14:15 Toshkentda 16 yoshli qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lgan OIV kasalligi bor o‘quvchiga jinoiy ish ochildi | |
Toshkent shahrida yashovchi, OIV kasalligiga chalingan 17 yoshli maktab o‘quvchisi o‘zining 16 yoshli tanish qizi bilan jinsiy aloqa qilgani uchun unga nisbatan jinoiy ish ochildi. Bu haqda Toshkent shahri Ichki ichlar bosh boshqarmasi xabar berdi. Qayd etilishicha, Toshkentda yashovchi 17 yoshli A.K., OIV infeksiyasi bilan kasallanganligidan va OITS dispanserida hisobda turishidan xabardor bo‘la turib, tanishi 16 yoshli R.B. bilan himoyalanmagan tarzda jinsiy yaqinlik qilgan va bu bilan qizni OIV infeksiyasi yuqtirish xavfi ostiga qo‘ygan. Qonuniy himoyachisi ishtirokida bo‘lib o‘tgan xodimlar bilan suhbatda yigit o‘z aybiga to‘liq iqrorligini bildirib, quyidagilarni ma’lum qilgan. Kasalligi tufayli u 7 yoshligidan buyon hisobda turib, muntazam ravishda ko‘rikdan o‘tib turadi. R.B. bilan bolalikdan tanish bo‘lganligi sababli, u bilan anchadan buyon yaxshi munosabatda bo‘lib, o‘smirlik davridanoq uchrashib yurgan. Munosabatlarni "kattalar" darajasiga o‘tkazishni yigit va qiz rejalashtirmagan edilar, ammo bu holat sodir bo‘lganida ularda kontratseptiv bo‘lmagan. Yigit qizni jinsiy aloqa xavfli bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirgan, ammo o‘smirlik sevgisi ularning ko‘zini ko‘r qilib qo‘ygan edi. Keyinchalik yoshlar himoya vositalaridan foydalanib, birinchi holat hech qanday yomon oqibatlarga olib kelmasligidan umidvor bo‘lishgan. Bir oz vaqt o‘tgach, o‘zini yomon his qila boshlagan qiz shifokorga murojaat qilib, 5 oylik homilasi borligidan xabardor bo‘lgan. Yigitining tashxisini bilgan qiz holatning jiddiyligini tushunib, muammosi haqida tibbiyot mutaxassislariga va yaqinlariga ma’lum qilgan. Shu tarzda, o‘rta maktab yuqori sinflar o‘quvchisi A.K. o‘z harakatlari bilan boshqa shaxsni tanosil kasalligini yuqtirish xavfi ostida qoldirgan. Mazkur fakt asosida IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 113 moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Holat bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlar ayblov xulosasi bilan jinoiy ishlar bo‘yicha sudga ko‘rib chiqilishi uchun yo‘naltirildi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|