Главная » 2020 » Март » 17 » «Urush holatidamiz» - Yevropa yopildi. Koronavirus bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar
23:01

«Urush holatidamiz» - Yevropa yopildi. Koronavirus bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar


Yevropa komissiyasi seshanba kunidan mintaqada Shengen hududi vizasisiz harakatlanishni taqiqladi. Koronavirus tarqalishiga qarshi choralar doirasida Yevropaning ko‘plab davlatlari o‘z chegaralarini yopib oldi. YeIning tashqi chegaralari ham yopilgan.

Faqat tibbiy xodimlar, o‘z vataniga qaytayotgan yevropaliklar, ularning oila a'zolari, diplomatlar hamda tijoriy yuk tashuvchi transport haydovchilariga chegarani kesib o‘tishga ruxsat beriladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda jahonning 155dan ortiq mamlakatida koronavirus yuqtirganlarning jami soni 194 mingdan oshgan, 7893 kishi vafot etgan, 80 mingdan ortiq kishi sog‘ayib ketgan.

«Safar qancha kam bo‘lsa, virusni tiyib turish ehtimoli shuncha yuqori bo‘ladi», - degan Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen.

Dushanba kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron telemurojaatida Yevropa Ittifoqi tashqi chegaralarini yopishi haqida ma'lum qildi: «Yevropaga kirmaydigan hamda Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlararo barcha harakatlar to‘xtatiladi». Ushbu qaror Yevropa Ittifoqining boshqa a'zolari bilan birgalikda qabul qilingan.

Dushanba kuni Yevropa Ittifoqi rahbariyati Shengen zonasi hududiga kirishni taqiqlab qo‘yishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Makron Germaniya kansleri Angela Merkel, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen hamda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishelning telefon orqali muloqotida ushbu masala ko‘tarilgan.

Yevrokomissiya taklifiga ko‘ra, bu taqiq 30 kun amalda bo‘lishi ko‘zda tutilgan, ammo vaziyatga qarab muddat uzaytirilishi mumkin.

Bryussel Shengen zonasi hududiga kirmaydigan, 31 yanvardan YeI a'zoligidan ham chiqqan Buyuk Britaniyani ham Yevrokomissiya tavsiyalariga amal qilishga chaqirgan.

Seshanba kuni Yevropa Ittifoqi rahbariyati videoaloqa orqali shoshilinch sammit o‘tkazishdi va Yevropadagi vaziyatni muhokama qilishdi.

Britaniyadagi vaziyat

Buyuk Britaniya hozircha G‘arb davlatlari orasida virus tarqalishi oldini olish bo‘yicha nisbatan eng oddiy choralarni ko‘rayotgan davlat bo‘lib turibdi. Mamlakat bosh vaziri Boris Jonson fuqarolarni pablarga va restoranlarga bormaslikka, sayohatlardan voz kechib, imkon qadar uydan turib ishlashga chaqirgan.

Seshanba kuni Britaniya TIV mamlakat fuqarolari keyingi 30 kun davomida xorijga safarlarini to‘xtatib turishi kerakligi haqida ogohlantirdi.

Maktablar, ofislar va boshqa jamoat joylarini yopish bo‘yicha hukumatning rasmiy farmoyishi yo‘q, ammo joylarda turli tuzilmalar mustaqil ravishda shunday qarorlar qabul qilishmoqda.

Masalan, dushanba kuni Londondagi teatrlar noma'lum muddatga yopildi.

Mamlakat hukumati pandemiya va undan keyingi davrda iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha rejani taqdim etishga tayyorlanmoqda. Bosh vazir Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, bu Britaniyada tinchlik davrida qo‘llangan bemisl choralar bo‘ladi.

Ko‘plab kompaniyalar epidemiyadan omon chiqa olmasligidan xavfsiramoqda.

Britaniyada koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 1950 holat qayd etilgan (Yevropada Italiya, Ispaniya, Germaniya, Fransiya va Shveytsariyadan keyingi o‘rinda), ammo haqiqiy raqamlar 50 mingdan ortiq bo‘lishi mumkin.

Virus tashxisi qo‘yilganlarning 55 nafari vafot etgan.

Fransiyadagi vaziyat

Fransiya prezidenti Makron mamlakat fuqarolari alohida sababsiz uyni tark etishi taqiqlanuvchi farmonini imzoladi. U avval e'lon qilingan choralar - maktablar, do‘konlar, kafelar va muzeylar yopilishi - yetarli choralar bo‘lmaganini ma'lum qildi.

«Shifokorlar vaziyat naqadar jiddiyligi to‘g‘risida ogohlantirganliklariga qaramasdan, odamlar xiyobonlarda, bozorlarda va restoranlarda yig‘ilishda davom etishmoqda, ular hukumat farmoyishlarini inkor etishmoqda», - degan Makron 20 daqiqa davom etgan millatga telemurojaatida.

«Biz urush holatidamiz. Biz dushman armiyasi yoki o‘z xalqimiz bilan urushmayapmiz. Lekin dushman shu yerda - ko‘rinmas, daxlsiz. U oldinga harakatlanishda davom etmoqda», deya ogohlantirgan fransuzlar prezidenti.

Fransiya hududida qat'iy choralar kamida 15 kun davomida amalda bo‘ladi, Makron hukumat farmoyishiga bo‘ysunmaganlarning barchasi jazolanishini va'da qilgan.

Bemorlarni shifoxonalarga tashish bilan fransuz armiyasi shug‘ullanadi. Shu haftaning dam olish kunlariga belgilangan mahalliy saylovlarning ikkinchi turi noma'lum muddatga qoldirilgan.

Emmanuel Makron korxonachilarni, hukumat biror fransuz kompaniyasi inqirozga uchrashiga yo‘l qo‘ymasligiga ishontirgan.

Seshanba kuni Fransiya Moliya vaziri Bryuno Le Mer biznes egalariga va yuzaga kelgan vaziyatdan jabr cheklangan yollanma ishchilar uchun 45 mlrd yevro miqdoridagi yordam paketini taqdim etdi.

Ayni vaqtda Fransiyada 6633 kishida virus aniqlangan, 148 kishi virus qurboniga aylangan.

Mamlakatning quruqlikdagi chegaralari bugundan yopib qo‘yildi.

Germaniyada nimalar bo‘lmoqda?

Kansler Angela Merkel har qanday diniy marosimlarni taqiqladi va fuqarolardan barcha safarlarini (xorijga va mamlakat hududi bo‘ylab) kechiktirib turishni so‘radi.

Klublar, barlar, ko‘ngilochar maskanlar va sport komplekslari, hayvonot bog‘lari hamda bolalar maydonchalari yopib qo‘yilgan. Restoranlar faoliyatida cheklovlar o‘rnatilgan, ular kunning ma'lum vaqtlarida ishlaydi hamda stollar orasidagi masofalar kengaytiriladi.

Mamlakatdagi barcha maktablar o‘tgan haftada yopilgandi.

«Barchamiz bu qoidalarga qanchalik vijdonan yondashsak, shuncha tez vaqtda bu davrni yengib o‘tamiz», - degan Merkel xonim Berlindagi matbuot anjumani vaqtida. U hukumat mamlakat iqtisodiyoti yo‘qotishlarini imkon qadar kamaytirish uchun barcha choralar ko‘rilishini ma'lum qilgan.

Germaniyada ayni vaqtgacha 8604 kishida virus aniqlangan, 23ta o‘lim holati qayd etilgan.

Yevropaning boshqa davlatlaridagi holat

Dushanba kuni kechqurun Ispaniya o‘z chegaralarida qat'iy rejim joriy etdi.

O‘tgan shanba kuni mamlakatda 15 kunlik favqulodda holat joriy qilingandi. Bu kunlar mobaynida uylardan faqat do‘konga yoki ishga (agar uydan turib ishlay olmasa va uning xizmati jamoatchilik uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lsa) chiqish mumkin bo‘ladi. 

Bu mamlakat virusdan zarar ko‘rish bo‘yicha yetakchilar qatorida - so‘nggi bir kunda yana 1467 kishida virus aniqlandi va virusdan zararlanganlarning jami soni 11409 nafarga yetdi, so‘nggi bir kunda 168 kishi virusga chalinish oqibatida vafot etdi - jami 510 o‘lim.

Italiyada qurbonlar soni o‘sishda davom etmoqda - 2503. So‘nggi bir kunda 345ta o‘lim holati qayd etildi. Mamlakat bo‘ylab virusdan zararlanganlarning jami soni 31506 nafarga yetdi - so‘nggi bir kunda 3526 kishida virus aniqlangan. Italiya Yevropada koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakat (dunyo bo‘yicha Xitoydan keyingi ikkinchi.

O‘tgan haftada JSST endilikda Yevropa Covid-19 tarqalishi markaziga aylanganini e'lon qilgandi.

Tashkilot rahbari Tedros Gebreisus Yevropa davlatlari rahbariyatlarini epidemiyaga qarshi kurashda Xitoy va Janubiy Koreya tajribasini o‘rganishni tavsiya qilgandi, bu davlatlar koronavirus pandemiyasini nazoratga olib bo‘lgan.

AQShda vaksina sinovi

AQShda koronavirusga qarshi vaksinaning dastlabki klinik sinovlari o‘tkazildi. Sietldagi Kaiser Permanente tadqiqot markazi mutaxassislari to‘rt nafar ko‘ngilliga eksperimental tarzda vaksinani emlashgan. 

Vaksinada virusdan olingan xavfsiz genetik kod bor va u insonni COVID-19ni yuqtirib olishiga imkon bermasligi kutilmoqda.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bu vaksinaning qanchalik samarali ekanini aniqlash uchun bir necha oy vaqt talab etiladi.

Ayni paytda dunyo olimlari bu tadqiqotni diqqat bilan kuzatib borishmoqda. 

AQShda 17 mart holatiga ko‘ra, 5703 kishida virus aniqlangan, 97 kishi vafot etgan.

Rossiya

Rossiyada virus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat tez sur'atlarda o‘zgarmoqda. 

17 mart holatiga ko‘ra Rossiyada virus yuqtirib olganlar soni 114 nafarga yetdi - so‘nggi bir kunda yana 21 kishida virus tasdiqlandi.

Rossiya temir yo‘llari 17 mart kunidan Tojikiston va Qirg‘iziston bilan xalqaro yo‘lovchi tashish to‘xtatilgani haqida e'lon qildi. 

Rossiyaning diplomatik vakolatxonalari vizalar rasmiylashtirishni vaqtincha to‘xtatgan.

RFS (Rossiya futbol ittifoqi) barcha darajadagi chempionatlarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Mamlakat bosh vaziri Mixail Misushtin Belarus bilan davlat chegaralari yopilganini ma'lum qildi, bu esa qo‘shni davlat prezidenti Aleksandr Lukashenkoning keskin e'tiroziga sabab bo‘ldi («Rossiya koronavirusdan lovullab ketdi»).

Moskva meri Sergey Sobyaninning farmoyishi bilan shahardagi barcha ommaviy tadbirlar bekor qilingan. Sobyanin keksalardan zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikni so‘ragan.

Hukumat xorijliklarga mamlakat hududiga kirishni taqiqladi. Taqiq 18 martdan kuchga kiradi va 1 mayga qadar amalda bo‘ladi.

Ukraina

Ukraina Radasi prezident Vladimir Zelenskiy tomonidan taklif etilgan, koronavirus tarqalishi oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini ma'qulladi.

Loyiha karantin tartiblarini buzganlarni jarimaga tortishni, katta savdo nuqtalarini yopishni, ommaviy tadbirlarni bekor qilish va jamoat transportini to‘xtatishni nazarda tutadi.

Ukrainada virusdan zararlanishning 7 holati va bir o‘lim holati tasdiqlangach, Vladimir Zelenskiy «qat'iy, tez va noodatiy» harakat qilishga va'da bergan.

Hukumat oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlari narxini nazorat qilmoqda. Tibbiy vositalarning chayqovchiligi uchun jinoiy javobgarlik qo‘llanishi mumkin.

Hukumat qaroriga ko‘ra, 3 aprelga qadar Kiyev, Xarkov va Dneprda metropoliten faoliyati to‘xtatilishi ko‘zda tutilgan.

18 martdan 3 aprelgacha tramvay, trolleybus, shahar avtobusi va marshrutkada 10 nafardan ortiq kishini tashish mumkin emas

Kiyevda dorixonalar va oziq-ovqat do‘konlaridan tashqari barcha savdo markazlari yopiladi.

Ukraina poytaxti aholisiga tibbiy niqob taqish va imkon qadar jamoat transportidan foydalanmaslik tavsiya etilmoqda.

Markaziy Osiyo

Mintaqada eng jiddiy holat hozircha Qozog‘istonda. 13 mart kuni virusga chalingan ilk bemor qayd etilgan qo‘shni davlatda ayni vaqtga kelib koronavirusning 33 bemori bor - so‘nggi bir kun ichida mamlakatda 23 kishida virus aniqlandi. Mamlakat ikki kundan buyon favqulodda holatda yashamoqda. 

Shu bilan birgalikda, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda hozircha virusdan zararlanish holatlari qayd etilmadi. Afg‘onistonda esa 22 holat aniqlangan, ulardan biri sog‘ayib ketgan.

O‘zbekistonda 17 mart kuni yana 3 kishida virus yuqqani tasdiqlandi va bemorlar soni 11 nafarga yetdi.

O‘zbekistonga koronavirus to‘rtta reys orqali kirib keldi.

  • Birinchisi, 11 mart kuni Parij-Toshkent reysi. Bu reys orqali uchgan shifokor ayol O‘zbekistonda o‘g‘li, qizi, turmush o‘rtog‘i, nabirasi va qarindoshiga virus yuqtirib ulgurdi (6 bemor).
  • Ikkinchisi, 15 mart kuni soat 05:15da Istanbul—Toshkent yo‘nalishidagi 274- reys (3 bemor).
  • Uchinchisi, 14 mart kuni London–Toshkent yo‘nalishidagi 201-reys (1 bemor). 
  • To‘rtinchisi, Dubay–Toshkent yo‘nalishidagi reys (1 bemor).

Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя