Главная » 2016 » Ноябрь » 7 » Tog‘amga kelin bo‘lganimdan afsusdaman
17:10

Tog‘amga kelin bo‘lganimdan afsusdaman


Asror aka bilan oramizdagi farq to‘rt yosh edi. Aka-singildek katta bo‘lganmiz. Kelinoyimning ham, tog‘amning ham fe’l-atvori havas qilarli bo‘lgani uchun oilaviy bordi-keldilarimiz yaxshi edi. Tog‘amning qiz farzandi bo‘lmagani sabab bolaligimdan meni qizidek ko‘rgan. Kelinoyim doim uyiga olib ketar, chiroyli ko‘ylaklar tikib berar, «Zumrad, mening oltin qizim», deya erkalardi. Yoshim ulg‘aygani sari munosabatlar ham ulg‘aya boshladi...

Avvaliga kelinoyimga uy yumushlarida qarashib yurdim, kunlab, haftalab ularnikida qolib ketardim. Bu orada jigari xastalandi, men esa yanada bog‘lanib qoldim. Tog‘avachchamlar ham menga singildek munosabatda bo‘lishar, «Hoy Qimmatxon, ko‘ylagimni dazmollab bersang, senga uni olib beraman, buni olib beraman», deyishardi. Yillar o‘tib tog‘amning xonadoniga kelin keldi. Kelinoyim bilan tog‘am esa kelinchakka «Zumrad, bizning ham qizimiz, sizga singil bo‘ladi» deganlarida xursand bo‘ldim. Maktabni tugatib shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindim. Tog‘amning mehri tovlanib, hatto bir yillik shartnoma pulini to‘lab ham berdi. Bu mehrning, ko‘maklarning bir kuni to‘lovi borligini xayolimizga ham keltirmay, tog‘amning himmatlaridan xursand bo‘lib yuraveribmiz. Uchinchi bosqichni tugatayotganimda tog‘am rafiqasi bilan xonadonimizga tugun tugib kelganida hammasi oydinlashdi. «O‘zimizning ko‘z oldimizda o‘sgan qiz. Buning ustiga, mana, shartnoma asosida o‘qitayapsizlar, o‘zimiz to‘laymiz. Opa, pochcha, Asrorga beringlar Zumradni», deyishdi. Tabiiyki, ota-onam darrov rozi bo‘lishdi. «Shunday yaxshi oila, o‘qimishli, topish-tutishi yaxshi yigit. Qizimizning baxti bor ekan», deya mendan ko‘ngil ham so‘rashmadi. Ammam «Uka, qarindosh bilan quda bo‘lishning ham o‘ziga yarasha tomonlari bor. Zumrad bilan Asror aka-singildek gap. Buning ustiga, ko‘ngil bo‘lmasa, qiyin oilada…», deya ancha jon koyitdi. Ammo na onam, na otam quloq soldi bu yonishlarga. Ammam ham oxiri «O‘zlaring bilasizlar, munosabatlarni mustahkamlayman deb, qarindoshchilik iplarini ham uzmasanglar bo‘ldi», deya qo‘l siltadi. 

Shu bilan to‘y taraddudi boshlandi. Mening ichimdagi g‘alayonlar ham. Chunki Asror akamning fe’lini yaxshi bilardim. Bolalikdan birga o‘sganim uchun u doim o‘zi istagan ishlarni bajarar, oddiygina o‘ziga yoqmaydigan ovqat pishsa ham, yemay, ochlik e’lon qilardi. Men esa nafaqat uning fe’lini, ko‘nglidagilarni ham bilardim. Asror akam maktab davridan sinfdosh qizini sevar, ammo buni hammadan pinhon tutardi. Hammasi oshkor bo‘lgach esa kelinoyim u qizni kelin qilishni istamagan. Sabab, onasi ikki marta turmush qurgan ekan. Tish-tirnog‘i bilan bu muhabbatga qarshi turishib, ko‘zlari ostida o‘sgan meni kelinlikka tanlashgan. Ammo Asror akamning ko‘nglini hech kim menga isitib berolmadi. O‘zim ham.

Aka-singilligimizda menga mehribon kishi to‘ydan keyin tirnog‘im ostidan kir qidiradigan bo‘ldi. Hech ishimdan ko‘ngli to‘lmasdi. Hatto uch oylik kelinchaklik paytimda qo‘l ham ko‘tardi. Jahli chiqqanida men ham kelinoyimning pinjiga yashirinardim. U kishi ham yo men taraf, yo o‘g‘li taraf bo‘lolmay, qiynalib ketardi. Homiladorligim ma’lum bo‘lgach, munosabatlar sal iligandek bo‘ldi. Biroq taqdir menga onalik baxtini ham ko‘p ko‘rdi. Ilk murodimiz nogiron tug‘ildi-yu ko‘p yashamay olamdan o‘tdi. Zor qaqshab qolaverdim. Hamma ko‘nglimga qarar, men erimdan taskin kutardim.

Oradan ikki yil o‘tib, qiz farzandli bo‘ldik. Ko‘z tegmasin, sog‘-salomat. Biroq shundan keyin yana bir homilamdan nogiron tug‘ilish ehtimoli kuchligi bo‘lgani uchun ayrildim. O‘g‘il ekan. Yuraklarim ezilib ketdi. Shifokorlar bu yo‘qotishlarga qarindoshchilik o‘rtasidagi nikoh va homiladorlikdagi siqilishlarni sabab qilib ko‘rsatishdi. Voqealar munosabatimizga o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi. Biz kundan-kun er-xotinga emas, majburan yashayotgan ikki begonaga aylanayotgandik. Erimning kaltaklaridan to‘yib bir necha bor ota uyimga ham ketganman. Ota-onamning «Tog‘ang bilan kelinoyingning oldida bizni sharmanda qilma», degan qistovlaridan keyin yana boshimni egib qaytardim. Oxiri Asror akamning o‘zi «Men baribir ko‘nglim yo‘q inson bilan yasholmayman. Uyingga ket, uylanaman», deb oldiga solib haydadi. Na tog‘am — qaynotam, na kelinoyim — qaynonam uni to‘xta oldi. Ketayotgan men-u, ular o‘g‘lini jahlidan tushirish bilan ovora. Go‘yoki men erim nima desa ham, qanday munosabatda bo‘lsa ham, chidab yashaydigan, to‘g‘rirog‘i, chidashga majbur kelinman. Har qanday majburiyatu chidamning ham chegarasi bor. Men ham odamman.

Mana, olti oydan buyon ota uyimdaman. Erim yarashishni istamayapti. O‘zim-chi? O‘zim beshga kirib qolgan qizim uchun oilam buzilmasligini istayapman. Ota-onam esa bizning taqdirimizdan ham ko‘proq tog‘am bilan munosabatlari darz ketishidan qo‘rqishayotgandek. “Ajrashmaysan, bor eringning uyiga”, deb urishishadi. Qaytib borganim bilan yana o‘sha majburiy hayot boshlanadimi? Bizni endi na aka-singillik, na er-xotinlik rishtalari bog‘laydi… Faqat qizimning otasiz o‘smasligi uchun turmush o‘rtog‘im yarashish taklifini bildirsagina, rozi bo‘lishim mumkin. Biroq bunga ham ko‘zim yetmaydi... 

Taqdirimiz yana ota-onamizning qo‘lida. Tushunaman, ular ham farzandlarining oilasi buzilishini istashmaydi. Bizni esa to‘yimiz bo‘layotganda tushunishmagan, endilikda tushuntirishlar orqali muammolar hal bo‘lmaydi...


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mutoala sahifa | | Теги: Sistit, oldini olish uchun, 5 tavsiya | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя