Главная » 2020 » Январь » 31 » Xitoy O‘zbekistondan karantin yakunlanmaguncha o‘z fuqarolarini olib chiqib ketmaslikni so‘radi
09:19

Xitoy O‘zbekistondan karantin yakunlanmaguncha o‘z fuqarolarini olib chiqib ketmaslikni so‘radi


Xitoy hukumati Uxandagi karantin davri tugamaguncha O‘zbekistondan o‘z fuqarolarini mazkur shahardan olib chiqib ketmasligini so‘ragan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma'lum qildi.

Vazirlikning xabar berishicha, 29-yanvar, chorshanba kuni O‘zbekiston elchisi Baxtiyor Saidov Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yevropa va Markaziy Osiyo departamenti direktori Sun Linszyan bilan uchrashgan.

Uchrashuvda chet el fuqarolarining Xubey provinsiyasidagi Uxan shahridan evakuatsiya qilish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan. Xitoylik diplomat mamlakat hukumatining koronavirus tarqalishini chegaralash hamda infeksiyani profilaktika qilish va davolash borasida ko‘rayotgan har tomonlama choralari to‘g‘risida ma’lumot bergan.

Vazirlik tomonidan qayd etilishicha, Xitoy tomoni hozirda mamlakat hukumati chet el fuqarolarini Uxan shahridan evakuatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqmayotganini yana bir bor tasdiqladi va epidemiyaning ehtimoliy tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida karantin rejimining butun davri yakunlanmaguncha O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqib ketmaslikni so‘radi.

Ta’kidlanishicha, hozirda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus boshchiligidagi Ishchi guruh Xitoyda bo‘lib turibdi. JSST bosh direktori ham chet el fuqarolarini evakuatsiya qilishning maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi tashkilot pozitsiyasini ma’lum qildi, xalqaro jamoatchilikni xotirjamlikni saqlash va yolg‘on xabarlarga ahamiyat bermaslikka chaqirdi.

TIV yanvar oyida Uxan shahridan O‘zbekistonga qaytib kelgan o‘zbekistonlik talabalardan zudlik bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga +998909882330 (direktor o‘rinbosari B.Qurbonov), +998972755074 (bosh mutaxassis F.Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bog‘lanishni so‘raydi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, Xitoy hududidagi O‘zbekiston fuqarolari zarur holatlarda istalgan vaqtda mamlakatning Pekin shahridagi elchixonasiga +86 135 1102-4242 (Bobur Yahyoyev), +86 139 1175-4476 (Shuhrat Umirov) telefon raqamlari orqali hamda Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasiga +86 131 2255-5772 (Aziz Ulug‘bekov) telefon raqami orqali murojaat qilishi mumkin.

 


Manba: "daryo.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя