Главная » 2020 » Январь » 30 » Xitoyning virus yetib bormagan hududi qolmadi. Boshqa mamlakatlar nima qilmoqda? Koronavirus bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar
23:35

Xitoyning virus yetib bormagan hududi qolmadi. Boshqa mamlakatlar nima qilmoqda? Koronavirus bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar


Xitoyda Uxan shahrida tarqalishni boshlagan koronavirusdan hozirgacha 170 kishi vafot etdi, virusni yuqtirib olganlar soni 7711 nafarni tashkil etmoqda, boshqa mamlakatlarda ham virusni yuqtirib olganlar soni qo‘shib hisoblanganda miqdor 7894 kishiga yetgan.

JSST koronavirus global epidemiyaga aylanishi mumkinligini istisno qilmayapti

Virus Xitoyning barcha hududlarini qamrab oldi, shu kungacha koronavirusdan chetda qolayotgan Tibetda ham virus aniqlandi. Infeksiya Xitoydan tashqari yana 16 mamlakatda qayd etilgan.

Hozircha O‘zbekistonda virusdan zararlanish holati yo‘q. Qator davlatlar Xitoy bilan chegaralarini yopmoqda, vizasiz rejimni bekor qilgan, ko‘plab aviakompaniyalar Xitoy bilan aviaqatnovlarni to‘xtatgan. Hozircha O‘zbekiston hukumati bunday choralarni qo‘llamadi. Tashqi ishlar vazirligi Xitoydagi, xususan, virus o‘chog‘i bo‘lmish Uxanda qolayotgan o‘zbekistonliklar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi, mamlakatdagi barcha chegara punktlarida, jumladan, aeroportlarda qat'iy nazorat o‘rnatilgan.

Kruiz layneri
Payshanba kuni Italiya hukumati bortida 6 ming yo‘lovchi bo‘lgan «Kosta Smeralda» kruiz laynerini ehtimoliy koronavirus tahdidi sababli Rim yaqinidagi Chivitavekkya portida to‘xtatib, yopib qo‘ydi. Kemadagi barcha yo‘lovchilar qirg‘oqqa chiqishi taqiqlangan.

 

Kruiz layneri bortida bo‘lgan xitoylik juftlikda isitma kuzatilgan va nafas olish yo‘llarida muammolar yuzaga kelgan, shu munosabat bilan ularda koronavirus bor-yo‘qligini aniqlash maqsadida tekshiruvlar olib borilmoqda. Bu taqiq xitoylik yo‘lovchilarning tashxis natijalari chiqquniga qadar amalda bo‘ladi.

Reyter nashrining yozishicha, xitoylik juftlik 25 yanvar kuni Italiyaga kelgan va shu kuni «Kosta Smeralda»ga chiqqan. Ularda yuqori harorat kuzatilgan va va nafas olish bilan muammolar bo‘lgan; hozirda ular kemadagi sanitar izolyatorga joylashtirilgan. Kruiz layneri bungacha Marsel, Barselona va Malorka shaharlarida bo‘lgan edi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) koronavirus tarqalishi jadallashgani sababli favqulodda qo‘mitasining maxsus yig‘ilishini chaqirtirgan. Yig‘ilish tashkilotning Jyenevadagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tadi.

JSST direktori Tedros Adanom Gebreisus tashkilotdagilar virus Germaniya, Vetnam va Yaponiyada Xitoyga bormaganlarga ham yuqqanidan tashvishdaligini bildirgan.

«Xitoydan tashqarida bu virus odamdan odamga yuqishi bilan bog‘liq holatlar juda kam bo‘lsa ham, global epidemiya yuzaga kelishi xavfi mavjud», - degan u.

 

Ayrimlar Xitoy hukumatini infeksiya bilan kurashni shaffof olib bormayotganlikda ayblab tanqid qilayotgan bo‘lsada, JSST mamlakatda qo‘llagan choralarni maqtagan. XXR raisi Si Tszinpin virusni «iblisona» deb atab, bu virus mag‘lub etilishini va'da qilgan.

«Men bunga ishonaman, biz virusni, albatta, yengamiz. Faqatgina ishonish kerak, chunki biz bir qayiqda bo‘lganimiz uchun ilmiy usullarni va aniq samarali choralarni qo‘llaymiz», degan u JSST direktori bilan uchrashuv vaqtida. U epidemiya bilan bog‘liq vaziyatni shaxsan o‘zi kuzatib borayotganini ta'kidlagan.

Markazi Uxan bo‘lgan Xubey provinsiyasida tashkilotlar xodimlardan karantin vaqtida uydan turib ishlashni so‘ragan.

Xitoy futbol assotsiatsiyasi 2020 yilgi mavsum o‘yinlari boshlanishi kechiktirilganini e'lon qilgan.

Ko‘plab xalqaro aviakompaniyalar Xitoyga parvozlarni keskin qisqartirgan yoki butunlay to‘xtatgan, Google, Starbucks va Tesla kabi kompaniyalar bu mamlakatdagi do‘konlarini yopgan va faoliyatini to‘xtatgan.

Xitoyda epidemiya boshlanganidan buyon bu virusni yuqtirganlar soni 2002-2003 yillarda kuzatilgan atipik zotiljam (SARS - bu ham koronavirus) epidemiyasi vaqtida zararlanganlar sonidan oshib ketgan.

Boshqa davlatlar nimalar qilmoqda?

Bir qancha davlatlar Uxanni tark etishni istagan fuqarolarini olib ketmoqda.



Chorshanba kuni evakuatsiya qilingan yaponiyaliklar chiqqan birinchi samolyot Tokioga keldi / AFP
  • So‘nggi kun ichida Tokioga Uxandan ikki samolyot uchdi, undagi yo‘lovchilar tekshiruv o‘tkazish uchun darhol shifoxonaga olib borilgan. Yapon nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, yo‘lovchilarning uch nafarida virus aniqlangan.
  • 200 nafarga yaqin amerikalik Uxandan AQShga uchdi, Kaliforniyadagi bazalardan birida ularda infeksiya bor-yo‘qligi tekshiriladi.
  • O‘z fuqarolarini Uxandan olib ketishni istagan Britaniya va Janubiy Koreyadan kelgan reyslar esa Uxanda ushlanib qolgan, Xitoy hukumati hozircha ularga mamlakatni tark etishga ruxsat bermagan.
  • Britaniya hukumati olib kelinadiganlarning barchasi ikki hafta davomida maxsus karantinga joylashtirilishini ma'lum qilgan.
  • Avstraliya esa karantin hududi sifatida materik chegaralaridan 2 ming kilometr uzoqlikdagi Rojdestvo orolini tanlagan.

Ko‘plab davlatlar, shu jumladan, O‘zbekiston ham o‘z fuqarolariga Xitoyga bormaslikni tavsiya qilmoqda.

Koronavirus nima?

Virus Uxandagi dengiz mahsulotlari bozorida tarqalgan deb hisoblanmoqda. 11 mln kishi yashaydigan ushbu shahar infeksiya o‘chog‘iga aylandi, o‘lim holatlarining aksari shu shaharga to‘g‘ri kelmoqda.

Virus insondan insonga yuqadi, virusdan zararlanganlarning aksari so‘nggi bir oy ichida Uxanda bo‘lgan va u yerdagilar bilan yaqin aloqaga kirishganlardir.

Hozircha virusga qarshi vaksina yo‘q, ammo virusni yuqtirganlar og‘ir ahvolda emas, immuniteti kuchli bo‘lganlar osonlik bilan sog‘ayib ketmoqda.

Hozirda to‘liq kuch bilan odamlarni virusdan himoyalaydigan vaksina yaratish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda. Kaliforniyadagi laboratoriyalardan birida klinik sinovlar uchun vaksina tayyorlanmoqda.

Ammo koronavirus o‘tkir respiratorli infeksiya keltirib chiqarishi va o‘limga olib kelishi mumkin. Asosan keksalar va boshqa kasallik tufayli immuniteti kuchsizlangan bemorlar ushbu virus yuqishi oqibatida halok bo‘lmoqda.

Virusdan qanday himoyalanish mumkin?

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi koronavirusga chalinmaslik uchun nimalar qilish kerakligi borasida quyidagi tavsiyalarni bergan:

  • qo‘llaringizni sovun va suv yoki spirtli aralashma bilan yuving;
  • yo‘talganda yoki aks urganda og‘zingiz va burningizni tibbiy niqob, salfetka, yengingiz yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing;
  • shamollash yoki gripp alomatlari bo‘lganlar bilan himoyalanmagan aloqada bo‘lishdan uzoqlashing hamda sizda isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganida tibbiy yordam olish uchun murojaat qiling;
  • tirik mahsulotlar sotiladigan bozorda bo‘lganingizda jonivorlar hamda ular tegishi mumkin bo‘lgan vositalarga himoyalanmagan holda teginishdan ehtiyot bo‘ling;
  • taomni, ayniqsa, go‘shtni astoydil pishiring. 

Manba: "kun.uz"
Категория: Dunyo xabarlari | | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя