Главная » 2021 » Март » 29 » Toshkentda ijarada yashagan besh talabaning o‘limiga is gazi sabab bo‘lgan
22:32

Toshkentda ijarada yashagan besh talabaning o‘limiga is gazi sabab bo‘lgan


Toshkentning Yunusobod tumani “Firdavsiy” mahallasi Injobod ko‘chasidagi xonadonda 27-fevral kuni soat taxminan 20:50 atrofida shu yerda ijara asosida yashagan besh talabaning murdasi topilgan edi. Ilk rasmiy ma’lumotlarda yigitlar “noma’lum moddadan o‘tkir zaharlanish” oqibatida vafot etgani ta’kidlangan, biroq gap aynan qaysi modda haqida borayotganiga aniqlik kiritilmagan edi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” bandi (odam o‘lishiga sabab bo‘lgan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) alomatlari bilan ish ochilgani, bu esa o‘limlar, katta ehtimol bilan, is gazi oqibatida yuz berganiga ishora qilganiga qaramay, fojiaga ovqatdan zaharlanish ham sabab bo‘lishi mumkinligi haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Talabalarning aynan nima sababdan vafot etgani dastlabki davrda ularning yaqin qarindoshlariga ham ma’lum qilinmagan edi.

Yunusoboddagi ushbu fojiaga bir oy to‘lishi munosabati bilan “Daryo” ish bo‘yicha ayrim tafsilotlarni ochiqlashni so‘rab Bosh prokuratura matbuot xizmatiga murojaat qildi.

Bosh prokuratura axborotida ta’kidlanishicha, voqea joyidan olingan oziq-ovqat mahsulotlari Toshkent shahar sanitariya-epidemiologik xizmati tomonidan tekshirishdan o‘tkazilgan. Xonadon egasi G.M., vafot etganlar bilan birga ijarada yashagan N.A., “Bunyodkor-dudbo‘ron xavfsizligi” kompaniyasining dudbo‘ronlar pechka ustasi Z.X. batafsil so‘roq qilingan.

“Shuningdek, 26-fevral kuni soat 22:00 dan 27-fevral kuni soat 9:00 oralig‘ida Injobod ko‘chasidagi uyga qanday kuchlanishda tabiiy gaz yuborilgani va odatiy kunda tabiiy gaz kuchlanishining miqdori haqida ‘Hududgazpoytaxt’dan hamda Gidrometeorologik xizmatidan shu vaqt oralig‘ida bo‘lgan ob-havo ma’lumotlari olindi”, — deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Bosh prokuraturadan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, beshala yigitning bari “is gazidan o‘tkir zaharlanish natijasidagi o‘tkir nafas va yurak qon tomirlari yetishmovchiligi” oqibatida vafot etgan. Bu Respublika sud tibbiyot ekpertiza ilmiy-amaliy markazining 15-martdagi yakuniy xulosalari bilan tasdiqlangan.

  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ikkinchi kurs talabasi Mavlonbek U. (2000-yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashagan);
  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ikkinchi kurs talabasi Rahmatullo S. (1998-yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashagan);
  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ikkinchi kurs talabasi Davronbek G‘. (2000-yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida yashagan);
  • Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti ikkinchi kurs talabasi Oyatullo I. (2000-yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashagan);
  • Toshkentdagi Inha universiteti birinchi kurs talabasi Sardorbek H. (2000-yilda tug‘ilgan, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida yashagan).

Ma’lumot uchun, Yunusoboddagi ushbu fojiadan so‘ng butun O‘zbekiston bo‘ylab ijarada yashayotgan talabalarning ahvolini o‘rganish boshlandi, talabalar uchun turar joylar qurish masalasi bosh mavzulardan biriga aylandi.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: is gazi, sabab bo‘lgan, yashagan, o‘limiga, ijarada, talabaning | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя