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, hindlar, hindular, Afrika, Avstraliyada istiqomat qiladigan ba’zi bir qabilalar dunyoqarashlari, diniy e’tiqodlariga ko‘ra tanalariga rasm chizgan, bo‘yashgan, turli xil taqinchoqlar taqishgan. Keyinchalik o‘g‘ri, firibgar, qallob, qotil, fohishalarga qilgan jinoyatiga qarab tanasiga turli xil qizigan temir bilan tamg‘alar bosilgan.

Natijada XIX asrning oxiriga kelib, hibsga olingan jinoyatchilar o‘rtasida tanaga turli xil naqshlar (tamg‘alar) solish urf bo‘ladi va aynan ularga qarab qamoqxonada ma’lum bir mavqeni egallashi anglashiladi. Jinoyatchilarning bilagi, qo‘li, bo‘yni va boshqa tana a’zolariga chizilgan turli xil tatuirovkalarga qarab, ularning nima jinoyat qilganligini osongina aniqlash mumkin bo‘lgan.

Endi yuqorida keltirilgan voqeaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, qizlarimiz tanasiga chizilgan chayon va o‘rgimchak tasvirlari jinoyatchilik olamida o‘z ma’nosiga ega. Chayon zo‘ravonlik, qasos olish ma’nosini bildirsa, o‘rgimchak giyohvandlarning o‘ziga xos belgisi. Shuningdek, mazkur hasharot surati tananing qaysi joydaligiga qarab jinoyat sodir etganligi uchun olgan jazosining turini ham anglash mumkin ekan. Menimcha, qizlar bundan bexabar bo‘lishsa kerak, aks holda o‘zlariga bir umrga bunday tamg‘ani bosmagan bo‘lishardi.

Bu gaplar, albatta, hammaga ham tegishli. Yoshlik qilib, o‘z tanalariga turli hasharotlarning rasmini tatuaj orqali chizdirgan bu qizlar nahotki o‘zlarining ertangi kunlarini o‘ylamagan bo‘lsalar? Aslida, bunday “ommaviy madaniyat” shakllari ongimizga odatiy hol bo‘lib ko‘ringan narsalar – kompyuter o‘yinlari, xorij multfilm va badiiy filmlari, biror bir mashhur qo‘shiqchi yoxud kinoaktyorga taqlid qilish, pirsing, tatuaj va bodi-artning boshqa turlariga berilish orqali kirib kelib, o‘rnashadi va oqibatda o‘zligimizni yo‘qotishimizga olib keladi. Bu haqda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov o‘zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ham ta’kidlab o‘tgan edi. “Qosh ustiga, lab ostiga zirak taqish, tananing turli qismiga rasm solish, har bir gapga ingliz yoki boshqa tildagi so‘zlarni qo‘shib, o‘zini “o‘ta zamonaviy va madaniy” deb bilish, aslida g‘irt madaniyatsizlikning o‘zidir”.

Muqaddas hadislarimizda ham inson o‘ziga, tanasiga ozor yetkazish gunoh ekanligi qayd etiladi, islomda bolani badxulq etib tarbiyalash esa jamiyatga yetkaziladigan eng katta zararlardan biri sifatida ko‘rsatib o‘tiladi.

Tatiurovka xizmatini ko‘rsatuvchi “mutaxassis”lar bilan qiziqib, ularga qo‘ng‘iroq qildik. Ular bu xizmatning narxlari turlicha ekanligini aytishdi. Eng arzoni 100 ming, o‘rtachasi 800 ming, eng qimmati esa 1,2 million so‘mdan ziyod ekan. “Suratchi”larning barchasi tatuirovkani umuman bezarar deb ishontirishga urinishdi. Yaralar uch kunda bitishini, hech qanaqa allergiya qo‘zg‘amasligi yo biror kasallik yuqmasligini aytishdi.

Bu qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini bilish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ilmiy xodimi Indira Toshpo‘latova bilan bog‘landik. Uning aytishicha, tatuirovka 20 dan ortiq kasalliklarga olib kelishi mumkin ekan. Misol uchun, tatuirovka bo‘yog‘i tarkibida saratonni yuzaga keltiradigan omillar mavjuddir. Bo‘yoqlar o‘zida simob sulfidi, xrom, kadmiy, qo‘rg‘oshin, titan, alyuminiy, kobalt kabi zararli metallarni saqlaydi. Tatuirovka asboblari bilan gepatit B, S hamda OIV infeksiyasini yuqtirib olish juda oson. Tatuirovkasi bor insonlarning gepatit S kasalligiga chalinish xavfi oddiy odamlarga qaraganda 9 baravar yuqori bo‘ladi. Shuningdek, “Mycobacterium haemophilum” bakteriyasi sil va moxov kasalligini chaqiradi, odamlarda immun tizimini sustlashtiradi. Bu bakteriya esa faqat tatuirovka chizdirgach yuzaga keladi. Ko‘z tatuaji qovoq terisiga ziyon yetkazadi. Qosh tatuaji soch ildizining yo‘q bo‘lib ketishiga olib keladi. Lab tatuaji esa og‘iz atrofida shishlar paydo qilib, yuqumli kasalliklarni chaqiradi.

Sirasini aytganda, go‘zallik ishqibozlarining “go‘zallik qurbonlik talab qiladi” shiori har doim ham o‘zini oqlamaydi. Inson, avvalo, o‘z sog‘ligining, tabiiy go‘zalligining qadriga yetishi zarur.

Latofat BO‘RIYEV


Manba: "mulohaza.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Ijod, To‘rdan, o‘rgimchak, uchun, yoxud, ob’ekt, tanangiz, chiqqan | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя