Главная » 2021 » Март » 17 » Xotinini o‘ldirib, ko‘mib qo‘ygani uchun qamalib chiqqan shaxs va’dasida turmagani uchun betonga bog‘langan holda kanalga tashlab yuborildi
22:56

Xotinini o‘ldirib, ko‘mib qo‘ygani uchun qamalib chiqqan shaxs va’dasida turmagani uchun betonga bog‘langan holda kanalga tashlab yuborildi


Toshkent viloyatida 45 yoshli ayol unga uylanishni va’da qilib, gapida turmagan 38 yoshli erkakni o‘zining yaqin qarindoshlari yordamida beton bo‘lagiga bog‘lab, kanalga tashlab yuborgan. Bu haqda “O‘zbekiston” telekanalining “Bir jinoyat izidan” ko‘rsatuvida ma’lum qilindi.

2020-yilning 29-mart kuni Bo‘stonliq tumani IIBga tumandagi “Dumaloq” mahallasidan oqib o‘tuvchi “Parkent” magistral kanalida osiyo millatiga mansub, yoshi taxminan 35—45 larda bo‘lgan, shaxsi noma’lum erkakning murdasi topilgani haqida xabar kelib tushgan.

Murdani ko‘zdan kechirish vaqtida og‘zi skotchlangani, uni suvga cho‘ktirish maqsadida qo‘l va oyoqlari beton bo‘lagiga arqon bilan bog‘langani aniqlangan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Chirish holatida bo‘lgan murdaning shaxsini aniqlash maqsadida uning barmoq izlari ustida butun boshli tadqiqot o‘tkazilgan. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra marhum 1983-yil 17-avgust kuni Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida tug‘ilgan Odilbek Otajonov ekani ma’lum bo‘lgan.

Odilbek Otajonov Jinoyat ishlari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Oliy sudining 2009-yil 14-oktabrdagi hukmiga ko‘ra Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandiga asosan 19 yilga ozodlikdan mahrum etilgan (u shar’iy nikohdagi xotinini o‘ldirib, uyiga ko‘mib qo‘ygan). 2014-yil iyul oyida jazodan ozod etilgan.

Otajonov o‘limi arafasida fuqaro Surayyo Mirmahmudova bilan yaqin munosabatda bo‘lgani uchun ayol tergovga jalb qilingan. Tergov davomida Mirmahmudova uning uyida qurilish ustasi sifatida ishlagan Odilbek Otajonov bilan haqiqatan ham iliq munosabatda bo‘lgani, erkak dastlab unga uylanish istagini bildirgani, biroq keyin fikridan qaytib qolganini bildirgan.

Jinoyat tafsilotlari

Bir kuni Odilbek Otajonov mast holatda Surayyo Mirmahmudova bilan tortishib qolgan va “hamma gapni ochiq-oydin” aytgan. Tortishuv davomida: “Senga uylanmayman. Seni bitta ‘kurtka’ga bahs boylab yutib olganman”, degan. Ta’kidlanishicha, Odilbek Otajonov Surayyo Mirmahmudovani jinsiy munosabatlarga kirishishga undab, uning fahsh suratlarini telefoniga yozib olgani, bundan foydalanishi mumkinligini aytib, ayolni qo‘rqitib kelgan. Surayyo Mirmahmudova tahdidlardan qo‘rqib, holat haqida ukalari — Komil va Ibrohim Mirmahmudovlarga aytib bergan.

Shundan so‘ng Surayyo Mirmahmudovaning ukalari — Komil va Ibrohim Mirmahmudovlar, amakivachchalari Abror MirmahmudovAhmadjon To‘raboyevNodir Abdukarimov, qo‘shnisi Ahmadjon RahimberdiyevSaima Xudoybergenova — jami sakkiz kishi o‘zaro jinoiy reja tuzadi. Ular Odilbek Otajonovni “samosud” qilishga kelishib oladi. Ko‘rsatuvda Komil Mirmahmudov akasi Ibrohim Mirmahmudov, amakivachchalari Abror Mirmahmudov va Ahmadjon To‘raboyev bilan birgalikda Odilbek Otajonovni o‘ldirishga kelishib olgani haqida ham so‘z boradi.

Odilbek Otajonov Saima Xudoybergenova bilan G‘azalkent shahridagi “Shabada” kafesida uchrashadi. Saima ularning o‘tirgan joyi haqida Ahmadjon Rahmonberdiyevga xabar qiladi. O‘z navbatida Ahmadjon Rahmonberdiyev bu haqda Surayyoning ukasi Komilga xabar qilib, ular bu joyga kelib Odilbekni o‘g‘irlab ketishlari mumkinligini aytgan.

Oldindan o‘ylangan reja bo‘yicha Komil Mirmahmudov “Niva” mashinasida, akasi Ibrohim Mirmahmudov esa “Jiguli” da Bo‘stonliq tumani “Oqtosh” mahallasi bo‘yidagi kanalda uchrashgan. Komil Mirmahmudov bu joyga xolavachchasi Nodir Abdukarimovni ham taklif etgan. Undan ham jinoyatni sodir etishga ko‘maklashish — Odilbek Otajonovni o‘g‘irlab ketishga yordam berish so‘ralgan. Kelishuvga rozi bo‘lgan Nodir Abdukarimov birgalikda Otajanovni o‘g‘irlash uchun “Shabada” kafesiga borgan.

Kafega kelgach, Komil Mirmahmudov, Ahmadjon Rahmonberdiyev, Ahmadjon To‘raboyev, Abror Mirmahmudov to‘g‘ri Odilbek Otajanov o‘tirgan xonaga kirib borgan, ularni ko‘rib Saima Xudoybergenova xonadan qochib chiqqan. Shundan so‘ng Ahmadjon Rahmonberdiyev hamda Komil Mirmahmudov Otajonovni: “Ushlanding-ku, topilar ekansan-ku”, deya turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilib, Abror Mirmahmudovga Odilbekni tashqariga sudrab olib chiqishni buyurgan. Ular Otajanovni “Niva”ga o‘tirg‘izib, Surayyo Mirmahmudovaning uyiga olib borgan.

Surayyo Mirmahmudova Odilbek Otajonovni, “u aytgan hamma gaplarni” eslatib, oyoq-qo‘llari, biqini va boshiga xoda bilan urgan. Surayyoni to‘xtatishga uringan ukalaridan biriga u: “Buni o‘ldirish kerak. Urib humorimdan chiqishim kerak. Buni suyagini etidan ajratmagunimcha tinchimayman, men buni o‘ldiraman”, deb qarshilik ko‘rsatgan. Odilbekni kaltaklab bo‘lgach, “uni nima qilishni o‘ylab ko‘rish uchun” uyning yerto‘lasiga olib kirib qo‘yishadi.

Soat taxminan 22:00 da Komil, Ibrohim va Abror Mirmahmudovlar hamda Ahmadjon To‘raboyev Surayyo Mirmahmudovaning uyida to‘planadi. Ular hushsiz, kaltaklangan, bosh, qo‘l hamda oyoqlaridan tan jarohatlari olgan ojiz ahvolda yotgan Otajonovni yerto‘ladan olib chiqib, “Jiguli”ning yukxonasiga yuklaydi. Uni “Parkent” kanaliga tashlab yuborish uchun, Bo‘stonliq tumani “Dumaloq” mahallasi hududiga borishadi.

“‘Jiguli’ning yukxonasiga ortilgan Odilbek Otajonovni Ibrohim Mirmahmudov amakivachchasi Abror bilan birgalikda olib tushib, unga avvaldan tayyorlab qo‘yilgan beton bo‘lagini qo‘l va oyoqlariga arqon yordamida bog‘lab, shu holatda ko‘tarib, uni suvga tashlab yuboradi”, — deydi Toshkent viloyati prokuraturasining katta tergovchisi Sanjar Safarov.

Sud hukmi

Tergov natijalariga ko‘ra Surayyo Mirmahmudova va yetti nafar shaxsga Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v”, “j”, “o”, “p” bandlari (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan boshqa biror jinoyatni yashirish yoki uning sodir etilishini osonlashtirish maqsadida bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha gur manfaatlarini ko‘zlagan holda qasddan odam o‘ldirish), 137-moddasi 3-qismi “b” bandi (og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lgan odam o‘g‘irlash), 138-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari (jismoniy azob berib, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli sharoitda saqlagan holda zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan ayblov e’lon qilingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘stonliq tuman sudi 2020-yil 20-oktabrida ushbu ish bo‘yicha hukm chiqargan.

Komil Mirmahmudov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish), 137-moddasi (odam o‘g‘irlash) 3-qismi, 138-moddasi (zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 2-qismi, 164-moddasi (bosqinchilik) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, kodeksning 59-moddasi tartibida 12 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Surayyo Mirmahmudova Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi, 137-moddasi 3-qismi, 138-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, kodeksning 57, 59, 61-moddalari tartibida 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Ibrohim Mirmahmudov Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismi, 137-moddasi 3-qismi, 138-moddasi 2-qismi, 164-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, kodeksning 59-moddasi tartibida 10 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Abror Mirmahmudov Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi, 137-moddasi 3-qismi, 138-moddasi 2-qismi va 164-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, kodeksning 59-moddasi tartibida 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Sud Ahmadjon To‘raboyev, Ahmadjon Rahimberdiyev, Abdukarimov Nodir, Saima Xudoybergenevaga nisbatan ham ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlagan. Ko‘rsatuvda ularga nisbatan tayinlangan jazo tafsilotlari ma’lum qilinmagan.


VIDEONI KO'RISH

Manba: "daryo.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: https://www.youtube.com/embed/MKAfw | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя