Главная » 2020 » Февраль » 22 » Toshkentda o‘quvchi maktabga avtomat va 1188 ta o‘q olib keldi. Poytaxtda jinoyatchilik ortgani aytilmoqda
18:58

Toshkentda o‘quvchi maktabga avtomat va 1188 ta o‘q olib keldi. Poytaxtda jinoyatchilik ortgani aytilmoqda


O‘zbekistonda maktab o‘quvchilari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar oshgan. Bu haqda bugun, 22 fevral kuni Bosh prokuraturada o‘tgan Jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Misol uchun, Toshkent shahar Yashnobod tumanida maktab o‘quvchisi Sh. o‘zaro janjal oqibatida tanishi X.ni o‘ldirib, jasadini hovlidagi quduqqa tashlab  yuborgan. Voqeaga guvoh bo‘lgan marhumning turmush o‘rtog‘i X. va uning dugonasi K.ni ham o‘ldirish maqsadida hayotiga suiqasd qilgan.

Sh. 7 oy davomida darsga qatnashmasdan, marhum X.ning uyida ishlab kelgan bo‘lsada, sinf jurnallarida “sababli dars qoldiruvchi” sifatida qayd etib kelingan.

Angren shahridagi maktab o‘quvchisi J. tanishi S.ning 42 mln so‘mlik tilla buyumlarini qo‘lga kiritish uchun uni pichoq bilan qasddan o‘ldirgan.

Bosh prokuratura tomonidan maktablarda o‘tkazilgan davomat tadbirlarida 2019 yilning 9 - 14 noyabr kunlari Toshkent shahar maktablarida 4.215 nafar, 11-27 noyabr kunlari Qashqadaryoda 1.057 nafar o‘quvchilar darslarga sababsiz qatnashmagani aniqlangan.

Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev yig‘ilishdagi ma’ruzasida, voyaga yetmaganlar o‘rtasida pichoq va boshqa sovuq qurollar olib yurish holatlari ko‘payganligini tanqid ostiga oldi.

Birgina 2019 yilda ta’lim muassasalarida 210 nafar o‘quvchilar sovuq qurol olib yurganligi aniqlangan.

Misol uchun, Yunusobod tumanidagi maktab o‘quvchisi Yu. otasiga tegishli pnevmatik avtomatni 1.188 dona metall o‘qlari bilan maktabga olib kelgan.

O‘tgan yilda yoshlar tomonidan pichoqdan qurol sifatida foydalanib, 346 ta jinoyat sodir etilgan. Bular asosan, qotillik, tan jarohati yetkazish, bosqinchilik va bezorilik jinoyatlaridir.

Ularning aksariyati Surxondaryo, Namangan, Andijon, Qashqadaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan.

Misol uchun, Qo‘qon shahridagi maktab o‘quvchisi O. o‘zaro kelib chiqqan janjal oqibatida tanishi Y.ning qorin qismiga pichoq urib, og‘ir jarohat yetkazgan.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя