Главная » 2019 » Декабрь » 30 » Vashingtonda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining ingliz tilidagi talqini taqdimoti o‘tkazildi
21:38

Vashingtonda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanining ingliz tilidagi talqini taqdimoti o‘tkazildi


27-dekabr kuni O‘zbekistonning Vashington shahridagi elchixonasida AQShda ingliz tilida ilk bor nashr etilgan Abdulla Qodiriyning “Bygone days” (“O‘tkan kunlar”) kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar beradi.

Roman amerikalik olim, AQSh harbiy dengiz akademiyasi Mintaqaviy tadqiqotlar markazining sobiq direktori Mark Riz tomonidan tarjima qilingan. U O‘zbekistondagi Tinchlik korpusining ilk ko‘ngillilaridan biri bo‘lib, 1994—1996-yillarda ko‘ngilli sifatida ishlagan.

Romanning tarjimasi ustida ishlash o‘n besh yildan ko‘proq davom etdi. Elchixona AQShdagi vatandoshlarning, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarning faol qo‘llab-quvvatlashi natijasida romanni nashr etish jarayoni sezilarli darajada tezlashdi. Kitob sotuvga chiqdi va “besh yulduzli” reytingga ega.

Kitobning 660 sahifasida muallif tomonidan ishlatilgan turli atamalar va so‘z iboralarining 400 dan ortiq izohlari, shuningdek, o‘zbek xalqining madaniyati, urf-odati va an’analari haqida tushuntirishlar mavjud.

Taqdimotni ochar ekan, O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov mamlakat rahbariyati tomonidan buyuk ajdodlar xotirasini abadiylashtirish, o‘zbek romanchiligining asoschisi, “jadidlar” harakatining yorqin vakili, yozuvchi Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligini mamlakatda keng nishonlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Mark Riz O‘zbekistonda o‘tkazgan yillari haqida o‘zining yaxshi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi, o‘z ishi natijalari haqida so‘zlab berdi va barchani “hech bo‘lmaganda bir marta O‘zbekistonga tashrif buyurib, uning boy tarixiy merosi, betakror me’morchiligi va oliyjanob xalqiga guvoh bo‘lishga” chaqirdi.

“An’anaviy o‘zbek maktabida o‘qituvchi sifatida o‘tkazgan vaqtim butun hayotimni nihoyatda boyitgan sayohat bo‘ldi. Abdulla Qodiriyning O‘rta Osiyo va jahon adabiyotida o‘xshashi yo‘q “O‘tkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjima qilish men uchun sharaf bo‘ldi”, – dedi Mark Riz.

O‘zbekiston elchixonasining ma’lum qilishicha, kitobning tarjima nusxalari AQSh hukumati rasmiylari, diplomatik korpus vakillari, AQShning yetakchi universitetlari orasida tarqatildi. Shuningdek, roman AQShning eng katta kutubxonasi va eng qadimiy federal madaniy muassasasi — Kongress kutubxonasida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Taqdimot yakunida Mark Riz bilan “Bygone days” (“O‘tkan kunlari”) kitobining 2020-yil bahorida inglizcha tarjimadagi taqdimotini tashkil etish, shuningdek, Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanini tarjima qilish loyihasini muhokama qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.


Manba: "daryo.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя