Главная » 2020 » Январь » 9 » Universitet prorektorining diplomi qalbaki bo‘lib chiqdi
22:55

Universitet prorektorining diplomi qalbaki bo‘lib chiqdi


OAVlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi Samarqand “Ipak Yo‘li” turizm xalqaro universitetining birinchi prorektori 43 yashar Azamat Akbarov 7-yanvarda ishdan olingan. 

Akbarovning ilmiy darajasi to‘g‘risidagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tan olgan xorijiy diplomi qalbaki bo‘lib chiqqani uning vazifasidan ozod qilinishi uchun asos bo‘lgan.

Akbarov Yangi yildan oldin majburiy ta’tilga chiqarilgan

“Akbarovning diplomi borasida shubha tug‘ilishi bilan u 2019-yilning dekabrida ta’tilga chiqarilgan. Ekspertiza xulosasi kelgandan keyin universitet Akbarov bilan mehnat shartnomasini bekor qilgan”, deyiladi xabarlarda.

Diplomi 2019-yilda nostrifikatsiya qilingan

Xulosada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda 2019-yilning dekabrida ilmiy ekspertizadan o‘tkazilib, OAKning 2019-yil 28-fevraldagi 262/1-son qarori bilan nostrifikatsiya qilingan (tan olingan) xorijiy falsafa doktori (PhD) ilmiy daraja diplomi qalbaki ekanligi aniqlangani aytilgan.

Ekspertiza qalbaki diplom Azamat Akbarovga tegishli ekanligini aniqlagan

Ekspertiza xulosasida yozilishicha, qalbaki diplom Azamat Akbarovga tegishli bo‘lib, u 2020-yilning 7-yanvarigacha O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi Samarqand “Ipak Yo‘li” turizm xalqaro universitetining birinchi prorektori lavozimida ishlab kelgan.

Akbarovning diplomi BURCH xalqaro universiteti tomonidan berilgan

Hujjatlarda sobiq prorektorning PhD ilmiy daraja diplomi Sarayevo shahrida (Bosniya va Gersegovina davlati) joylashgan BURCH xalqaro universiteti tomonidan berilganligi ko‘rsatilgan.

Universitet Ilmiy kengash kotibi shubhalangan

“Universitetimizda ikki xodimda BURCH xalqaro universiteti diplomi bor edi, lekin ularning nusxalari bir biridan keskin farq qilardi. Bu holatga aniqlik kiritish maqsadida diplom bergan xorijiy universitetga rasmiy so‘rov jo‘natildi. Universitet Azamat Akbarov diplomining qalbaki ekanligini ma’lum qildi”, deydi Samarqanddagi “Ipak Yo‘li” turizm xalqaro universiteti Ilmiy kengashi kotibi.

Azamat Akbarov ikkita universitetda bir vaqtda o‘qiganini aytmoqda

Azamat Akbarovning aytishicha, u 2006-yildan to 2009-yilgacha bir paytning o‘zida ikki xorijiy oliy ta’lim muassasasi: BURCH xalqaro universiteti (Bosniya va Gersegovina) hamda Xan’yang universiteti (Janubiy Koreya) doktoranti sifatida faoliyat olib borgan.

Universitet esa 2008-yilda faoliyatini boshlagan

Ammo BURCH xalqaro universiteti rasmiy saytidagi ma’lumotga asosan ushbu oliy o‘quv yurti faqatgina 2008-yilga kelib tashkil topgan.

Mershid Poturak: Akbarov degan shaxs BURCH xalqaro universiteti talabasi bo‘lmagan
Ayrim OAVda berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, BURCH xalqaro universiteti rektori professor Mershid Poturak ham Xalqaro BURCH Universiteti tomonidan Azamat Akbarovga PhD diplomi berilmaganini bildirgan.


Manba: "xabardor.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя