Главная » 2020 » Июль » 9 » Toshkentlik ayol "issiq-sovuqchi"ning tuzog‘iga ilindi
19:26

Toshkentlik ayol "issiq-sovuqchi"ning tuzog‘iga ilindi


Sirg‘ali tumanida yashovchi Naima Ostonova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2019 yil 1 dekabr kuni ertalab ishga ketayotganida firibgarga duch kelishini va bu voqea boshiga jiddiy tashvish keltirishini qayoqdan bilibdi, deysiz? Afsuski, shunday bo‘ldi.

Buni qarangki, o‘sha kuni ertalab Shahrisabz tumanida yashovchi, 21 yoshli Mastura Do‘ltayeva vohadan poytaxtga yetib kelgandi. Soat ertalab 08:00 larda u Sirg‘alidagi xalq tilida «Yarmarka bozori» deb ataladigan bozor yonidagi avtobekatda Naima opa bilan tasodifan uchrashib qoldi. Mastura diqqat bilan razm solib, angladiki, N.Ostonova soddagina ayol ekan. Shu bois, o‘ylab o‘tirmay asta ayolni avrashga tushdi.

— Ismim Gulbahor, o‘zim Buxorodanman. Qarindoshimnikiga mehmonga kelyapman, —deya u gap boshladi. — Men hojatmand ayollarga, bemorlarga duo o‘qiyman. Ko‘zingiz aytib turibdi, ko‘nglingiz g‘ash. Chunki kimdir isitma-sovutma qilib, uyingizga tashlab ketgan. Qolaversa, bolalaringizning yo‘lini, baxtini bog‘lab qo‘ygan. Xohlasangiz, buni ulardan aritishda sizga yordam beraman.

U shunday vahima va ustomonlik bilan gapirdiki, oqibatda Naima Ostonova bunga laqqa tushib, ishonganidan qattiq qo‘rqib ketdi. Shuning uchun M.Do‘ltayevadan ertasi kuni kelib, uyida duo o‘qib, balo-qazoni daf qilib berishini so‘radi. Xayrlashayotganda esa, unga telefon raqamini ham yozib berdi.

Ishonuvchanlikni qarangki, o‘sha kecha N.Ostonova tuni bilan mijja qoqmay, xayolan ming bir ko‘chaga kirib chiqdi. Binobarin, ertasiga ertalab “Yarmarka bozori” bekatida Masturani o‘zi kutib oldi. So‘ng uni katta umid bilan xonadoniga boshlab keldi.

Albatta, mehmon duogo‘ylik va folbinlik usullari hamda xatti-harakatlarini yaxshigina o‘zlashtirgandi. Shunga amal qilgan holda, avvaliga xonalarni birma-bir aylanib chiqdi. Keyin oshxonada turgan gul tuvakni ko‘rsatib, ichida duo o‘qilgan buyumlar borligini aytdi.

— Hozir buning duolarini o‘qib, qaytarma qilaman. Gulingizni bu yerga olib keling, — dedi u mehmonxonaga kirarkan. Biroz pichirlab, nimalarnidir o‘qigan bo‘ladi.

— Bir kosada suv keltiring, — deya chalg‘itish uchun xonadon sohibasini tashqariga chiqarib yuboradi. Naima opa suv keltirguncha esa, gulni tuvagidan ajratib, tuvak ichiga o‘zi bilan birga olib kelgan turli arabiy yozuvlar bitilgan qog‘oz, soch tolalari, latta bo‘lagi, tipratikan tikanlari va zanglagan qulfni solib qo‘ydi.

— Ko‘ryapsizmi, qancha narsaga o‘qitishgan, yaramaslar. Yon-atrofingizdagi tanigan-bilgan kishilaringizning ishi bu, — dedi soddadil ayolni yanada ishontirish maqsadida. — Shuning uchun pul va tillalaringiz bo‘lsa, olib chiqing, ularga ham dam solib beraman.

Shundan so‘ng Naima Ostonova ichkari xonadan 1500 AQSh dollari va onasidan meros bo‘lib qolgan bir necha turdagi tilla taqinchoqlarni olib chiqdi. Ungacha esa, M.Do‘ltayeva o‘zidagi kalit bilan zanglagan qulfni ochib qo‘ydi. Ustasi faranglikni ko‘ringki, qulfning ochilishini ham u o‘qigan duolari samarasi sifatida tushuntirdi. Shu tariqa xorijiy valyuta va tilla buyumlarni bir matoga tugib, ularga qarata ham duolarni o‘qiy boshlaydi. Chamasi, yarim soatdan so‘ng esa, tugunni mezbonning qo‘liga tutqazdi.

— Buni ichkariga kiritib qo‘ying. Uch soatdan keyin ochib ko‘rasiz, hamma mushkulingiz daf bo‘ladi, — deb uqtirdi u. Keyin esa, u shosha-pisha xayrlashgancha uydan chiqib ketdi.

Darhaqiqat, Mastura Do‘ltayevaning so‘nggi harakati bejiz emasdi. Negaki, bu makkora N.Ostonovani chalg‘itib, taxlangan dollar va tilla taqinchoqlarni yashirib olib ketgandi. Boyaqish Mastura opa esa, buni, ya’ni aldanganini qachonki Naimani kuzatib kelgach, oradan 3-4 soat o‘tib, tugunni yechib ko‘rgandagina bildi. Binobarin, mazkur holat yuzasidan Sirg‘ali tuman IIBga murojaat qildi. Pirovardida M.Do‘ltayevaga nisbatan darhol qidiruv e’lon qilindi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, qidiruv jarayonida firibgarning yana bir ustomonligi ayon bo‘ldi. Ya’ni Mastura xayrlashish avvalida tanishiga qo‘ng‘iroq qilib olish bahonasida N.Ostonovaning telefonidan o‘zining telefon raqamini o‘chirishni esidan chiqarmagan ekan. Qolaversa, o‘sha atrofga o‘rnatilgan barcha kuzatuv kameralari ro‘parasidan teskari qarab yoki yuzini berkitib o‘tib ketgan. Keyin qo‘lga kiritgan tilla taqinchoqlarni Chorsu bozorida bir notanish shaxsga 1.320.000 so‘mga sotib yuborgan ekan. Biroq tajribali jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari uyali aloqa kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumot bilan Naima opaning raqamidagi kirish-chiqish qo‘ng‘iroqlarini solishtirishganda sir oshkor bo‘ldi. Natijada aybdor jabrlanuvchining 1500 AQSh dollari va 1300 AQSh dollarilik tilla taqinchoqlari (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil 2 dekabr kuni 1 AQSh dollarining so‘mga nisbatan qiymati 9494,68 so‘mni tashkil qilgan) jami 2800 AQSh dollari — 26.585.104 so‘mlik mulkini firibgarlik bilan qo‘lga kiritgani aniqlandi. Shu bois unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «a»-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tuman sudi esa, M.Do‘ltayevani qonuniy jazoga mahkum etdi. Shuningdek, tergov jarayonida uning turmush o‘rtog‘i tomonidan yetkazilgan zararni qoplash uchun IIB depozit hisob raqamiga topshirilgan 3000 AQSh dollari jabrlanuvchi foydasiga undirildi.

Endi bir mulohaza qilib ko‘raylik. Jinoyat ishi hujjatlaridan ayon bo‘lishicha, Naima Ostonovaning soddadilligi va o‘ta ishonuvchanligi sudlanuvchining firibgarligiga yo‘l ochib bergan. Shunday ekan, ushbu jinoyat ishi misolida hamyurtlarimizni firibgarlarning hiyla-nayranglaridan ogoh etib qolardik.


Manba: "aniq.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Toshkentlik ayol, issiq-sovuqchining, tuzog‘iga ilindi | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя