Главная » 2016 » Декабрь » 27 » “U menga e’tiborlimi? Men-chi?” Yoxud bir-biringizni sinovdan o‘tkazing
09:48

“U menga e’tiborlimi? Men-chi?” Yoxud bir-biringizni sinovdan o‘tkazing


Shu kunlarda «aytishuv» laringiz ko‘paygandan ko‘payyapti. A, labbay?! «Erim  meni tushunmaydi» deysizmi? « Ehtimol ikkingiz ham munosabatlaringizni qayta ko‘rib chiqishingiz kerakdir? Keling, yaxshisi quyidagi test yordamida muammo nimada ekanligini aniqlashga urinib ko‘ramiz.

Test savollariga javob berishda, A-1 ball; B-2 ball;V-3 ball tartibida hisoblab boring. Yakunida umumiy ballni jamlab, izohi bilan tanishasiz.

1. Biror ko‘rsatuv yoki film (serial) ustida tortishib qolishingiz mumkinmi?

A. Bu biz uchun odatiy xol. Men yoqtirgan filmlarni u xushlamaydi. U tomosha qiladigan ko‘rsatuvlarni esa jinim suymaydi.

B. Kamdan-kam hollarda bo‘lib turadi. Vaziyatga qarab bir-birimizga «yo‘l» beramiz.

V. Hech qachon «sen-menga» bormaganmiz. Chunki bir xil janrdagi filmlarni yoqtiramiz.

2. Oiladagi muhim qarorni kim qabul qiladi?

A. Albatta men. Axir er «bosh» bo‘lsa, xotin «bo‘yin» ku.

B. Bizni oilada oxirgi gapni erkak kishi aytadi.

V. Er-xotin maslahatlashib, so‘ng bir qarorga kelamiz.

3. So‘nggi marta qachon birga sayr qildingiz? (ehtimol kino yoki teatrga borgandirsiz?)

A. Ertalab ishga ketayotgandagina uydan birga chiqamiz. Qolgan paytlari hamma o‘z ishi bilan band.

B. Mehmondorchiliklarga birga borishimiz mumkin. Ammo ikkimiz alohida sayr qilishimiz qiyin masala.

V.  Turmush qurmasimizdan oldin ham kechalari sayrga chiqardik. Hozir ham imkoniyatga qarab an’anamizni buzmaslikka harakat qilayapmiz.

4. Umumiy do‘stlaringiz bormi?

A. Ha, erimning do‘stlarini  taniyman.

B. Oilaviy do‘stlarimiz bilan bordi-keldi qilamiz.

V. Bir-birimizning do‘st-dugonalarimiz bilan yaqindan tanish emasmiz.

4. Turmush qurmasingizdan ilgari yoqtirgan insoningiz bo‘lganini juftingiz bilishi lozimmi?

A. Ikkimiz uchrashgunimizcha bo‘lgan voqealarning unga qizig‘i yo‘q.

B. Hamma narsani aytaverish to‘g‘ri emas, menimcha.

V. Undan yashiradigan sirim  yo‘q.

5. Rejalaringizning birgalikda muhokama qilasizmi?

A. Qanday reja ekanligiga qarab...

B. Amalga oshirishni ko‘zlagan rejamni pishitmagunimcha bu haqda hech kimga aytmayman. Hatto turmush o‘rtog‘imga ham.

V. Deyarli barcha mavzuni birgalikda hal qilamiz.

6. Ishdan kelganda bir-biringizni qanday qarshi olasiz?

A. Sira ahamiyat bermagan ekanman. Salomlashamiz xolos.

B. Qanday kayfiyatda bo‘lishimdan qat’i nazar hamisha kulib kutib olaman.

V. «Yaxshi keldingizmi?» salomlashuvimiz shunday boshlanadi.

7. Dam olish kunlarini qanday o‘tkazish haqida bahslashmaysizmi?

A. Yo‘q. Yakshanba kuni ikkimiz ham uyda bo‘lamiz.

B. Ba’zan. Ayniqsa, biror yerga borish kerak bo‘lsa fikrimiz ikkiga bo‘linadi.

V. Tez-tez. Chunki dam olish kunlari ikkimizning ham o‘z rejalarimiz bo‘ladi.

8. Ro‘zg‘orda erkak va ayol bajarishi kerak bo‘lgan vazifalar o‘z o‘rnidami?

A. Albatta. Turmush o‘rtog‘im avvaldan o‘z ishiga pishiq.

B. Yo‘q. Ko‘pincha erkaklar bajarishi kerak bo‘lgan ishlar ham o‘zimga qolib ketadi.

V. Vaziyatga qarab bir-birimizga yordamlashishimiz mumkin.

9. Begonalar oldida janjallashib qolishingiz mumkinmi? Ehtimol shunday vaziyat bo‘lgandir...

A. Bo‘lib turadi. Ikkimiz ham hissiyotlarimizni ichimizda saqlolmaymiz.

B. Agar u meni juda qattiq ranjitsa, atrofimdagilarga e’tibor bermay, noroziligimni bildiraman.

V. Hech qachon bunga yo‘l qo‘ymayman. Qanday muammo bo‘lishidan qat’i nazar boshqalar uchun ideal juftlikdek ko‘rinishni istayman.

 

Natijalarni hisoblaymiz!

10-16 ball: Sizning munosabatlaringizni aql boshqaradi. Hissiyotlar zarur bo‘lgan vaziyatda ham o‘zingizni nazorat qilolasiz. Biroq shuni deb ko‘pincha pand yeysiz. Bir-biringizga aytishni istaganlaringizni ham pinhon tutasiz. Nikohingiz mustahkam, ammo  oila atamasidagi qat’iy qoidalardan salgina chetlashib, shunchaki bir-biringizni sevishni o‘rganing.

 

17-25 ball: Ikkingiz chinakam do‘stsiz. Har qanday muammoni birgalikda hal qilasiz. Bir-biringiz uchun ko‘p narsadan voz kecholasiz. Biroq buni ko‘rsatmaysiz. Shu bois o‘rtangizda turli tushunmovchiliklar kelib chiqadi. Fikrlaringizni to‘g‘ri tushuntirishni, bir-biringizni tinglashni o‘rganing. Er-xotinning do‘stona munosabatlari yaxshi albatta, ammo muhabbat olovi ham so‘nib qolmasligi kerak.

 

 26-30 ball: Dunyoqarashingiz, fikrlashingiz hatto didingiz ham bir xil. Siz chinakam ideal juftliksiz. Munosabatlaringizda uyg‘unlik bor. Ikkingizning ham o‘zingizga yetgudek fe’lingiz bor. Ammo so‘nggi daqiqagacha sabr qilasiz. Aytishib qolsangiz ham hech nima bo‘lmagandek gaplashib ketaverasiz. Chunki bir-biringizni so‘zsiz tushunasiz. Tuyg‘ularingizga sodiq qolsangiz, bir umr baxtli bo‘lasiz.

Internet materiallari asosida Yulduz tayyorladi


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Testlar, Psixologiya | | Теги: Er-xotin, test, munosabat | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя