Главная » 2020 » Апрель » 17 » Xitoy COVID-19ning alomatsiz tashuvchilariga doir kuzatuv xulosalarini ochiqladi. Natijalar o‘ta noxush
09:43

Xitoy COVID-19ning alomatsiz tashuvchilariga doir kuzatuv xulosalarini ochiqladi. Natijalar o‘ta noxush


Xitoy koronavirusning alomatlarsiz tashuvchilari (testida musbat natija chiqqanlar) borasidagi keng miqyosli tadqiqotlar natijasini ilk bor e'lon qildi. Tadqiqotlardan asosiy xulosa shuki, bundaylar kasallanganlarning umumiy massasida juda ko‘p, deb xabar bermoqda Bloomberg.

15 aprel kuni Pekinda o‘tgan brifingda XXR sog‘liqni saqlash bo‘yicha milliy komissiyasi vakili Mi Feng quyidagi raqamlarni keltirgan: 6764 nafar alomatlarsiz, biroq testida musbat natija qayd etilgan bemorlardan faqatgina 20 foizga yaqinida (1297 hol) keyinchalik kasallik alomatlari avj olgan.

1023 nafar patsiyent (alomatsizlar ichidan) COVID-19 alomatlari ularda paydo bo‘lish-bo‘lmasligini kutib, karantin sharoitida kuzatuv ostida turibdi. 4444 nafar patsiyent esa vrachlar tomonidan ularning virusdan tuzalgani tasdiqlangach, uylariga javob berilgan.

Shunday qilib, The Bell’ning hisoblashicha, koronavirus yuqtirib olganiga qaramasdan jiddiy alomatlarga yo‘liqmayotganlar ulushi 65 foizdan kam emas, hattoki 80 foizga yaqin bo‘lishi mumkin.

Agar to‘liq alomatlarsiz holatlarning ulushi shu qadar yuqori bo‘lsa, virusning tarqalishini tiyib turish yanada murakkablashadi, o‘z-o‘zini yakkalash, ijtimoiy masofalanish va ommaviy testdan o‘tkazish ahamiyati yanada ortadi.

Virusning alomatlarsiz yuqishi fenomeni yangi koronavirusning eng sirli va xavfli xarakteristikalaridan biri bo‘lib turibdi. Ayni shu xususiyat sabab COVID-19 shiddat bilan yoyilib, pandemiyaga aylanib ketdi.

Koronavirus alomatlarsiz o‘tishi ham mumkinligi oldindan ma'lum edi, garchi ko‘rsatkichlar farq qilib tursa-da: lekin bu tadqiqot koronavirus yuqtirgan insonlarning 78 foizida kasallik alomatlarsiz o‘tishini ko‘rsatib turibdi. Natijalar Italiyadagi kasallik o‘chog‘ida o‘tkazilgan tadqiqotlarga mos kelmoqda (yuqtirganlarning 50–70 foizida alomatlar yo‘q).

Islandiyadagi yana bir tadqiqotga ko‘ra, virus tasdiqlangan patsiyentlarning 50 foizi o‘zlari kasal ekanini sezmagan.

AQShning bosh epidemiologi Entoni Fauchi bu raqamni 25–50 foiz o‘rtasida baholangan.

Biroq, avvalroq tadqiqotchilar alomatlarsiz virus yuqtirganlarning aksariyatida kasallik belgilari u yoki bu ko‘rinishda bo‘y ko‘rsatadi, deb hisoblashgan bo‘lsa, xitoyliklarning yangi ma'lumotlari olimlar va tibbiyotchilar adashishganini anglatmoqda. Kasallanganlarning katta qismida alomatlar rivojlanmagan. Bir qaraganda, ularga omad kulib boqqandek ko‘rinadi, lekin koronavirusning «makkorligidan» darak beruvchi bu vaziyat pandemiyaga qarshi kurashishni murakkablashtiradi, xolos.

Tadqiqotchilar hamon COVID-19’ning alomatlarsiz holatlarini o‘rganishga harakat qilishmoqda. Nazariyalardan biriga ko‘ra, kasallarda alomat baribir yuzaga chiqadi, lekin u hozir vrachlarga bilinmayapti. Chunki avval boshdan kasallik belgilari aniqlab, mustahkamlanib qo‘yildi: tana haroratining oshishi, holsizlik, quruq yo‘tal (JSST), lekin juda kamyob va yaqinda yaniqlangan anosmiya va agevziya (hid va ta'm bilish qobilyatining yo'qolishi) ham bor. Shunisi muhimki, Xitoy vrachlar va olimlar aynan qaysi alomatlarga e'tibor qaratayotganini ochiqlamagan.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyda koronavirus avj olishi boshlanganidan buyon ro‘yxatga olingan bemorlar soni 82 mingdan oshgan (3342 kishi vafot etgan). Mart oyida Xitoyda COVID-19ning yangi hollari ilk bor qayd etilmaganiga qaramasdan, olimlar kasallikning alomatlarsiz o‘tish holatlarini aniqlashda davom etishmoqda.

Xitoyning Uhan bilan birga yana 10ta provinsiya va shaharlarida koronavirus infeksiyasining alomatlarsiz tashuvchilari va ularning organizmida antitanachalar ishlab chiqilishiga doir ma'lumotlar to‘plash maqsadida aholi o‘rtasida so‘rovlar o'tkazishmoqda. Uhandagi skriningda tasodifan tanlangan 11 ming kishi ishtirok etadi.

Lekin bu holda bu antitanachalar barchada birdek ishlab chiqarilishi fakt emas. Ayrim dastlabki tadqiqotlarga ko'ra, sog‘aygan patsiyentlarning barchasi ham bir xil darajada koronavirusni neytrallashtiruvchi antitanachalarni ishlab chiqarolmaydi. Xitoy olimlarining izlanishlariga ko'ra, tadqiqotda 175 kishidan qariyb uchdan birida bu oqsillar yetarli darajada ishlab chiqilmagan (ayrimlarda hatto u umuman bo‘lmagan). Bu hol shu insonlarning koronavirusni qayta yuqtirib olish ehtimoli katta ekanidan darak beradi.

Kasallanishning alomatlarsiz o‘tishini bildiruvchi raqamlar rasman e'lon qilingani (6764)dan kattaroq bo‘lish ehtimoli ham bor, deya taxmin qiladi Bloomberg. Bu odamlar tasdiqlangan bemorlarning aloqalari tekshirilganidan so‘ng aniqlangan. Aks holda, ularni aslo topa olishmas edi: toki inson o‘zida COVID-19 alomatlarini ko‘rmasa, u o‘zini testdan o‘tishi kerak, deb hisoblamaydi. Ular aniqlangach, har biri kuzatuv maqsadida izolyatsiya qilingan. Virus yuqtirganlar faqat ularning testi manfiy natija ko‘rsata boshlagach, uylariga qo‘yib yuborilgan. Ikki haftalik karantin chog‘ida alomatlar bo‘y ko‘rsatganlar esa hozir kasalxonada davolanishmoqda.

Bu orada, aftidan, Xitoy kuz fasliga kelib koronavirusning ikkinchi to‘lqiniga duchor bo‘lishining ehtimoli katta. Mamlakatning pandemiyaga qarshi kurashdagi yetakchi ekspertlaridan biri Chjang Venhongning ta'kidlashicha, noyabr oyidan boshlab, so‘ngra to‘liq qish faslida butun dunyo pandemiyaning davomi bilan kurashadi. Albatta, qbu vaqtga kelib arzon va samarali vaksina o‘ylab topishmasa. Oksforddagi olimlar shunaqasini sentabr oyigacha yarata olishlariga ishonmoqda.


Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: Xitoy COVID-19ning, tashuvchilariga, alomatsiz, kuzatuv xulosalarini, natijalar | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя