Главная » 2021 » Май » 16 » Xitoy Falastinni, Eroni HAMASni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi
14:54

Xitoy Falastinni, Eroni HAMASni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi


Eron Falastinning HAMAS harakatiga Isroil bilan kurashida har tomonlama yordam ko‘rsatadi. Bu haqda Eronning Islom inqilobi posbonlari korpusining “Al-Quds” bo‘linmasi qo‘mondoni Ismoil Qooni HAMA yetakchilaridan biri Ismoil Xaniya bilan telefon orqali muloqot qilganida aytib o‘tgan.

Xaniya Eronning yordami uchun Xaniyaga minnatdorlik bildirgan.

Shuningdek, Xitoy Isroil bilan nizoda Falastinni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I Pokiston TIV rahbari Shoh Mahmud Qurayshiy bilan suhbatda Pekinning pozitsiyasini bildirgan.

“Xitoy kelgusida ham falastinliklarni ularning qonuniy huquqlarini tiklashda, joriy muammolarni siyosiy muloqot yo‘li bilan hal qilishni, BMT, Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi”, degan Van I.

Pekin mojaroga BMT aralashishi kerak va tomonlarni “ikki davlat” tuzish prinsipi ostida muloqotga chaqirish lozim, deb hisoblamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif Avstriya kansleri Sebastian Kurz va Avstriya Tashqi ishlar vazirligining birdamlik uchun o‘z binosi tomi ustiga Isroil bayrog‘ini ko‘tarish to‘g‘risidagi qarori tufayli Avstriyaning Venaga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi.

Avstriyadagi uchrashuvda Eronning yadro kelishuviga qaytishi masalasi ko‘rilishi kerak edi.

Isroil-Falastin mojarosining keskinlashishi

Joriy yilning 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinlik arablar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilingani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi. 

Shundan so‘ng, G‘azoni nazorat qiluvchi falastinliklarning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirdi: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach, 10 may kuni ushbu harakat Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. Vaqt o‘tishi va ikki o‘rtadagi ziddiyat ortib borishi bilan bu ssenariy ko‘p marta takrorlandi. HAMAS raketa uchiraverdi, Isroil uning katta qismini zararsizlantirib, qarshi hujum bilan javob qaytaraverdi.

Isroil sudining birgina qarori va masjidga qilingan hujum shunday shiddatli harbiy harakatlarni keltirib chiqardi. Oqibatda esa G‘azo sektorida yashovchi 126 arab halok bo‘ldi, 1000 ga yaqin jarohat oldi.

Xalqaro munosabat

Ta’kidlash joizki, xalqaro munosabatlarning ba’zi ishtirokchilari ushbu masalada faqat til uchida munosabat bildirgan bo‘lsa, boshqalari Isroilni hatto terrorda aybladi. 

Ayniqsa, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ushbu masalada faol: bir qator islomiy davlatlar rahbarlari bilan Isroilning xatti-harakatlarini muhokama qildi, Armanistonga qarshi urushda Turkiya Ozarbayjonni qanday qo‘llagan bo‘lsa, Isroilga qarshi kurashda Falastinni ham shunday qo‘llashini ma’lum qildi. 

Erdo‘g‘an Falastin davlatining inqroziga bugun to‘xtalayotgani yo‘q. U avvaldan jahon hamjamiyatining e’tiborini ushbu mavzuga qaratib kelgan. Jumladan, 2019 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 74-majlisida Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Isroilning Falastinni butunlay egallab olayotgani, BMT esa bunga tomoshabin bo‘lib turganini qoraladi. O‘shanda Erdo‘g‘an minbarga Isroil va Falastin tuproqlari aks etgan xarita bilan chiqqan. Undagi to‘rt suratda 1948 yil – Isroil davlati tashkil topgandan buyon Falastin yerlarini qanchalik egallab borayotgani tasvirlangan edi.
 
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.

Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normlarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.

Keyinchalik, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Isroilning Sharqiy Quddus va G‘azodagi so‘nggi hujumlariga munosabat bildirib, Misr va Iordaniyaning harakatsizligini tanqid qildi. U Isroil hukumatini “qonxo‘r sionist” deb atadi.

Isroilning “tutingan akasi” AQSH esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi. 

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston Al-Aqso masjidi atrofidagi vaziyatni hurmat qilishga, O‘zbekiston esa ushbu masjid daxlsizligini ta’minlashga chaqirdi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Теги: Falastinni, va’da, Eroni, qo‘llab-quvvatlashga, Xitoy, HAMASni | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar

Copyright © Tarona.net Media 2014-2021 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя