Главная » 2017 » Январь » 8 » Xiyonat. Chapga yuradigan erlarni o‘ngga yo‘naltiramiz!
19:42

Xiyonat. Chapga yuradigan erlarni o‘ngga yo‘naltiramiz!


Keling, xiyonatning sabablarini va raqibangizga nisbatan ustunliklaringizni tahlil qilamiz. Eng muhimi,  bevafolikdan xabar topgach nima qilish kerakligini o‘rganamiz.

Tabiat bilan bahslashmaymiz!

Ayol uchun birinchi raqamli qadriyat, oila! Erkaklar esa jinsiy hayot, kasbi va albatta, boylikni yuqori o‘rinlarga qo‘yishadi. O‘zbek erkaklari uchun oila, shubhasiz, yuksak qadriyat, ammo unga ayollarchalik katta baho berishmaydi. Biz ayollar bir erkak bilan muqim qo‘nim topishni istaymiz. Lekin tabiat erkaklarni poligam dastur (bittadan ortiq munosata qurish istagi) bilan yaratgan. Ayol esa monogam. Tabiatning bunday «nohaqligi» ayolga og‘ir botsa-da, ammo jamiki tirik jonning jinsiy xohishlari ostida nasl qoldirish instinkti yotadi. Sog‘lom ayol bir yilga bir martagina farzand dunyoga keltira oladi. Erkak esa... Uning bu borada imkoniyatlari kengroq. Bu tabiat qonuni va unga faqat ahmoqlargina urush ochadi. Demak, birinchi ishimiz inson tabiatini boricha qabul qilish! Ammo ruhingizni tushirmang. Siz yaxshi xabarim ham bor. Yurib ketgan erning esini kiritish, tashlab ketsa, qaytarish mumkin. Faqat avval ayrim savollarga oydinlik kiritib olaylik. Qo‘lingizda qanday qartalar bor? «Dushman» tarafdachi?

Har yomonning bir yaxshisi bor

Ko‘ngilingizga quloq solib ko‘ring-chi, nega bevafoni qaytarish uchun bunchalik tirishayapti? Qanday qilib bo‘lmasin munosabatni saqlab qolishga sizni nima yoki kim majbur etayapti? Istagingiz ko‘ngil amrimi yo aql? Ehtimol, izzat-nafsingizning buyrug‘idir? Haqiqatanam, shu erkak bilan yashashni istaysizmi yoki «Yashashim shart» deb hisoblayapsizmi? Ehtimol, o‘zingiz ham undan uzoqlashib ketgandirsiz yoki usiz hayotingizni tasavvur qila olmassiz? Balki, tashlab ketilishdan or qilarsiz? Yo bola-chaqani deb har qanday xo‘rlikka toqat qilishga tayyormisiz? Kim bilsin, ehtimol, undan ayrilishdan qo‘rqarsiz? Bir varaq qog‘oz olib, barcha mulohozalaringizni yozib chiqing. Nega unga bog‘lanib qolganingizni, qo‘rquvlaringiz xavotirlaringiz va boshqa hissiyotlaringizni qog‘ozga tushiring. Bordi-yu, eringizni yo‘qotsangiz, eng dahshatlisi nima bo‘ladi? Qanchalik azobli bo‘lmasin, qo‘rquvingizga tik qarab, ularni o‘rganing, kerak bo‘lsa, ulardan foydalaning! Ana shunaqa, har yomonning bir yaxshisi bor! Ana shu yaxshilikni anglash uchun yomon deb o‘ylagan narsangizdan qochmang. Qo‘rquvni qabul qiling. Bu mashg‘ulot yoqimli kechadi deb va’da berolmayman, ammo o‘zingiz haqingizda ancha-muncha narsani bilib olasiz.

Er bermoq — jon bermoq

Eri begona ayollarga o‘ralashib qolganidan xabar topgan ayol o‘sha paytdagi holatini shunday ta’riflaydi: «Gumonlarim bo‘lsa-da, asosim yo‘q edi. Bir kuni telefonidagi ishqiy «SMS»larni ko‘rdim. Ehtirosli gaplarni o‘qiyapman-u, aqlim ishlamayapti. Tanamda kuchli titroq turdi, bu alammi, dahshatmi, bilmayman. Miyamda bir savol charx uradi «Nahotki, erim?..» Shu payt uning o‘zi yotoqxonaga kirdi. Ahvolimni ko‘rdi-yu, ostonada qotdi. Ichimdan bir hayvoniy kuch otilib chiqarardi, qanday qilib oldiga borib, egnidagi ko‘ylagini parcha-parcha qilib tashlaganimni eslolmayman. Vajohatimdan nafaqat erim, o‘zim ham qo‘rqib kettim». Ha, shunaqasi ham uchrab turadi. Qizig‘i, ayol shu paytgacha o‘zining bunga qodirligini bilmagan. Bunday holatda ayollar emotsiyalarini boshqaraolmasliklaridan va «asablari tamom» bo‘lganidan shikoyat qilishadi. Qizig‘i, rashk talvasasi er tavbasiga tayanib, yurishni yig‘ishtirganidan keyin ham davom etaveradi. Tashqaridagi dushman gumdon qilindi, ammo ichkaridagisi hali-veri tinchiydiganga o‘xshamaydi. O‘zingdan chiqqan baloga qayga borasan davoga? Ammo davoga shoshishdan avval tashxis qo‘yish zarur. Ruhiyatini bunchalik muvozanatdan chiqishiga va tajavuzkorlikka sabab nima?

Er yoki biz sevgan insonlar olamimizning, aniqrog‘i «MEN»imizning bir qismi. U bizga tegishli. Nogahon uni tortib olmoqchi bo‘lishayapti. Ya’ni bizga hujum qilishayapti. Tahdid esa javob qaytarish istagini uyg‘otadi. Bu agressiyani xohlang rashk deb atang, xohlang alam deb. Aslida bu himoya yoki hujumga javob.

Hujumga hujum bilan javob berish kerakmi?  

Aslo! Ko‘pincha ayollar nima qilishni bilmay quyidagi yo‘llardan birini tanlashadi:

1. Xiyonatga xiyonat bilan javob berish. Ayolning xiyonati oila uchun fojia, ayniqsa, u qasddan amalga oshirilgan bo‘lsa. Shu o‘rinda o‘zbek ayollari bu qadar tubanlikka tushmasliklarini e’tirof etamiz. Ammo telefonda yoki ijtimoiy tarmoqlarda begona erkaklar bilan gaplashishni ham shu bo‘limga kiritamiz. Bundan eng ko‘p ayolning o‘zi zarar ko‘radi. Qolaversa, shundog‘am chigal munosabatlarga endi to‘rtinchi odam ham qo‘shilib, ishni battar murakkablashtiradi. Eng yomoni, ko‘nglingizda yara qasos bilan bitmaydi. Birovga qasd qilib baxt topish mumkin emas.

2. Farzandlarni otaga teskari qo‘yish, gijgijlash. Bolaga onaning ta’siri katta, bundan foydalanadigan ayollar esa yetarli.

3. Har bir ayol erining ojiz nuqtalarini biladi va pichoqni aynan o‘sha yerga uradi. Masalan, erkak uchun ish muhim, mansabini yo‘qotishdan qo‘rqadi. Xotin esa ishxonasiga borib shikoyat qiladi, sharmandasini chiqaradi. Kerak bo‘lsa, ishidan ketkazib, kafangado qiladi.

4. Jismoniy zarar yetkazadi, urdiradi, narsalarni otib sindiradi, mashinasining balonini bo‘shatib qo‘yadi, hujjatlarini yirtib tashlaydi.

G‘azabdan qutulamiz   

Albatta, xiyonat xabarini eshitgan ayolning birinchi reaksiya agressiya bo‘ladi. Shu agressiyaning chiqarishga o‘zingizga ruxsat bering. Ba’zi ayollar jahl bilan idish sindiraverganidan uyida choy ichishga piyola qolmaydi. Keyin qo‘l telefonlari, hatto, so‘nggi rusumdagi televizorlar ucha boshlaydi.

E’tibor berganmisiz, filmlarda g‘azablangan qahramon maydonchada basketbol o‘ynaydi, tennis raketkasini alam bilan aylantirib koptokchani qayta-qayta uradi, futbol to‘pini zarb bilan tepadi. Hammadan ko‘ra bokschilarga mazza, mashg‘ulot zaliga boradi-da, mushtlaydigan qopini uraverib titib tashlaydi.

Hissiyotlarini ko‘rsata olmaydigan yosh juvonlar erning yoki qaynonaning alamini bolasidan oladi. Bu jinoyat, baraka topkur! Shu qilig‘ingiz uchun sizni onalik xuquqidan mahrum qilish kerak, aslida. Unda nima qilish kerak? Erning o‘zini yosh boladek tutib olib, urish kerakmi? Axir, hamma narsaga shu betayin sababchi. Tavba deng, erkakning piri bo‘ladi-ya, ur-sur qilish xunuk ish, bundan tashqari unga kuchingiz ham yetmaydi. Qolaversa, tajovuzingizga uchrayversa qo‘rqib ketganidan erkaklik quvvatiniyam yo‘qotib qo‘yishi mumkin.

Unda qanday jazolash kerak?

Erning xiyonati uchun jazolash kerakmi? Shu savolingizga savol bilan javob bersam. Bola ayb qilsa, jazolaysizmi? Demak, erkakniyam jazosiz qoldirib bo‘lmaydi. Chunki ayol vaziyatga reaksiya bildirishi va munosabatlarda o‘z talablarini ilgari surishi zarur. Agar bevafolikni xotirjam qabul qilsangiz, demak, sizni shu turmush tarzi qoniqtiradi, eringiz bundan nega foydalanmasin? Boshida ehtiyotini qilgan bo‘lsa, endi bemalol boshga chiqadi, hatto, tahqirlashni boshlaydi. Xiyonatga, xo‘rlikka toqat qilmang. Ichingizdagi alamni chiqarishning eng yaxshi usuli esa yostiq. Alamga to‘lib toshganingizda bezovta qilmasliklarini so‘rang-da, ovozingiz chiqmaydigan xonaga kirib, qulay joylashib,  bor alamingizni yostiqdan oling. Ichingizdan yig‘i, hayqiriq kelsa, to‘xtatmang, baqiravering. Haqorat qilasizmi, so‘kasizmi, baribir. Muhimi ichingizdagi jahldan to‘laligicha ozod bo‘lish. Qancha davom etishini o‘zingiz belgilang. Ma’lum vaqtdan keyin holdan toyasiz, ammo yoqimli yengillik ham keladi. Bundan-da samaralisi, mashg‘ulot zallarida bokschilar qopini mushtlash. Raketka bilan o‘ynaladigan o‘yinlar ham agressiyada qo‘l keladi. Bahonada ortiqcha vazn degan muammolardan xam xalos bo‘lasiz. Qarang, bu muammo sizni shuncha o‘zgarishlarga rag‘bat qilmoqda.

Men bu yoqda yostiq mushtlab, koptok tepib yursam, erim u yoqda yallama yorim qilib yursinmi? Undan ko‘ra biror amaliy ish qilish kerak, deb shoshilmang. Shoshqaloqlikning oqibatlari va erni ohanrabodek o‘zingizga tortish sirlari bilan esa keyingi sonimizda tanishtirasiz.  

Shahnoza XALILOVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: Er-xotin, Xiyonat, Rashk | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя