Главная » 2016 » Октябрь » 26 » Ulug‘bek Qodirov eng katta kamchiligini tan oldi
18:16

Ulug‘bek Qodirov eng katta kamchiligini tan oldi


Ulug‘bek Qodirovni hech ikkilanmay, zamonaviy o‘zbek kinosining eng yorqin yulduzi deyish mumkin. Ulug‘bekning ijro etgan rollari bir-birini takrorlamaydi, u har qanday obrazni mahorat bilan o‘ynaydi. “Bekajon” nashri aktyorning bugunga qadar bosib o‘tgan yo‘llari haqida yozdi.

Eng qimmat aktyor
Qodirov o‘zbek kinosida eng ko‘p gonorar to‘lanadigan aktyorlardan biri sanaladi. Lekin kino uning yagona daromad oladigan manbai emas. Agar unga yangi rol taklif etishsa, ssenariyni o‘qimasdan turib, rozilik bildirmaydi. Shuning uchun rejissyorlar uni talabchan va mas’uliyatli aktyor sifatida e’tirof etishadi. U o‘zi gavdalantiradigan qahramonini yetarli darajada maromiga yetkazib o‘ynay olishiga ko‘zi yetmasa, o‘sha roldan voz kechib qo‘yaqoladi. Partnyor tanlamaydi.

Kino sari ilk qadam
Qahramonimiz katta ijodiy qadamni teatr sahnasidan boshlagan. Institutning ikkinchi kursida o‘qiyotganida ustozi O‘zbekiston xalq artisti Turg‘un Azizov O‘zbek milliy akademik drama teatriga boshlab kelgan. Ammo bir necha yillardan so‘ng, teatr va kinoni birga davom ettira olmasligini tushunib, teatrdan ketishni afzal bildi. Shuning uchun u teatr aktyori sifatida emas, kinoaktyor bo‘lib shuhrat qozondi.

Aktyorlikdan xonandalikka
Qodirov aktyorlikdan tashqari, xonandalikka ham qo‘l urgan. Bolaligidan estradaga qiziqishi yuqori bo‘lganini ko‘pchilik bilmasa kerak. Hattoki maktabda o‘qib yurgan kezlari do‘stlari bilan birga musiqiy guruh ham tashkil etgan. Hozirgi kunda u to‘ylarda o‘zining qo‘shiqlari bilan ham xizmatda bo‘ladi.

33 yoshli aktyorning eng katta orzusi
Aktyor o‘z ijodi davomida hayotda qiyin vaziyatlarga tushib qolgan yigitlar obrazini ko‘proq talqin qilgan. Aktyorning aytishicha, u ijro etgan qahramonlar - hayotiy qiyinchiliklar oldida taslim bo‘lmagan, taqdir zarbasiga qaramay, yaxshi tomonga o‘zgarishga intilgan kuchli personajlardir. Romeo monologini qoyil qilib o‘qib, institutga kirishga muvaffaq bo‘lgan. 33 yoshli aktyorning bugungi orzusi - yana teatrga qaytib, «Gamlet» rolini ijro etish.

U harbiy bo‘lishi mumkin edi, agar...
Aktyorning ota-onasi o‘g‘lining harbiy bo‘lishini orzu qilishgan. 15 yoshida ular Ulug‘bekni Toshkentdagi Suvorov nomidagi harbiy bilim yurtiga o‘qishga berishgan. Ammo Ulug‘bekning sog‘ligida yuzaga kelgan muammolar sabab, operatsiyadan keyin o‘qishni davom ettira olmagan. Shunda ota-onasi uni oddiy maktabga qaytarishga majbur bo‘lishgan. Qodirov ota-onasi nega aynan harbiy sohada o‘qishini istaganini quyidagicha izohlaydi: «Kino haqida bolaligimdan orzu qilganman. Jan-Klod Van Dam ijrosidagi filmlarni juda yoqtirardim. Oyimning aytishicha, uyda u ijro etgan jang sahnalarini muntazam takrorlab turgan ekanman. Shu bois, u kishi mashq qilayotganimni ko‘rib, o‘g‘lim kelajakda harbiy bo‘ladi, deb o‘ylagan».

San’atga tasodifan kirib kelgan
Ulug‘bek San’at va madaniyat institutiga o‘qishga kirish haqida kutilmaganda qaror qiladi. Buni qarangki, omad va favqulodda iste’dod bilan u oliygohga davlat granti asosida qabul qilinadi. San’at sohasidan ancha yiroq bo‘lgan insonlar emasmi, Ulug‘bekning ota-onasi avvaliga bu gapga ishonishmaydi. O‘z ko‘zlari bilan borib ko‘rishgach, yanada ajablanishadi. «Garchi san’atga tasodifan kirib kelgan bo‘lsam-da, kino sohasiga bolaligimdan qiziqqanman. Esimda, yoshlik paytimda jangari filmlarda ishtirok etishni o‘zimcha orzu qilardim. Gollivud aktyori Jan Klod Van Damning filmlarini berilib tomosha qilar, undagi jang sahnalarini takrorlardim», deb eslaydi qahramonimiz.

Uning eng katta kamchiligi...
Bolaligida akrobatika, jang san’atining barcha turlari: qo‘l jangi, dzyudo, taekvondo, boks bilan shug‘ullangan. Sportzalga qatnash uning uchun ayni paytda majburiy. Chunki sevimli aktyorimiz to‘lishishga moyil. Eng katta kamchiligi deb, u shu jihatini tan oladi. Non va qovurilgan taomlarni iste’mol qilmaydi. Haftada olti kun parhez saqlashiga to‘g‘ri keladi. Orada bir kun ko‘ngli tusagan narsani tanovul qiladi, xolos.

Ulug‘bek oilasi haqida gapirishni yomon ko‘radigan, oilaviy suratlarini ko‘pchilikning e’tiboriga taqdim etishni o‘ziga ep ko‘rmaydigan aktyorlar sirasidan. Bu borada u shunday fikrda: «Oila - shaxsiy hudud, buni omma uchun muhokama mavzusi qilish ahmoqlik. Qolaversa, oilamga ko‘z tegishini xohlamayman. Shukr, yonimda sevimli ayolim bor, u bilan baxtliman, bir qiz, bir o‘g‘ilning otasiman».

Shaxsiy hayoti va oilasi haqida
1983 yilning 3 avgustida Toshkentda, oddiy oilada tavallud topgan. Ulug‘bekning onasi nashriyotda hisobchi, otasi esa neft-gaz sohasida faoliyat yuritgan. Oilada besh farzand bo‘lib, ularning uchtasi qiz va ikkitasi o‘g‘il. Undan boshqa hech kim san’at sohasini tanlamagan.

Ulug‘beq Qodirov haqida qiziqarli faktlar:

  • Kech qolib yurish doimiy odatiga aylangan.
  • Qo‘l telefoniga qo‘ng‘iroq yashirin yoki notanish bo‘lsa, umuman javob bermaydi. «SMS»larga ham javob yozmaydi.
  • Shaxsiy hayotiga oid savollarga javob berishdan qat’iy bosh tortadi.
  • Oilada kenja farzand bo‘lgani uchun tabiatida biroz erkatoylik bor.
  • Jahli tez va qaysar. 
  • Hamkasblaridan Muhammadiso Abulxairovni professional aktyor deb biladi.
  • Bahrom Yoqubovning «Baxt uchun million» kinofilmidan keyin tanilgan.
  • Kinoda o‘zi uchun eng yaxshi partnyor sifatida Dilnoza Kubayevani tan oladi.
  • Aktyorga omad olib kelgan eng muvaffaqiyatli ijrosi «Telba» filmidagi obrazidir.
  • Internet foydalanuvchilari orasida o‘tkazilgan so‘rovnomada «Eng chiroyli o‘zbek yigitlari» ro‘yxatida ikkinchi o‘ringa munosib topilgan.
  • «Aka» filmidagi obrazi uchun 26 kiloga to‘lishishga majbur bo‘lgan va «Baron» kartinasi uchun yana shuncha kiloga ozishiga to‘g‘ri kelgan.

Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Ulug‘bek Qodirov | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя